Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fazogir Solijon Sharipov: «O‘zga sayyoralarda hayot bor…» (intervyu-monolog)

Fazogir Solijon Sharipov: «O‘zga sayyoralarda hayot bor…» (intervyu-monolog)

Foto: «natalisgame.ru»

Taniqli fazogir Solijon Sharipov 24-avgust kuni 55 yoshni qarshiladi. U bilan bir necha yil oldin Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda ko‘rishib suhbatlashgan edik. Yubiley bahonai sabab bo‘lib, fazogir bilan intervyu-monologni e’tiboringizga havola etmoqdamiz. 

Ilk vazifalar – supur-sidir, mol-hol, bozor-o‘char

Uchuvchi bo‘laman degan orzu to‘rt-besh yoshimda paydo bo‘lgan. Teng-to‘shlarim bilan tog‘u toshda o‘ynab yurgan paytim samolyot pastlab uchib o‘tgan edi. Samolyotni boshqarib ketayotgan uchuvchilarni aniq ko‘rganman o‘shanda. Halloslagancha uyga chopib kelib, onamga samolyot va uchuvchilarni ko‘rganimni hovliqib aytib berganman.

Onam «Sen ham yaxshi o‘qisang, ularga o‘xshab osmonga uchasan», degandilar...

O‘zgandagi oddiy o‘zbek oilasida tug‘ilib o‘sdim. Dadam – qirq hunar egasi, qaysi ish o‘ng kelsa, o‘shani qilib ketavergan. Onam umrini yetti farzand tarbiyasiga bag‘ishlagan bolajon ayol. Dadam oliy ma’lumot olmagan bo‘lsa ham, kitobsevar edi, turli-tuman ilmiy jurnallarga obuna bo‘lardi. Men dunyoni o‘sha jurnallar orqali tanidim. Mutolaa qishloqning chang ko‘chalarida yalangoyoq chopib yurgan bolakay uchun yangi, tilsimlarga boy olamni ochdi. Ish ko‘pligidan ko‘proq kechalari o‘qishga to‘g‘ri kelardi. Dadam koyib bermagunicha, allamahalga dovur ko‘zimni ishqalab kitob-jurnal titkilab o‘tiraverardim.

Maktabni osongina bitirganman. Gazeta-jurnallar ta’sirida dunyoqarashim xiyla kengayib qolgani uchun fanlarning qiyinchiligi yo‘q edi. Uy vazifasini o‘n daqiqada tayyorlardim. Shunaqa tez harakat qilmasam ham bo‘lmasdi-da. Katta akam armiyaga ketgan, ukam hali dastyorlikka yaramaydi, yosh boshim bilan hamma uy yumushlarini qilishim kerak edi. Uy tozalash, mol-holga qarash, bozor-o‘char… gardanimda edi.

Foto: «novosti.re»

Aviatsiya bilim yurti imtihonida yiqilganman...

Bo‘sh qoldim deguncha kutubxonaga chopardim. Aviatsiya, kosmonavtika bo‘yicha kitoblarni bitta qo‘ymay xatm qilganman, qayta-qayta qo‘lga olaverganimdan yod bo‘lib ketgan. Maktabni bitirish arafasi hamma sinfdoshlarim «endi nima qilarkanman»ga tushib qolgan paytda men aniq to‘xtamga kelib bo‘lgandim.

O‘rta ma’lumot shahodatnomasi qo‘lga tegishi bilan Orenburg aviatsiya bilim yurtiga otlandim (birinchi fazogir Yuriy Gagarin shu yerda tahsil olgan). Ammo dastlabki urinish ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Uyga qaytdim. Og‘aynilarim Andijondagi o‘rta maxsus bilim yurtiga hujjat topshirayotgan ekan. Men ham qatordan qolmay deb buxgalterlik yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Shu ixtisoslik bo‘yicha diplom oldim, ammo ayni sohada bir kun ham ishlamadim. Bu orada harbiy xizmatga chaqirib qolishdi. Uzoq Sharqda – harbiy havo kuchlariga qarashli qismda aviamexanik bo‘lib xizmat qildim. Keyin Xarkov oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga o‘qishga kirdim. To‘rt yil uchuvchilik sirlarini o‘rgandim.

Jonibekov bergan saboq

1990 yili Moskvadagi kosmonavtlar markazida tayyorgarlik boshladim, hali fazogirlikka nomzodman. To‘g‘ri, bilim yurtini bitirganman, qo‘limda diplom bor, ammo bu hujjat nomzodlikka o‘tishga yaraydi, xolos. Fazogir bo‘lish uchun esa oldinda igna bilan quduq qazishdan ham og‘ir mehnat kutib turardi. Markazga borgan ilk kunlarim Vladimir Jonibekov bilan uchrashib qoldim. Mashhur kosmonavt bilan hayiqibgina ko‘rishdim. Qisqa tanishuvdan keyin «Uchmoqchimisan?» deb cavol berdi. «Albatta!» dedim qat’iyat bilan. «Atrofingdagi do‘stlaring bilan teng bo‘lsang, hech qachon ucholmaysan. Agar uchishdan umiding bo‘lsa, ulardan bir bosh baland bo‘l!» dedi Vladimir Jonibekov. Qisqa uchrashuv menga qattiq ta’sir qildi. Mashina kalitini burab o‘t oldirasiz-ku, bu gap ham meni shunday harakatga keltirib yubordi...

Foto: «mensjournal.com»

Fazogir qanday sinovlardan o‘tadi?

Fazogirlikka nomzod umumiy kosmonavtlik tayyorgarligini o‘tashi kerak. Bu yuzdan ortiq eksperiment, jismoniy va aqliy sinovlarni o‘z ichiga oladi. Sinovlardan o‘tganlar keyingi bosqichda katta hay’atga imtihon topshiradi. Nomzodlik imtihonini muvaffaqiyatli topshirganlar kosmonavt-sinovchi bo‘ladi. Biroq bu parvozga ruxsat tegdi degani emas. Hammasi shundan keyin boshlanadi. Endi kosmonavt-sinovchi bevosita guruh tarkibida real parvozga hozirlik ko‘radi.

Markazda to‘rt mingga yaqin odam ishlaydi, fazogirlar esa o‘ttiz atrofida. Yuzlab mutaxassis shu bir siqimgina jamoa tegrasida parvona. Uchamiz, parashyutdan sakraymiz, favqulodda holatlarda o‘zimizni sinaymiz, harbiy kemani miridan sirigacha o‘rganamiz. Har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida instruktor.

Beshikdan qabrgacha ilm izla, deyiladi-ku hadisda, kosmonavtning hayoti ham xuddi shunday. Bu orada kiroyi talabadek ilmiy-tadqiqot institutlariga borib, astronomiya, biofizika, tibbiyot va boshqa sohalar bo‘yicha dars olib kelamiz. Ortingizdan psixolog yuradi, har qadamingizni tahlil qiladi. Aqliy va jismoniy mashg‘ulotlar, sinovlar sakkiz yildan o‘n besh yilgacha davom etishi mumkin. Xudoga shukr, o‘n besh yil kutishimga hojat bo‘lmadi, yetti yilda barcha talablarni ado etib, parvozga ruxsat oldim.

1997 yili AQShning «Endeavour» shattli uchishi kerak, amerikalik astronavtlar ekipajiga Rossiyadan ham vakil olinadigan bo‘ldi. Nomzod ingliz tilini mukammal bilishi shart. O‘shanda inglizchani bilishim rosa asqotdi. O‘nga yaqin nomzod orasidan meni tasdiqlashdi. Bo‘lmasa, ro‘yxatda dong‘i ketgan fazogirlar ham bor edi.

Fazoda Yaratganning qudratini teran his qilasiz

Ha, chindan ham shunday: fazoda banda Yaratganning qudratini butun vujudi bilan his qiladi. Pastga qarasangiz, mo‘’jazgina sayyora, chor tomonga qarasangiz – cheksizlik! Biror fotokamera suratga tushira olmaydigan bu manzara fikru xayolingizni ostin-ustun qilib yuboradi. Hayot va borliqning mazmun-mohiyati haqida o‘ylaysiz. Odam dunyoni bilgani sari o‘zligini ham anglab boradi, degan gap to‘g‘ri.

Millionlab musulmonlarni ohanrabo kabi o‘ziga tortadigan Ka’batulloh ko‘rinadi, vaqtni ham qo‘rquvga solgan ehromlar… Yevropaning katta shaharlari tunda boshqacha manzara kasb etadi: shunday charog‘onki, yangi yil archasi deysiz. Ammo Osiyo tomonga o‘tsangiz, zim-ziyo – elektr iqtisod qilinadi-da.

Vaqt tez o‘tayotgandek tuyuladi. Me’yorga ko‘ra 7-8 soat uxlanadi. Ertalabdan turib ishga kirishiladi, kunlar bir siqim, ko‘z ochib yumguncha o‘tadi-ketadi. Kechqurun Yerga qilingan ishlar hisoboti beriladi. Amerika shattlida parvoz o‘n kun davom etgan. «Soyuz TMA-5» ekspeditsiyasi 192 kunga cho‘zilgan. Bundan 12 kuni ochiq fazoda kechdi. Oddiy odamlar uchun ochiq fazoga chiqish romantika bo‘lib ko‘rinadi. Aslida, sarguzashtdek tuyulgan bu jarayonni hayot-mamot kurashi deyish mumkin. Kemadan ochiq fazoga chiqqanda, yuragingiz qinidan chiqqudek bo‘lib ura boshlaydi, ongli qo‘rquvni his qilamiz. Sukunat, jimjitlik, kimsasizlik... Tomirlaringizda qon oqayotganini eshitgandek bo‘lasiz. Muvozanatni ushlab turish uchun maxsus moslama bilan harakatlanasiz, skafandrning og‘irligi 110 kilodan oshadi. Qadamingizni bejo tashlasangiz, tamom, kemaga qaytolmaysiz. Osmon – yiroq, yer – qattiq! Shunday vaziyatda muvozanatni saqlab qolish haqida o‘ylabgina qolmay, belgilangan vazifalarni ham bajarish kerak. Har 45 daqiqada kun chiqib botadi. Atrof yorishgan paytda ishlanadi, qorong‘ilik yopirilib kelgan mahal dam olib turiladi. Biz qora deb ataydigan rang fazoda butkul boshqacha ko‘rinadi.

Foto: «eurasia.expert»

Noma’lum uchuvchi jismlar bormi?

Abdulla Oripovning bir she’rida o‘qigandim, shoir Yerni Quvaning anoriga o‘xshatgan: «Qarshimda Yer sharin suvrati turar, salmog‘i Quvaning anoricha bor...» Ishonchim komilki, shoir fazoga chiqib, Yerni ko‘rish imkoniga ega bo‘lganida bundan ham kutilmagan o‘xshatish topishi aniq edi. Chunki o‘sha holat va kayfiyatni so‘z bilan ifodalash imkonsiz. Deylik, siz gilos yemagan bo‘lsangiz, uni har qancha ta’riflamay, baribir ta’mini his qilolmaysiz-ku.

Ba’zida boshqa sayyoralarda hayot borligiga ishonasizmi, deb so‘rab qolishadi. Men o‘zga sayyoraliklar yoki noma’lum uchuvchi jismlarni ko‘zim bilan ko‘rmaganman. Lekin savqi tabiiy bilan boshqa galaktika va sayyoralarda ham hayot bo‘lsa kerak, deb taxmin qilaman. Eng yaqin yulduzga yorug‘lik tezligida ikki yil uchish kerak, yana ayrim yulduzlarga yetish uchun millionlab yil ketadi. O‘sha olis yulduzlarda odamzod kabi, balki undan ham aqlliroq mavjudotlar borligiga ishongim keladi...

Parvoz payti ikki oy yeguliksiz qolib ketganmiz

Har kuni «forma»da bo‘lish uchun fazoda ham doimiy jismoniy mashqlar qilib turiladi. Aks holda, muskullar bo‘shashib, suyaklar yumshab ketadi. Fazogirlar ovqat o‘rniga tugmadek tabletka bilan jon saqlaydi, deb o‘ylaydi ko‘pchilik. Vitamin va boshqa foydali moddalar bilan quvvatni oshirish uchun tabletka iste’mol qilinadi. Ammo bu asosiy ovqatimiz emas. Xalqaro kosmik stansiyaga Yerdan vaqti-vaqti bilan maxsus qadoqlangan yeguliklar yuboriladi, ularga qaynoq suv qo‘shilsa, besh daqiqada taom tayyor bo‘ladi. Yana, konservalangan mahsulotlar…

Fazoga chiqish ko‘ngilochar sayohat emas. Eng uzoq davom etgan 2004 yilgi parvoz payti ikki oy oziq-ovqatsiz qolib ketganmiz. Yegulik keltiradigan kema kechikkan. Amerikalik hamkasbim bilan bir mayizni teng bo‘lishib yeganmiz, har kuni konserva bankadagi bir osham yegulikka qanoat qilamiz. Non yo‘q, yaxshiki, suvimiz bor...

Fazogirlarga turli ovqatlar taklif qilinadi, ammo odam baribir milliy taomlarni sog‘inadi. Osmonu falakda o‘zbekcha palov yeganmiz, desam ishonasizmi? 1997 yili Amerika shattlida uchishimiz arafasida O‘zganning mashhur guruchidan Xyustonga olib borganman (AQShning fazoviy tadqiqotlar bo‘yicha milliy markazi – NASA qarorgohi shu shaharda joylashgan). Parvoz oldidan palovxonto‘ra damlab, o‘zimiz bilan olib ketdik. Havo kemamiz xalqaro stansiyaga yetib borgach, oshni ekipaj a’zolari bilan baham ko‘rdik. Oshimizning ta’mi amerikalik hamkasblarning ham og‘zida qolgan.

Men uchun eng qiyini...

Hayotda turli qiyinchiliklar, kutilmagan holatlar bo‘ladi, ularga sabr qilasiz. Ammo ba’zida oilaga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilish kerakligi yodga tushadi. O‘tayotgan vaqtingizni o‘ylaysiz, agar boshqa kasbning etagidan tutganimda, balki ko‘proq daromad qilish, oilaviy xarajatlarni qoplash uchun mo‘mayroq pul topish imkoni bo‘larmidi, degan mulohazaga borasiz. Hozirgacha kosmonavtdan millioner chiqmagan… Ammo insoniyat taraqqiyoti, fan ravnaqi uchun nimdir qilayapman, degan ishonch sizga tasalli va kuch beradi, o‘zingizni tetik his qilasiz.

Gohida temir intizom va qat’iy rejimni biroz bo‘lsa-da bo‘shashtirgingiz keladi, biroq bu ham imkonsiz. Fazogirlik kasb emas, hayot tarzi, deyishadi-ku. Ishda ham, uyda ham kosmonavtligingizcha qolasiz.

Motsart effekti

Kosmonavt uchish payti o‘zi bilan cheklangan vaznda buyum olishi mumkin. Men O‘zbekiston va Qirg‘iziston bayrog‘i, o‘zbek do‘ppisi, yaqinlarimning suratlari hamda bir dasta mumtoz kuylarimiz yozilgan disklarni olvolganman.

Rosti, musiqa menga falak ilmidan ham ko‘proq zavqu shavq beradi. Osmonga chiqqanda mumtoz kuylarimizni eshitib, butkul o‘zgacha zavqni tuydim. Umuman, musiqa faqat ma’naviy ozuqa berib qolmay, inson ongiga, miya faoliyatiga ham ijobiy ta’sir etadi. Odam yaxshi kuy eshitganda, genlari faollashadi, oqsil ishlab chiqarish ko‘payadi va bu xotiraning kuchayishiga xizmat qiladi. Motsart effekti nazariyasi bo‘yicha ham musiqa IQ, ya’ni  intellektual salohiyatni ko‘tarishga ko‘mak beradi.

Qahramon bo‘lishdan inson bo‘lish qiyinroq

Odamzodga vaqt deb atalgan bebaho boylik berilgan. U shunday resurski, qayta tiklanmaydi. Choyxonada yonboshlagancha valaqlab, umrini bekorga o‘tkazayotganlarni ko‘rsam, hayron qolaman: nahot bu odamlar hayotga yana qayta kelaman, deb o‘ylasa! Qanday soha, qanday kasbu kor bo‘lmasin, muvaffaqiyatga erishish uchun avvalo, vaqtni to‘g‘ri idora etish lozim. Katta maqsadlarga erishmoqchi bo‘lgan odam oldiga katta talablar qo‘yishni ham bilishi kerak. Asosiysi, ish deb odamgarchilikdan chiqib ketmaslik zarur. Hamisha qahramon bo‘lib yashashning imkoni yo‘qdir, lekin har doim inson bo‘lib qolish mumkin. Bu qahramonlikdan qiyinroq, aslida...

Sobir Salim yozib olgan


Tarjimai holga chizgilar

  • Solijon Sharipov – taniqli o‘zbek kosmonavti, Rossiya Federatsiyasi va Qirg‘iziston Respublikasi Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasining «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, AQShning «Kosmik parvoz uchun» medali sohibi.
  • 1998-yil 23-31-yanvarda Amerikaning «Endeavour» kemasida fazoga parvoz qilgan. 2004 yili «Soyuz TMA-5» havo kemasi komandiri sifatida ikkinchi bor Xalqaro fazoviy stansiyaga chiqqan. 400 soatdan ziyod vaqt davomida ochiq fazoda bo‘lgan.
  • Polkovnik Sharipov ayni vaqtda Rossiya kosmonavtlarni tayyorlash ilmiy-tadqiqot sinov markazida faoliyat yuritmoqda.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring