Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevropa energetika xaritasida o‘zgarish yasashi kutilayotgan yirik tizim foydalanishga topshirildi

Yevropa energetika xaritasida o‘zgarish yasashi kutilayotgan yirik tizim foydalanishga topshirildi

Bolgariya rahbari R.Radev va Ozarbayjon prezidenti I.Aliyev.

Foto: AZERTAC

1-oktyabr kuni Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida yirik gaz quvuri rasman foydalanishga topshirildi. Gretsiya–Bolgariya quvuri (IGB) Ozarbayjon gazini Yevropaga yetkazishi va ko‘hna qit’a energetika xaritasida o‘zgarish yasashi kutilmoqda.

Yirik inshootning ishga tushirilishida ishtirok etgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev yangi loyiha Yevropaning energetika xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

«Energetika xavfsizligi har bir mamlakat milliy xavfsizligining tarkibiy qismi sanaladi. Dunyodagi hozirgi geosiyosiy vaziyat buni yana bir karra tasdiqlamoqda», — degan Ilhom Aliyev. 

Ozarbayjon rahbari uning mamlakati Yevropaga gaz yetkazish borasida ishonchli hamkor bo‘lib qolishini qayd etgan.

O‘tgan yili Ozarbayjon xorijga 19 milliard kubometr gaz eksport qilgan bo‘lsa, uning 8,2 milliardi Yevropa hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu yil esa Yevropaga gaz yetkazish ko‘rsatkichi 11,5 milliard kubometrga oshirilmoqda.

Gaz yetkazish tizimining ochilish marosimida qatnashgan Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen endilikda Bolgariya va Janubi-Sharqiy Yevropada yangi davr boshlanayotganini ta’kidlagan.

«Bunday loyihalar tufayli Yevropa qishda yetarli gazga ega bo‘ladi. Biz mazkur maqsad ro‘yobi yo‘lida o‘tgan oylarda qattiq mehnat qildik. Rossiya gazidan voz kechib, ishonchli hamkor topish yo‘lida qadam tashladik»,dedi Yevrokomissiya rahbari.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini sabab Yevropa gaz ta’minotida muammolar yuzaga kelishi xavfi ortmoqda. Shu sabab ko‘hna qit’a muqobil gaz ta’minoti yo‘llarini qidirmoqda. Bu borada esa Ozarbayjon maqbul variantlardan biri o‘laroq ko‘rilmoqda.

Yevropa mintaqa davlatlari bilan hamkorlikda, Rossiyaga qaramlikni kamaytirish maqsadida, Janubiy gaz koridori loyihasini amalga oshirmoqda. Mazkur yirik loyiha Janubiy Kavkaz (SCP), Transanatoliya (TANAP) hamda Transadriatika (TAP) kabi uch yirik gaz yetkazish tizimini birlashtiradi. Ozarbayjondan Italiya qadar, 3500 kilometrga cho‘zilgan gaz quvurlari Yevropaning energetika xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Joriy yil 18-iyul kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen energetika sohasida strategik hamkorlikka oid anglashuv memorandumini imzolagani haqida xabar bergandik.

Yangi bitimga muvofiq Janubiy koridor orqali Yevropaga gaz yetkazish hajmi 2027-yilda 20 milliard kubometrgacha oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident I.Aliyev Ispaniya matbuotiga bergan intervyusida Ozarbayjonning tasdiqlangan tabiiy gaz zaxirasi 2,6 trillion kubometr ekani, bu ichki va tashqi ehtiyoj uchun kamida 100 yilga yetishini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring