Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropacha korrupsiya: jinoyat, jazo va... rag‘batlar!

Yevropacha korrupsiya: jinoyat, jazo va... rag‘batlar!

«Hokimiyatni pulga sotib olganlar undan foyda olishni istaydi», degan edi Arastu. Grek faylasufi yashagan davrdan beri qancha suvlar oqib o‘tdi. Ammo korrupsiya bilan bog‘liq muammo o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Boz ustiga unga qarshi kurashda eng samarali qurol ham yaratilmagan.

XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab korrupsiya xalqaro muammolardan biriga aylandi. Bir mamlakatdagi ushbu illat ko‘rinishi ikkinchi davlat bilan bog‘lanib ketdi. Ayni damda korrupsiya xalqaro savdoda milliardlab zarar keltirmoqda.

Mazkur muammo Yevropada ham saqlanib qolayotir. U davlat va hukumat rahbarlari, politsiya va jurnalistlarning doimiy e’tiborida. Tahlilchilarning fikricha, «ko‘hna qit’a»dagi korrupsiya har yili Yevropa iqtisodiyotiga 120 milliard yevro miqdorida zarar yetkazadi.

Yevropa Ittifoqining aksilkorrupsiya agentligi – OLAFning ta’kidlashicha, bu atigi aysbergning yuqori qismi, xolos. Aslida Yevropa mamlakatlari korrupsiya tufayli yiliga 323 milliard yevrodan mahrum bo‘ladi. Korrupsiyaning haqiqiy qamrovini baholashning imkoni yo‘q. YeI mamlakatlari aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, respondentlarning 76 foizi bu illat tobora o‘sib borayotganini qayd etgan. Yevropada eng korrupsiyalashgan mamlakat Gretsiya ekani aytiladi. Undan keyingi o‘rinlarni Italiya, Ispaniya, Litva, Chexiya egallagan.  Yevropada korrupsiyaga qarshi kurashga o‘nlab tashkilotlar jalb qilingan.  

Jahonning turli davlatlarida korrupsiyani bartaraf etiish yo‘lida bir qator samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. 

Shu o‘rinda sharhlovchilar bir ovozdan Singapur tajribasini tez-tez tilga oladilar. Mazkur davlat chorak asr mobaynida uchinchi dunyo mamlakatidan gullab-yashnagan farovon mamlakatga erishdi. Bu maqomga erishishida korrupsiyaga qarshi keskin kurash bosh omil bo‘ldi. O‘tgan asrning  50-yillarida Singapur qashshoq davlat edi. Tabiiy resurslarning yetishmasligi, hatto ichimlik suvining chetdan olib kelinishi davlat idoralarida ildiz otgan korrupsiya oldida arzimas ish bo‘lib ko‘rinardi. Hamma, hatto o‘qituvchilar ham pora olishardi.

Qarangki, Singapur hukumati korrupsiya ustidan g‘alaba qozondi. Bunda, birinchi navbatda, mamlakat rahbariyatining qatiy irodasi muhim ahamiyat kasb etdi. Bosh vazir Li Kuan Yu korrupsiyaga barham berishda o‘z qarindoshlari va hukumatdagi maslakdoshlarini ham ayab o‘tirmadi. Har bir fuqaroning shubhali xatti-harakatlari tekshirildi, aybdorlarga munosib jazo berildi. Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan yangi qonunlar qabul qilindi. Uchinchidan, qonunlarni hayotga tatbiq etish maqsadida amalda cheklanmagan vakolatlarga ega bo‘lgan – Korrupsiya holatlarini tekshirish byurosi tashkil etildi. Byuro bevosita davlat rahbariga bo‘ysunardi, bu o‘z navbatida har bir davlat amaldoriga nisbatan adolatli tergov olib borilishini ta’minladi.

Shu o‘rinda Ruminiya tajribasini ham misol sifatida keltirish mumkin. Bu mamlakat 2007 yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lib kirdi. Bundan avval va keyin ham mamlakatda korrupsiya ildiz otgan edi. Unga qarshi kurash shunchaki ko‘rgazmali bo‘lib, biror bir natija bermasdi. Vaziyatni kuzatib borgan Yevrokomissiya korrupsiyaga qarshi kurashga aralashishga ahd qildi. Ekspertlar 2011 yilda Ruminiya uchun aksilkorrupsiya strategiyasini ishlab chiqdilar va bu loyiha o‘z samarasini berdi. Mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash ikkita idora – Milliy aksilkorrupsiya boshqarmasi va Milliy yaxshilik masalalari agentligiga topshirildi. Bu idoralar 2013 yilda mingdan ortiq ishni sudga topshirdi. Poraxo‘rlikda gumon qilingan o‘nlab vazirlar, elchilar, merlar, politsiya va bojxona xodimlari qo‘lga olindi.

Uzoq yillardan beri Shvetsiya korrupsiyalashgan davlatlar ro‘yxatida emas. Vaholanki, XIX asrga qadar bu mamlakatda poraxo‘rlik odatiy hol edi. Hukumat aralashmasa korrupsiya mamlakatni parokanda qilishi  mumkinligini anglab yetdi. Ammo boshqacha yo‘l tutildi – hech kim jazolanmadi, cheklanmadi va taqiqlanmadi, balki... rag‘batlantirildi. Hammasi adolatli soliqlar, imtiyozlar va subsidiyalar orqali amalga oshirildi. Aksilkorrupsiya strategiyasining hayotga tatbiq etilishida sudlar samarali yordam berdi. Davlat xizmatchilari uchun qatiy axloq me’yorlari belgilandi. Keyingi bosqichda aholi turmush darajasini yuksaltirishga e’tibor qaratildi. Turgan gapki, korrupsiyani butunlay yo‘qotib bo‘lmaydi, vaqt o‘tishi bilan odamlar unga moyillik bildirishi mumkin. Shvetsiyada 2012 yilda korrupsiyaga qarshi yangi qonun qabul qilindi va unga ko‘ra pora olish yoki berish jiddiy jinoyatlar sirasiga kiritildi.

Janubiy Koreyada korrupsiyaga qarshi kurashda ilk qadam 1999 yilda OPEN dasturning ishga tushirilishi bilan boshlandi. Unga ko‘ra, har bir fuqaroning amaldorga murojaati onlayn tizimida nazorat qilinadi. Shu bois hukumat rasmiylari murojaatlarga zudlik bilan munosabat bildirshga majbur bo‘ldi, masalani «ijobiy» hal qilishda pora berish o‘z-o‘zidan imkoniyati yo‘q voqelikka aylandi. 2002 yilda kuchga kirgan «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida»gi qonunga binoan har bir fuqaro har bir amaldor ustidan surishtiruv olib borishni tashkillashtirish huquqiga ega bo‘ldi. Buni rad etishga hech kimning haqqi yo‘q.

Korrupsiya darajasi mamlakat obro‘yi, investitsiyaviy jozibadorligi, iqtisodiy taraqqiyoti, aholi turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu illatga qarshi kurash turli mamlakatlarda turlicha yo‘llar bilan olib boriladi.

Xo‘sh, sayyoramiz burchaklaridagi «qo‘li toza bo‘lmagan» amaldorlarga qarshi qanday choralar ko‘riladi? Mazkur savolga javobni Xitoy misolida olib ko‘rsak, bu mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash dunyodagi eng shafqatsiz ekani aytiladi. 1980 yilda qabul qilingan va 1997 yilda to‘ldirilgan XXR Jinoyat kodeksiga ko‘ra, olgan porasi miqdoriga qarab poraxo‘r turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilishi, umrbod  qamoqqa hukm qilinishi yoki unga o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin. Qatl jarayoni televideniye orqali namoyish etiladi. So‘nggi 15 yilda Xitoyda korrupsiya aybi bilan 13 ming kishi otilgan, 120 mingdan ortiq odam 10 yil va undan ko‘p muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Yaqin Sharq mamlakatlarida ham poraxo‘rlikka qarshi keskin kurash olib boriladi. Ayrim davlatlarda korrupsiya o‘g‘rilikka tenglashtirilgan.  

Korrupsiyaga qarshi kurashda xalqaro tajriba har bir mamlakat uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. Yevropani bu sohada namuna deyish mumkin. Ayni damda Yevropa Ittifoqi yuridik xizmatlari  islohotlar, uslublar va kurash ko‘rinishida aksilkorrupsiya tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Bu masalada Yevropa Ittifoqi davlat muassasalarining faoliyati shaffof bo‘lishi lozimligini ta’kidlab keladi.

Jahon amaliyotlari ko‘rsatib turibdiki, korrupsiyaga qarshi chora ko‘rishda amaldorlarga nisbatan shafqatsiz bo‘lish kerak. Bir qator mamlakatlarda poraxo‘rlik Konstitutsiyani buzish va davlatga xiyonat sifatida ko‘riladi.

Tajribalar ko‘rsatib turibdiki, korrupsiyaga barham berish uchun davlatning qatiy irodasi, samarali qonunlar va to‘laligicha mustaqil bo‘lgan aksilkorrupsiya idorasi kerak ekan. Amaldorlarning korrupsiyaga bog‘liq xatti-harakatlari «yettita muhr ortida» sir bo‘lib qolmasligi, balki keng jamoatchilikka oshkor qilinishi lozim. Korrupsiyaga qarshi qonunni buzgan har qanday amaldor davlat idoralarida ishlash huquqidan mahrum etilishi, ijtimoiy imtiyozlar, masalan, pensiya va ijtimoiy ta’minotdan bebahra qilinishi kerak. Katta miqdorda jarima solish o‘z yo‘liga.

«Korrupsiya» lotincha so‘z bo‘lib, buzuqlik, sotib olish, sotish, parchalanish ma’nolarini anglatadi. Ammo bu ibora o‘z xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgan amaldorlarga, qonun va axloqiy me’yorlarga itoat etmaganlarga nisbatan ishlatiladi. Korrupsiya deganda amaldorlarni sotib olish ham tushuniladi.

Transparency International, Jahon banki va boshqa tashkilotlar korrupsiya deganda hukumat amaldorlari xizmat vakolatlarini o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida suiiste’mol qilganliklarini tushunadi.

Sharofiddin To‘laganov, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring