Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yevropa sut fermasi», xorijda qobiliyatsizlik sababi – Daniyadagi hamyurtimiz bilan suhbat

«Yevropa sut fermasi», xorijda qobiliyatsizlik sababi – Daniyadagi hamyurtimiz bilan suhbat

«Xorijdagi vatandoshlar» loyihasining navbatdagi suhbatdoshi – bir necha yildan buyon Daniya Qirolligida mehnat faoliyatini olib borayotgan Doniyorbek Hamidov.

Qahramonimiz Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. Bakalavr bosqichini Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida o‘qigan. Magistratura bosqchiga ham aynan shu oliygohga qabul qilingan. Biroq xorij tajribasini o‘rganish va dunyo ko‘rish maqsadida tahsilni davom ettirmasdan, qishloq xo‘jaligi sohasida malaka oshirish dasturi bo‘yicha Daniyaga kelgan.

Hozir u mamlakatdagi NewWorkers Consulting firmasida bosh menejer bo‘lib ishlab kelmoqda.

«Yevropa sut fermasi» maqomiga ega

Ochig‘i, Daniyaga kelishimning bir qancha sabablari bor. Xususan, Qirollik – «Yevropa sut fermasi» maqomiga ega davlat. Qishloq xo‘jaligi tizimi yaxshi taraqqiy etgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, butun Yevropa va Osiyo mamlakatlarini qishloq xo‘jaligi sohasida qabul qilishlari oson. Agar talabalikka qabul qilinib, Daniyada yillik malaka oshirmoqchi bo‘lsangiz, 90% holatda viza olishingiz kafolatlanadi. Bir yillik malaka oshirishdan so‘ng o‘zingizni yaxshi ko‘rsatsangiz, ish joyingiz yoki boshqa fermerlar tomonidan sizga ishchi shartnoma (ishchi viza) taqdim etiladi va oylik daromadingiz majburiy ravishda 2.5 baravar oshadi.

Daniya oxirgi yillarda nufuzli nashrlar tomonidan ketma-ket dunyoning eng baxtli mamlakati deya tan olinmoqda. Chunki barcha qonunlar hamma uchun har joyda ishlaydi va bunga xalq ham 100% ishonadi. Bu yerga kelib yashab ko‘rgach o‘zim ham amin bo‘ldim. Hattoki nazorat kameralarini topish qiyin, chunki juda sanoqli joylarda mavjud. Shaxsan o‘zim ham ko‘chalarda haligacha nazorat kameralarini ko‘rmadim.

Umuman, daniyaliklar bir-biriga chin dildan ishonib, o‘zaro hurmat qilishadi.

«Osiyo sut fermasi»ga aylansak bo‘ladi

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun iqlimimiz ideal darajada, deb hisoblayman. Agar daniyaliklar kabi reja asosida tizimli dehqonchilik va chorvachilikka o‘tsak, bemalol «Osiyo sut fermasi»ga aylansak bo‘ladi. Buning uchun ta’lim beruvchi mutaxassislar tanlashda yo‘nalishni o‘zgartirish kerak.

Masalan, qishloq xo‘jaligi ta’lim muassasalarida pedagoglardan ko‘ra, ya’ni asosiy ishi o‘qituvchilik emas, balki ferma, chorva, issiqxona, veterinariya sohasi bo‘lgan insonlar kelib dars berishi lozim. Chunki qishloq xo‘jaligi – eshitib emas, ko‘rib, bajarib o‘rganiladigan soha.

Qolaversa, savolingizdan kelib qo‘shimcha sifatida aytmoqchiman. O‘zbekistonda monopoliya va monopolistik tashkilotlarga tezroq barham berilishini xohlayman. Chunki aynan monopoliya va korrupsiya illatlari davlatimiz rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz haqida yaxshi taassurotlar paydo bo‘lmoqda

Daniyada rosti O‘zbekiston haqida unchalik ko‘p bilishmaydi. Lekin so‘nggi vaqtlar bu yerda o‘zbekistonliklar soni ortib boryapti. O‘ylashimcha, ular orqali daniyaliklar mamlakatimiz haqida yaxshi taassurotga ega bo‘lishmoqda. Boisi bu yerdagi men bilgan va tanigan vatandoshlarimiz – juda mehnatkash. Qaysi sohada ishlayotgan bo‘lishmasin, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib kelishadi.

Tilni yaxshi bilmasangiz, o‘ta qobiliyatsiz hisoblanasiz

Daniyaga kelmoqchi bo‘lganlarga maslahat: bu yerga, albatta, ingliz tilini yaxshi o‘rganib kelishlari zarur. Chunki daniyaliklar uchun ingliz tilida gapirish oddiy hol. Bilishimcha, mamlakat aholisining kamida 80%i uchun ingliz tilida gapirish muammo emas. Shu sabab hech bo‘lmasa tilni yaxshi bilmasangiz, o‘ta qobiliyatsiz hisoblanasiz. Ikkinchi tavsiyam: bu yerga soliqlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lib kelish lozim. Chunki Daniyada soliqlar miqdori yuqori. Ammo bunga mutanosib ravishda hukumat tomonidan fuqarolarga yaratib berilgan sharoitlarni e’tirof etish kerak.

Keyin tish va ko‘zingizda muammo bo‘lsa, albatta davolanib kelishni maslahat beraman. Boisi shu ikkisi pullik, qolgan barchasi sug‘urta va soliqlar hisobiga bepul. Hatto ba’zi daniyaliklar tishlarida muammo bo‘lsa, stomatolog uchun ko‘proq Germaniyaga borib davolanib qaytishadi. Bilishimcha, Germaniyada stomatolog xizmati ancha arzon.

Kutubxonalar bepul

Bo‘sh vaqtimda ko‘proq o‘zbekcha kitoblar o‘qigim keladi. Ammo kitoblarni majburiy ingliz tilida o‘qiyman, chunki elektron kitob o‘qishga sog‘ligimni qizg‘anaman. Kutubxonalar bepul, lekin kitoblar ingliz va mahalliy tillarda.

Bundan tashqari, Telegram’da o‘zimning kichik blog sahifamni yuritaman. Unda mustaqil o‘rganuvchilar uchun ingliz tilidan darslarimni e’lon qilib turaman va ba’zan o‘quvchilar bilan savol javob o‘tkazib turishga ham vaqt topaman.

Kelajakdagi rejalarim O‘zbekistonga qaytib bu yerdagi kompaniya filialini ochish.

Shuningdek, ingliz tili olamida o‘qituvchilik faoliyatimni ham davom ettirmoqchiman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring