Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eng zo‘r to‘rtlik. Ijtimoiy tarmoqlardagi deputatlarimiz

Eng zo‘r to‘rtlik. Ijtimoiy tarmoqlardagi deputatlarimiz

Oliy Majlis deputatlari Rasul Kusherbayev, Qodir Jo‘rayev, Abdurashid Abduqodirov va Akmal Umrzoqovlar.

Foto: «Xabar.uz»

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis deputatlariga ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochib, faol bo‘lishlari borasida ko‘rsatma berganiga ham to‘liq bir yil bo‘ldi. «O‘zA» nashri muxbiri Anora Sodiqova deputatlarning shu bir yil ichida ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini tahlil qildi.

120 ga yaqin deputat orasida internet sahifalarida ba’zilari faol, yana kimlardir kamnamo va hatto nomiga ro‘yxatdan o‘tgan xalq vakillari ham topiladi. Qolaversa, bir yil ichida deputatlar feysbukdagi sahifalari orqali bir qancha internet saytlari uchun «qaynoq» mavzularga mualliflik qilmoqdalar. Yana qaysidir deputatlar olamshumul janjal manbaiga ham aylanib ulgurishdi.

Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy tarmoqlardagi faol deputatlar ozmi-ko‘pmi o‘z-fikr mulohazalari, munosabatlari bilan jamoatchilikda bahs-munozara uyg‘otishga turtki bo‘lmoqdalar. Bir yil kichik muddat emas. Demak, «g‘alvirni suvdan ko‘taramiz». Qaysi xalq vakillari ijtimoiy tarmoqda faol va qanday o‘zgarishlar qilishga erishdi?

TADBIRBOZLIKDAN ChARChAMADINGIZMI?..

Aksariyat deputatlar o‘z sahifalarida tadbirlardan lavhalar joylashda juda faol. Lekin hurmatli, Oliy Majlis vakillari biz TV orqali tadbirlarni kuzatishdan charchaganmiz. Bizga biroz rahm qiling. Iloji bo‘lsa, sahifangizga «konkret» masalalarning yechimini yoki muhokamasini joylang. «Falon mavzu bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi», kabi ikki og‘iz gap va uch-to‘rtta surat bilan xalqni aldab bo‘lmaydi. «O‘rganish ishlari olib borildi», «Tushuntirish ishlari olib borilmoqda», «Davra suhbati o‘tkazildi» kabi «mag‘zava» gaplar bilan to‘ldirilgan sahifalar odamlar uchun qiziq emas.

Oliy Majlis deputatlari Ilhom Abdullayev, Abdurahim Qurbonov, Mavluda Xodjayeva, Ibrohim Xodjiyev, Zulayho Akramova, Tursunpo‘lat Norboyevlar sahifalari asosan ana shunday tadbir va majlislar mavzusi bilan to‘ldirilgan. Yil davomida ularning ayni bir mavzuga bo‘lgan munosabatlarini kuzatmadik.

Biroq Ibrohim Xodjayev, Abdug‘ani Umirov, Shuhrat Sharafutdinov, Rasul Kusherbayev, Qodir Jo‘rayev, Rashid Qodirov, Jamshid Pirmatov, Akmal Umrzoqov, Akmal Burhonov, Muharram Dadaxodjayevalarning qishloqma-qishloq tunu kun xalq orasida odamlarning muammolarini o‘rganib yurganlari aks etgan suratlarini kuzatish mumkin.

Yana deputatlarning uyma-uy ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga sovg‘a ulashib yurganliklari haqida ham sahifalarida fotodalillar ko‘p. Biroq savol tug‘iladi: sovg‘a ulashish bilan muammoni hal etish mumkinmi? Nazarimizda, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarga sovg‘a ulashish emas, balki ularni ish yoki o‘qish bilan ta’minlash lozim. Ularga doimiy daromad olishga imkoniyat yaratish lozim emasmi? (Odatdagi nafaqadan tashqari)

DEPUTATNI XALQ TANIYAPTIMI?

Ijtimoiy tarmoqdagi deputatlar sahifasini tahlil qilar ekanmiz, Oliy Majlis deputatlari Rasul Kusherbayev, Qodir Jo‘rayev, Abdurashid Abduqodirov va Akmal Umrzoqovlarni eng zo‘r to‘rtlik deb tan olish mumkin. Ushbu ismlari zikr etilgan xalq vakillari yil davomida ba’zi qonun osti hujjatlarni qayta ko‘rib chiqishga undadilar, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan har bir mavzuda fikr-mulohazalar bildirishdi, lo‘nda qilib aytganda, xalq dardini Oliy Majlis devorlari ortiga olib kirdilar.

QODIR JO‘RAYEV, RASUL KUShERBAYEV, ABDURASHID ABDUQODIROV

Oliy Majlis deputatlari Qodir Jo‘rayev va Rasul Kusherbayev yuridik shaxslarga tegishli har ikki yilda avtomobil haydovchilarining malakasini oshirish bo‘yicha va malaka oshirish birgina firmaga tegishli ekanligini ko‘rsatuvchi 2017-yil 4-sentyabrdagi Vazirlar Mahkamasining qarorini antimonopol qonunchilik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha deputatlik so‘rovini yo‘lladilar. Eng ahamiyatlisi, qarorni biroz bo‘lsa-da o‘zgartirishga erishdilar.

Rasul Kusherbayev ijtimoiy tarmoqlar orqali «Mening yurtim» telekanali orqali sayilgohdagi sevishganlarni efirga uzatilishiga ham keskin munosabat bildirdi. Shuningdek, u TV orqali uzatilayotgan ko‘rsatuv va kinolarga 16, 18+ belgilarini qo‘yish va chilim, energetik ichimliklarni cheklash bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirgan va uni qonun darajasiga olib chiqishga erishdi.

Rasul Kusherbayev har yili o‘tkazilib kelinadigan «Oltin qalam» milliy mukofoti bo‘yicha ham tanqidiy qarashini ijtimoiy tarmoq orqali bo‘lishgan. U yana majlisbozlikni kamaytirish borasida ham bir qancha «postlar» yozib boradi. Kusherbayevning o‘nggi shov-shuvli chiqishlaridan biri — deputat Abdurashid Abduqodirov bilan birgalikda Oliy o‘quv yurtlarining to‘lov-kontraktlarining oshirilishiga qarshi chiqqanligi bo‘ldi. Ularning bu munosabatlari tufayli tez orada masala ijobiy hal bo‘lsa, ajab emas.

QODIR JO‘RAYEV

Oliy Majlis deputati Qodir Jo‘rayevni ham yuqorida keltirganimizdek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-iyuldagi qaroriga keskin qarshi chiqqani jamoatchilikda keng muhokamaga sabab bo‘lgandi. Umuman, yil davomida Qodir Jo‘rayev bir qancha bu kabi «post»lar qoldirgan. Xususan, jahon chempionatida Ravshan Ermatovga rossiyalik sharhlovchi tomonidan qilingan haqoratga ham befarq bo‘lmadi. Deputat «Je suis «Ravshan Irmatov»! sarlavhasi ostida Utkinga «iliq fikr»lar qoldirgan.

Deputat Qodir Jo‘rayevning sahifasida O‘zbekistonning tashqi siyosatiga sharhlar bilan ham tanishish mumkin. Xulosa qilib aytganda, bu deputat ham kundalik dolzarb mavzular va xalq dardiga befarq emas.

ABDURAShID ABDUQODIROV

Oliy Majlis deputati Abdurashid Abduqodirovning feysbukdagi sahifasi «Rashid Qodirov» nomi bilan yuritiladi. U o‘qituvchi bo‘lgani sabablimi, ko‘pincha ta’lim sohasida fikr-mulohazalar, yangiliklar bilan sahifasini to‘ldirib boradi. Qizig‘i, uning «post»lari anchagina dolzarb. Maktablarda bir sinfda o‘quvchilarning 40-45 nafardan oshib ketishiga munosabat, o‘quv yilining boshlanishi avgustga ko‘chirilishi va eng asosiysi, Oliy o‘quv yurtlarida to‘lov-kontrakt puli oshirilishining tanqidi va takliflari jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi. Rashid Qodirov o‘qituvchi va hamshiralarning obodonlashtirish ishlariga jalb qilinishiga ham keskin qarshi chiqqan va «bu sohaga ajratilayotgan mablag‘lar qayerga ketayapti», degan savolni o‘rtaga tashlagan jasur deputatlardandir.

QIZIQIShLAR, FUTBOL, SAYOHAT....

Feysbukdagi sahifalar orqali Oliy Majlis deputatlarining shaxsiy hayotlaridagi qiziqish xobbilari haqida ham bir qancha ma’lumot olishga erishdik. Misol uchun: Ilhom Abdullayev jiddiy mavzularda «post» qoldirmagan bo‘lsa-da, 2018-yil jahon chempionati uning eng sevimli Italiya terma jamoasisiz o‘tayotganini bildirgan. Shuhrat Sharafutdinovning sahifasi ham uni yaxshigina futbol ishqibozi ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Oliy Majlis deputati Akmal Burhonov o‘z sahifasini o‘zbek va ingliz tilida boshqarishi ham tahsinga loyiq, biroq uning sahifasida ham ijtimoiy hayotimizdagi dolzarb mavzularga bo‘lgan munosabatlarni kuzatmaysiz.

Deputatlardan Rashid Qodirov o‘z sahifasida shunday so‘zlarni qoldirgandi: «Internet tezligi kattaligidan unga yetib bo‘lmayapti». Internet tezligi pastligiga sha’ma qilgan deputat so‘zlarini zamonga ham qiyoslash mumkin. Bugun ijtimoiy hayotda bo‘layotgan o‘zgarishlar shu qadar shiddatliki, ularga ko‘pgina deputatlar munosabat bildirib ulgura olmayaptilar. Buni vaqt yetishmasligi bilan oqlash mumkinmikan yoki bu ularning shunchaki befarqligimi? Balki aksariyat deputatlar o‘z taklif va mulohazalari bilan chiqmasdan yuqoridan buyruq kutishga o‘rganib qolgandirlar?! Majlis va tadbirlarni yoritib borishdan tashqari, Oliy Majlis deputatlaridan Rashid Qodirov, Qodir Jo‘rayevning takliflari kabi yangiliklarni kutib qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring