Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chechen qo‘mondoni asir tushgan millatdoshlarini qutqarishdan bosh tortdi

Chechen qo‘mondoni asir tushgan millatdoshlarini qutqarishdan bosh tortdi

Rossiya gvardiyasi tarkibidagi «Axmat» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni, general-mayor Apti Alaudinov Ukraina qurolli kuchlariga ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lgan, jumladan, Kursk yo‘nalishida asir tushgan chechenlarni qutqarish uchun harakat qilmasligini ma’lum qildi.

So‘nggi kunlarda Ukraina tomoni ijozati bilan asirlikdagi chechenlar qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni qutqarishlarini iltimos qilgan. Chechen generaliga ko‘ra esa, jangsiz taslim bo‘lgan millatdoshlari hatto yashashga ham haqli emas.

«Chechenlar asrlar mobaynida asirga tushishni o‘zi uchun katta isnod deb bilgan. Chechen bunday sharmandalikni faqat qon bilan yuvishi mumkin, xolos. Ixtiyoriy ravishda asirga tushganlar, sizlarni qutqarish uchun harakat qilishimni kutib xomtama bo‘lmanglar! Qo‘lingizni ko‘tarib, zaifalardek taslim bo‘lgach, qanday bosh ko‘tarib yurasizlar?!» – degan Apti Alaudinov.

Ayni paytda Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarining bosh harbiy-siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimini ham egallab turgan general Alaudinov ixtiyoriy ravishda asir tushgan chechenlar Ukrainaga siylov ekanini ta’kidlagan.

DW nashri A.Alaudinov hozirga qadar Kursk viloyati uchun janglarda chechen askarlari Ukraina harbiylariga asir tushganini rad etib kelganiga e’tibor qaratgan.

Avval xabar berganimizdek, Ukraina harbiy bo‘linmalari joriy yil 6 avgust kuni kutilmaganda Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga ko‘ra, Kursk viloyatidagi 92 ta aholi punkti yoki 1250 kvadrat kilometrdan ortiq hudud Kiyev nazoratiga o‘tgan.

Kursk hududidagi janglarda Ukraina tomoni 100 dan ziyod rus harbiy xizmatchisini asir olgani, bu bir vaqtning o‘zida asirga olingan eng ko‘p sonli rus harbiylari ekani xabar qilingan. Ular orasida “Axmat” bo‘linmasi a’zolari ko‘p ekani aytilgan.

24 avgust kuni Rossiya Kursk viloyatida asirga olingan 115 nafar harbiy xizmatchini asirlikdan qaytargan. Ukraina ham ayni shuncha askarini vataniga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring