Eronda «bahor» boshlanadi(mi?)
Eski yilning oxiriyu yangi yilning boshlanishi Eron uchun u qadar xayrli kechmadi. Zotan so‘nggi haftada ushbu mamlakatda yuz bergan taloto‘plar hamon jahon hamjamiyati diqqat markazida turibdi.
Katta mamlakatning katta muammosi
Eron Janubi-g‘arbiy Osiyodagi eng yirik va qudratli davlatlardan ekanini hech kim inkor etmaydi. Sakson millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan bu davlat mintaqadagi nisbatan tinch va barqaror o‘lkalardan sanalib kelgan. Ko‘pgina G‘arb tahlilchilarining fikricha, kuchli siyosiy rejim, mustahkam xavfsizlik nazorati mamlakatdagi barqarorlikni ushlab turibdi xolos. Zotan, Eron aholisining etnik tarkibi, diniy qarashlari, siyosiy maslaklarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining 60 foizidan ko‘prog‘ini forsiylar, qolgan qismini ozarboyjon, kurd, lur, beluj, arab, turkman va boshqa millat vakillari tashkil etadi. Shuningdek, aholining 85 foizi shialar, 10 foizga yaqini sunniylar, qolgani esa nasroniylar, yahudiylar, zardo‘shtiylar va boshqalardan iborat.
Mamlakat asosan shia yo‘nalishidagi shariat ahkomlari asosida boshqariladi. Ko‘pgina teokratik davlatlarda bo‘lganidek, Eronda ham dunyoviy boshqaruv tizimi tarafdorlari, turli diniy cheklovlarni yoqtirmaydiganlar topiladi. Shu bilan boshqa millat vakillari orasida markaziy hukumatga nisbatan norozi kayfiyatda yuradiganlar ham yo‘q emas.
1979-yilgi islom inqilobidan keyin G‘arb davlatlari tomonidan Eronga nisbatan o‘rnatilgan sanksiyalar hali-hanuz to‘la olib tashlangani yo‘q. Mamlakatda ishsizlik 12 foizdan oshadi, yoshlar o‘rtasida bu ko‘rsatkich bundan ikki barobar yuqori. Eronning amaldagi prezidenti Hasan Ruhoniyning islohotlari inflyasiyaning pasayishiga yordam berdi, ammo ko‘pgina mahsulotlar narxi ko‘tarildi. Jumladan, tuxumlar narxi ikki barobarga oshdi.
Garchi, mamlakatda ishlab chiqarish yetarlicha rivojlangan, iqtisodiy salohiyatiga ko‘ra, Eron Osiyo qit’asida yettinchi o‘rinda tursa-da, mamlakatda bu borada muammolar hamon yuqoriligicha qolayotir.
Kim do‘st-u kim raqib?
Erondagi islom inqilobi mamlakat qiyofasi bilan birga dunyo ahlining unga bo‘lgan munosabatini ham mutlaqo o‘zgartirib yuborgandi. Eron hukumati o‘n yillardan beri AQSh va Isroilni o‘zining ashaddiy dushmani deb biladi va ushbu mamlakatlarga qarshi tashviqot olib boradi.
Saudiya Arabistoni hukumatining shialarga qarshi siyosati Eron rasmiylarida tashvish uyg‘otmoqda. 2014-yilda mazkur arab davlatining Yaman xusiylariga nisbatan qurolli harakatlariga ham birinchilardan bo‘lib Eron hukumati qarshi chiqqandi.
Suriyada 2011-yilda boshlangan fuqarolik urushida ham Eron hukumati Rossiya bilan bir qatorda Bashar Asad boshchiligidagi hukumat kuchlarini qo‘llab-quvvatlab kelayotir. Bu esa Yaqin Sharqda o‘z mavqeini mustahkamlashga urinayotgan G‘arb davlatlari, xususan, AQShga ma’qul kelmasligi tabiiy.
Albatta, ichki muammolari yetarli bo‘lib turgan bir paytda hukumatning Livan, Falastin, Suriya, Yaman singari hududlardagi nizolarga aralashishi mamlakatdagi ayrim muxolif kuchlarning ham noroziligini keltirib chiqargan.
Bugungi kunda Eronning eng kuchli iqtisodiy hamkorlari sifatida Rossiya va Xitoy tilga olinadi. Ammo ayrim ekspertlar Suriyada Eron va Rossiya ishtirokidagi kuchlarning g‘alabasidan so‘ng, ushbu mamlakatda mazkur ittifoqchilarning manfaatlari kesishishi va do‘stona aloqalar so‘roq ostida qolishini taxmin qilishmoqda.
O‘zi nima bo‘lgandi?
2017-yilning 28-dekabr kuni Eronning ikkinchi yirik shahri — Mashhadda tinch namoyishchilar mamlakatdagi ishsizlik, ijtimoiy tengsizlik, qashshoqlik, narxlarning asossiz oshib borishi singari holatlarga o‘z noroziliklarini bildirib chiqishdi.
Keyingi kunlari mazkur namoyishlar Isfahon, Rasht, Tehron singari yirik shaharlarga ham yoyildi. Namoyishchilar orasida talabalar, ishchilar, ayollar, hatto xorijiy mamlakatlar fuqarolari ham borligi aytilmoqda.
Namoyishchilar iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bir qatorda mamlakatning tashqi siyosatiga ham norozilik bildirgan. Ular hukumatdan Suriya va Yamandagi mojarolarga aralashuvni to‘xtatishga chaqirishgan. Korrupsiyada ayblov, davlat budjetini talon-taroj qilish, harbiylarning iqtisodiy masalalarga aralashuvi kabi masalalar ham sabab sifatida ko‘rsatilyapti.
Har qanday ommaviy namoyishlarga nisbatan keskin munosabatda bo‘lib kelgan Eron hukumati bu gal ham namoyishchilarga nisbatan keskin choralarni ko‘rdi. Namoyishchilar va huquq-tartibot organlari vakillari o‘rtasida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar natijasida 20 nafarga yaqin inson nobud bo‘ldi. Mazkur namoyishlar va ommaviy tartibsizliklarda qatnashgan 450 kishi hibsga olingan.
Ommaviy namoyishlar 2009-yili ham kuzatilgan, o‘shanda Tehron, Tabriz va Isfahonda odamlar saylovdagi soxtakorliklardan norozilik bildirib ko‘chaga chiqishgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarni nega yopishdi?
Tehron vitse-gubernatori so‘zlariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab bir necha kunlik namoyishlarda 450 kishi hibsga olingan. Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, qo‘lga olinganlarning 90 foizi 25 yoshdan oshmaydi.
Namoyishlarning yangi to‘lqini ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida kuchaydi. Eronda, ayniqsa, «Telegram» tarmog‘idan ommaviy foydalaniladi. Biroq 31-dekabr kuni hukumat «Telegram» va «Instagram»ni qulflab qo‘ydi. Bu haqida «Telegram» asoschisi Pavel Durov ham ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarning yopib qo‘yilishi hatto AQSh Prezidenti Dold Trampning ham e’tiboridan chsetda qolmadi. U «Tvitter»dagi sahifasida mesenjerlarning yopib qo‘yilishi Eron rejimining navbatdagi zo‘ravonligi sifatida baholadi.
Namoyishlar paytida internetga kirish kuniga bir necha bor yopib qo‘yilgan. Eron aloqa va kommunikatsiyalar vaziri Muhammad Javod Ozariyning aytishicha, faqat notinchlik yanada kengayib ketmasligi uchun vaqtincha ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar faoliyatiga to‘siq qo‘yilgan. IRNA axborot agentligining yozishicha, Eron hududida internet va ijtimoiy tarmoqlar, «Telegram» va «Instagram» messenjerlari 5-yanvardan boshlab to‘liq ishlay boshlaydi.
Ichki va tashqi omillar
Ommaviy namoyishlar avjiga chiqqan shaharlarning ko‘pchiligi Eronning eng kambag‘al shaharlari hisoblanadi. Tehron vitse-gubernatori so‘zlariga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab bir necha kunlik namoyishlarda 450 kishi hibsga olingan. Eron ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, qo‘lga olinganlarning 90 foizi 25 yoshdan oshmaydi.
Garchi namoyishlar bir muncha tinchigan bo‘lsa-da, eronlik rasmiylar ushbu hatti-harakatlarda asosan tashqi kuchlarni ayblamoqda. Mamlakatdagi mavjud muammolarni hukumat rasmiylari ham inkor etishmayapti. Xususan Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mazkur namoyishlarga aynan mamlakat ichidagi muammolar sabab bo‘lganini bayon qildi.
Eron Islom Inqilobi posbonlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Ali Ja’fariy davlat dushmanlarining mazkur urinishi omadsizlikka uchraganini bildirdi. Uning fikricha, namoyishchilarning umumi soni 15 ming kishidan oshmagan va bu Eron hukumati tarafdorlari oldidan daryodan tomchi xolos.
Qo‘mondon ushbu haratkatlarda rasmiy Vashington, Tel-aviv va Ar-Riyodning qo‘li borligini aytdi. Uning fikricha, AQSh, Isroil va Saudiya Arabistonining ko‘rsatmalariga binoan «Islom davlati» terroristik tashkilotining Suriya va iroqdan quvilgan jangarilari qo‘poruchili harakatlarini davom ettirish uchun Eron hududiga suqilib kirmoqchi bo‘lishgan.
Jahon bo‘ylab aks-sado
Mazkur namoyishlar dunyoning eng yirik tashkilotlari va davlat rahbarlarining ham e’tiborini tortdi. Jumladan, BMT Bosh kotibi Antonik Guterresh Eron hukumatini tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishga chaqirdi.
Ayrim siyosiy sharhlovchilar Eronda bo‘layotgan ommaviy namoyishlarni faqat iqtisodiy sabablarga bog‘lashmayapti. Buning ortida tashqi siyosiy kuchlarning ta’siri yotgani ham bayon qilinmoqda. Ayniqsa, AQSh prezidenti Donald Trampning bayonoti bunday talqin tarafdorlari sonini ancha oshirib yubordi.
Ma’lumki, namoyishlardan bir necha hafta ilgari AQSh rahbari Eronni sayyoramizda insoniyat xavfsizligiga rahna soluvchi eng muhim o‘choqlardan biri ekanini aytgandi. Mazkur namoyishlar boshlangach, Tramp ijtimoiy tarmoqlar orqali bir necha bor ushbu vaziyatga o‘z mulohazalarini bildirdi.
«Men Eron hukumatiga qarshi kurashayotgan eronliklarga o‘z hurmatimni bildiraman, AQSh vaqti kelsa, ularga beminnat yordam ko‘rsatadi», deb yozdi AQSh prezidenti. Uning bunday xitoblari ortidan Eron rahbari Trampni ikkiyuzlamachilik va noxolislikda aybladi.
Xorijdagi vatandoshlar kim tomonda?
Erondagi bu namoyishlar mamlakat tashqarisida yashovchi eronliklarni ham befarq qoldirmadi.
Masalan, Berlin markazida Erondagi namoyishchilarni dastaklash maqsadida o‘nlab eronlik qochoqlar to‘planishdi. Ular mamlakat qamoqxonalarda saqlanayotgan siyosiy mahbuslarga qattiq bosimlar o‘tkazilayotganini iddao qilishdi.
Eronning Rimdagi elchixonasi oldida ham ko‘p yillardan beri Eron Islom Respublikasiga qarshi kurash olib borayotgan «Mujohidini xalq» harakatining 30 nafar vakili to‘plangan va ular qatllar hamda Ruhoniy hukumatiga qarshi shiorlarni ko‘tarib chiqishgan.
Londondagi elchixona qarshisida esa eronlik monarxiya tarafdorlari pahlaviylar sulolasidan bo‘lgan shahzoda Rizo Kir Pahlaviyni taxtga o‘tqazish talabi bilan chiqishgan. Eslatib o‘tamiz, 1979-yilgi inqilobdan keyin Muhammad Rizo Pahlaviy avval Marokashga, keyin Misrga qochib ketgan va 1980-yilda Qohirada vafolt etgan. Uning katta o‘g‘li 57 yoshli Rizo Kir Pahlaviy ayni paytda AQShda istiqomat qiladi.
Eron xalqi hukumatga qarshi emas
Eron Islom Respublikasining oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy namoyishlar boshlanganidan buyon birinchi marta vaziyatga izoh berdi.
«Oxirgi kunlarda Eron dushmanlari Islom Respublikasida muammo yuzaga keltirish uchun har xil vositalardan, jumladan pul, qurol, siyosat va josuslikdan foydalanishdi», — dedi Xomanaiy.
Hukumatga qarshi mitinglar to‘lqini biroz pasaytirilgach, mamlakat bo‘ylab, Luriston, Xuziston Ilam, Markaziy, Qum, Kirmonshoh, Guliston viloyatlarida hukumatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida minglab eronliklar safarbar etilgan.
Eron bayroqlari va mamlakat oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiyning suratlarini ko‘tarib chiqqan odamlar vatan va millat dushmanlarini qoralovchi shiorlarni aytib qichqirishdi.
Mazkur harakatlar bo‘yicha bayonot bergan Prezident Ruhoniy hukumati ishchizlik, inflyasiya va ekologiya muammolarini bartaraf etish uchun ikki baravar ko‘proq kuch sarflashiga va’da bergan.
Xullas, bir qator mahalliy va xorijiy tahlilchilarga ko‘ra, endi xavf-xatar ortda qolgan, hukumat mamlakatdagi vaziyatni to‘liq o‘z nazoratiga olgan. Binobarin, ko‘pchilik kutganidek» «Eron bahori» boshlanishi haqidagi mish-mishlar asossiz. Biz ham shunga umid qilib qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter