Avstraliya — Xitoy: sovuq munosabatlar qaynoq pallasiga chiqmoqda
Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison kuchli va aqlli siyosatchiligi sir emas, ammo uning o‘ta mukammal siyosati ortida «sun’iy intellektlar» yo‘qmi degan xayolga borish mumkin. «Morrison hokimiyatda turgan ikki yil davomida birmuncha opportunistik siyosatni amalga oshirdi», degan ayblovni qo‘ymoqda Xitoy OAVlari. Aslini olganda, Xitoyga Avstraliyaga o‘xshagan noqulay raqib kerak emas, bitta lekini bor faqat...
AQSh borgan sari Xitoy bilan siyosiy va iqtisodiy jabha yetakchiligi uchun kurashda qiynalib qolmoqda. AQSh siyosatdonlari vaziyatni to‘g‘ri tushunib, o‘zlari uchun qulay, qulay bo‘lganda ham o‘zining keng obro‘siga ega davlat kerak edi. Avstraliya AQSh istaganidan ham ortiqroq «jekpot» aslida.
Morrisonning davrida AQSh bilan munosabatlar juda yaxshilandi. Ustiga-ustak qirolicha Britaniyasi «Breksit»dan aziyat chekayotgan bir davrda ingliz tilida so‘zlashuvchi bu davlatlarning yaqinlashishi ajoyib uyg‘unlashuv sifatida baholanishi lozim.
Avstraliya shu tariqa Xitoyni o‘ziga raqib qilib oldi. AQSh Avstraliya orqali Xitoyni siquvga olmoqchi bo‘layotgan bo‘lsa, Xitoy biryo‘la butun amerikaparastlar bilan kurashga kirishga qaror qilmoqda. Maqolada Xitoy va Avstraliyaning yaqin kelajakdagi taxminiy harakatlari, o‘zaro qarama-qarshiligiga sabablar va natijalar tahlil qilinadi.
1
Xitoy siyosiy, iqtisodiy va pandemiya inqirozi davrida ham tez iqtisodiy o‘sishni saqlab qolmoqda. Dastlab iqtisodiy o‘sish Xitoyni Avstraliya uchun asosiy savdo va sarmoyaviy sherikka aylantiradi hamda uning muvaffaqiyati Pekinga mintaqaviy va global ishlarda o‘z pozitsiyasini tasdiqlash imkonini taqdim eta boshladi. Biroq, shu bilan birga, maoizm mafkurasining tanazzuli, mintaqaviy va ijtimoiy tengsizlikning kuchayishi, Kommunistik partiyaning odamlar kundalik hayoti ustidan nazoratining pasayishi, Partiya zo‘ravonlik siyosatining kengayib borishi yaqin kelajakdagi Xitoy bilan munosabatlarning sovuqlashishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Xitoyning agressiya siyosati boshlanishini mutaxassislar Den Syaopinning o‘limi va partiyadagi bo‘linishlar kuchayib, vorislikning qiyin davrini boshdan kechirishi bilan bog‘lashmoqda. «Zamonaviy Xitoy me’mori» hisoblangan Den Syaopindan so‘ng Xitoy o‘ta rivojlanib ketganligi partiyaviy muammolar yo‘qligini anglatmaydi. Doktor Stefan Sherlokka ko‘ra, agar partiyaviy vorislik buzg‘unchi, ayniqsa, qurolli kuchlarning qo‘llab-quvvatlashidan foydalanadigan, ashaddiy millatchilikka murojaat qiladigan fashistik rahbariyat paydo bo‘lishiga olib keladigan bo‘lsa, Xitoyning yanada tajovuzkor tashqi siyosati rivojlanishi mumkin. Xitoy agressiyasi Ikkinchi jahon urushi davridagi nemis siyosatiga monand bo‘lmoqda, deydi analitiklar.
Avstraliya-Xitoy munosabatlarida an’anaviy ravishda global geosiyosiy va strategik muammolar hukmron bo‘lib kelgan, ammo 1980-yillardan beri ikki mamlakat bir qator umumiy ikki tomonlama va mintaqaviy manfaatlarni, shu jumladan mustahkam iqtisodiy aloqalarni o‘rnatgandilar. Shunga qaramay, o‘sib borayotgan geosiyosiy kuch sifatida Xitoy «yanada ko‘proq» istayotgani ham sir emas. Xususan, «Karib inqirozi» davrida sotsialistik Kubaning tug‘ilishi g‘ashiga tekkanidek, endi Xitoyning tumshug‘i tagidagi Avstraliya «ashaddiy dushman» bilan «ishqiy munosabat»ga kirishishi turgan gapki, AQShga yoqmadi. Avstraliyaning Xitoy bilan munosabatlari AQSh-Xitoy munosabatlarining kalitiga aylanib borishiga yo‘l ochdi.
Umuman olganda, Xitoy va Avstraliyaning o‘zaro munosabatlari birinchi bor inqirozga uchragayotgani yo‘q. 1996-yilda bu ikki mamlakat jiddiy bahslashib qolgandi: Avstraliyaning Xitoy-AQSh siyosiy tarozisidagi o‘zgacha muvozanati hali bugungidek rivojlanmagan Xitoyni qattiq ranjitgan edi.
O‘shandan boshlab Avstraliya siyosati AQShni qo‘llab-quvvatlaydigan va Xitoyga nisbatan unchalik do‘stona bo‘lmagan tomonga o‘zgargan, deyiladi yetakchi nashrlar tahlilchilari sharhlarida. O‘sha paytlarda, Tayvan saylovlari chog‘ida Xitoyning raketa sinovlariga javoban AQSh Tayvan bo‘g‘oziga dengiz kuchlarini yuborganida Avstraliya qo‘llab-quvvatlagani kutilmagan hodisa bo‘lgani hech kimning xotirasidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.
Xalqaro munosabatlarda Xitoy o‘ziga qaratilgan tanqidlarni dunyo miqyosidagi asosiy o‘yinchilari orasida o‘z o‘rnini egallashiga yo‘l qo‘ymaslik, deb hisoblaydi va bunda turgan gapki, AQShni aybdor sifatida ko‘radi. Avstraliyaning bunday vaziyatdagi opportunistik siyosati (siyosiy vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolishga urinishi) Xitoyda «kengurular vataniga» nisbatan salbiy munosabatlarni uyg‘otdi.
2
Xitoy bilan aloqalar Avstraliya tashqi siyosatining muhim jihatlaridan biri bo‘lishi kerak edi. Sababi oddiy: Avstraliya har qanaqasiga olganda ham, ko‘proq orolni esga soladi, haqiqiy qit’ada tashqarida, qit’aga kirishi eshiklari Chin davlatidan boshlanadi. Xitoyga nisbatan birinchi otilgan toshlar 1996-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Tayvan prezidentlik saylovlari paytida uning Tayvan bo‘g‘ozidagi harbiy mashg‘ulotlariga, shuningdek 1996 yil iyul oyida Avstraliyaning AQSh bilan mudofaa aloqalarini yangilashi bo‘ldi. Xitoy buni o‘ziga nisbatan haqorat deb qabul qildi. Va munosib javob berishga harakat qildi. Tayvanga birlamchi sanoat vaziri janob Andersonning tashrifi va Avstraliyaning Tayvanga uran sotishi mumkinligi haqidagi muzokaralarni tanqid qildi, 1996-yil aprel oyida Avstraliya hukumati Xitoyga yordam dasturining bir qismini qisqartirishga qaror qilishi esa o‘rtadagi rishtalarga qo‘yilgan olovni yanada alangalatib yubordi.
O‘zaro munosabatlar sovuqlashib borayotganidan xavotirlangan Govard 1996-yil noyabr oyida Avstraliya koalitsion hukumati saylangandan keyin Xitoy siyosatini tanqid qilmasligiga va’da berib, xitoyliklarni o‘zaro hamkorlikda ishlashga chaqirdi. Xullas, Govard sixni ham kabobni ham saqlab qola oldi.
Koalitsion yangi hukumat Xitoy bilan yaxshi aloqalarga kirishishi kerak edi. Ammo hammasi o‘ylangandek bo‘lib chiqmadi. Yangi hukumat tashqi siyosiy kun tartibining bir qismi Avstraliyaning AQSh bilan xavfsizlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish qilib belgilandi. AUSMIN muzokaralarida (Avstraliya-AQSh) ikki mamlakat xavfsizlik to‘g‘risidagi yangi deklaratsiyani imzoladi va qo‘shma mashg‘ulotlar doirasini, shu jumladan, AQSh xodimlarining Avstraliya hududida muntazam ishtirokini kengaytirishga kelishib oldilar. Xullas, Xitoyning ishi ko‘payadigan bo‘ldi. Bir narsani yaxshi tushunish kerakki, Xitoyning AQSh bilan munosabatlari qiymati qiymati boshqa davlatlar bilan bo‘ladigan konfliktlardan bir bosh baland turadi.
Xitoyning «People Daily» gazetasi o‘sha paytda vaziyatni shunday baholagandi: AQSh mudofaa vaziri Uilyam Jeyms Perri Yaponiya va Avstraliyani AQShning Osiyodagi xavfsizlik choralarining shimoliy va janubiy tayanchlari deb biladi. AQSh Xitoy bilan raqobatlashish uchun Yaponiya va Avstraliyadan foydalanishi, albatta, mantiqan to‘g‘ri pozitsiya edi, ammo Xitoy bu vaziyatda na Yaponiyani, na Avstraliyani «jon qo‘shni» qilib olib qololmadi yoki olib qolishni istamadi.
«People Daily» sharhida AQSh «Sovuq urush»ni qayta qo‘zg‘ayotgani, Yaponiya va Avstraliya uning gumashtalari ekani yozilgandi. Doktor Stefen Sherlok «People Daily» sharhi aksilamerikacha kayfiyatda yozilganini ta’kidlash barobarida, o‘zi ham Avstraliyadan Vashington o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishidan qo‘rqishini yashirmagan.
3
Shu yil boshida Xitoyning koronavirus pandemiyasi sharoitidagi ilk xatti-harakatlaridan global g‘azab kuchayib borayotgan bir paytda, Avstraliya bu virusning kelib chiqishini rasmiy tekshirishga chaqirgan birinchi mamlakatlar qatorida edi. Avstraliyaning bu qarorga kelishini Xitoy o‘ziga nisbatan haqorat deb qabul qildi. Rasmiy Pekin kim virusning kelib chiqishidan shubha qilayotgan bo‘lsa, ularga darg‘azab javob qaytara boshladi.
Masalan, Kanberra «pandemiyaga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni buzishi mumkin bo‘lgan «o‘ta mas’uliyatsiz» harakatlarda ayblandi. Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasida mustaqil tekshiruvni o‘tkazishga chaqirgan rezolyusiya bilan tinchlantirish siyosatiga o‘tgan bo‘lsa ham, Xitoy unutmadi.
So‘nggi oylarda Xitoy Avstraliyani savdo tariflarini tushirib yuborish bilan jazolashni boshladi.
Umuman olganda, Xitoy tashqi siyosatda yuksak salohiyatga va tajribaga ega davlat. Avstraliya bilan kelishmay qolgach, raqibiga nafaqat iqtisodiy, balki ma’nan ta’sir o‘tkazishni ham boshlab yubordi. Xususan, xitoylik diplomatlar Avstraliya ommaviy axborot vositalariga Pekinning Kanberraga shikoyatlari ro‘yxatini taqdim etgani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqaldi. «ABC News»ning ma’lumotlariga asoslanadigan bo‘lsak, xitoyliklar avstraliyaliklarni:
- xitoylik investitsiyalarni nohaq to‘sib qo‘yish,
- Xitoyning koronavirusga qarshi javoblari to‘g‘risida «dezinformatsiya» tarqatish,
- Pekindagi xakerlikni nohaq ayblash
- Shinjon, Tayvan va Gonkongda «tinimsiz istaksiz aralashuv» bilan shug‘ullanish
kabi nojoiz harakatlarda ayblagan. Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison «Biz o‘z manfaatlarimizga muvofiq o‘z qonunlarimizni va qoidalarimizni belgilaymiz», dedi. «Hech qanday boshqa millatning buyrug‘i bilan emas, xoh AQSh bo‘lsin, xoh Xitoy yoki boshqa birov». Morrisonning bunday keskinligi tahlilchilar tomonidan hayrat bilan qabul qilindi. Hatto vaziyatni «mushtlashuv diplomatiyasi» deb atashdi.
«Agar biz ommaviy axborot vositalarining og‘zini berkitishga, fikr markazlarimizni o‘zgartirishga, strategik aktivlarimizni sotishga va «COVID-19» ning kelib chiqishi haqida gapirishga tayyor bo‘lsak, barchasini tuzatish mumkin», dedi Kristofer Jerald Ulmann («Nine News» siyosiy muharriri) Xitoy qo‘ygan ayblovlarga fikr bildira turib.
«Tvitter»da ushbu hujjatga munosabat bildirayotgan Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili «butun dunyo millatlarining aksari Avstraliyani qo‘llab-quvvatlashini» qistirib o‘tdi.
Olti yil oldin Xitoy rahbari Si Szinpin «Xitoy va Avstraliya o‘rtasidagi bepoyon xayrixohlik ummoni»ni olqishlagan edi. Biroq, Pekin diplomatik va iqtisodiy jihatdan kuchayib borishi va dunyodagi asosiy oqimga aylanish yo‘lida Avstraliyaning to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lishi munosabatlarni yomonlashtirib yubordi.
Avstraliya strategik siyosat institutining milliy xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi Maykl Shoyebrijning aytishicha, Kanberraning Pekin bilan munosabati strategik, harbiy, kiber, texnologik usullaridan agressiv ravishda yondashish bilan o‘zgargan.
4
Buyuk Britaniya hanuz dunyodagi Kanada, JAR, Hindiston, Avstraliya kabi kuchli davlatlarga katta ta’sir o‘tkazadi. Ammo bir savol tug‘iladi: «Qirolicha Britaniyasi Avstraliyani deb, Xitoyga qarshi chiqadimi?»
Buyuk Britaniya, «Breksit»dan so‘ng savdo kelishuvlariga erishmay turib, dunyoning eng kuchli davlatlaridan biriga nisbatan siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy bosim o‘tkazishga kuchi yetadimi?
Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Tom Tugendhat Avstraliya bilan chuqur birdamligini bildirganligi OAVlarda tarqaldi. Avstraliya bilan birdamlik Buyuk Britaniyaga qimmatga tushishi mumkin, negaki, Buyuk Britaniya tashqi savdosida Xitoyning ulushi katta — inglizlar «Next-Brexit»dan keyingi muzokaralarni ham o‘ylab qo‘yishsa chakki bo‘lmasdi. Avstraliya OAVlari esa Britaniyaning kichik munosabatini keng tarzda yoritishga urg‘u berdi. Bu katta ehtimol bilan yaqinlashib kelayotgan Kanberra-Pekin qarama-qarshiligida Avstraliyaning yolg‘izlanib qolmasligi uchun.
Bunga javoban Xitoy Avstraliya tovarlarining aksariyati importini amalda taqiqladi, shu bilan birga, davlat ommaviy axborot vositalari va tashqi ishlar vazirligi aksilavstraliya pozitsiyalari egallashdi.
Kanberra esa o‘z diplomatik o‘yinini kuchaytirmoqda. Bu ishlar aslida so‘nggi dekadada avj olgan edi. Biroq shu paytgacha bu siyosatning maqsadi yashirin edi. Endi ma’lum bo‘lyaptiki, bu Sharqiy Osiyodagi yirik qarama-qarshiliklarda Xitoyning zarbalariga munosib turib berish uchun qilingan ishlar. Avstraliya XX asr oxiriga nisbatan oxirgi o‘n yil davomida o‘z harbiy kuchlari uchun muhim resurslarni yaratdi. Avstraliya harbiy jihatdan ham Xitoydan kam bo‘lgisi kelmadi.
Shu oyning boshida Germaniya mudofaa vaziri Annegret Kramp-Karrenbauer o‘z mamlakatining Avstraliya dengiz flotiga harbiy ofitserlarni tayinlashdan manfaatdorligi haqida gapirdi, chunki ikkala davlat ham Hind-Tinch okeanidagi xavfsizlik muammolarini birgalikda hal qilishga majbur bo‘lishadi. So‘nggi bir necha yil ichida Avstraliya va Fransiya o‘zlarining mudofaa munosabatlarini chuqurlashtirdilar, prezident Emmanuel Makron boshchiligida, Kanberra va Nyu-Dehlini Hind-Tinch okeani asosiy himoyachilari deb hisoblashdi; shu yilning sentyabr oyida uzoq vaqtdan beri taklif qilingan uch tomonlama Avstraliya-Fransiya-Hindiston muloqotining birinchi qismi bo‘lib o‘tdi. Katta ehtimol bilan bu ikki davlat ham Avstraliyani qo‘llab quvvatlaydi.
Fransiya va Germaniyadan farqli o‘laroq, Buyuk Britaniya Hindiston-Tinch okeani strategiyasini rasmiy ravishda qabul qilmagan. «Brexit»dan so‘ng Yevropa ittifoqi bilan munosabatlar inqirozga kirgach, Osiyo Britaniyaning yangi sheriklari bo‘lishi kutilayotgandi, biroq hali ham Osiyodagi faolligi kam. Buyuk Britaniyaning Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va AQShni o‘z ichiga olgan «Five Eyes» razvedka ittifoqi ham bu qarama-qarshilikda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, Avstraliya Xitoy uchun «chaqilmas yong‘oq» bo‘lishi mumkin. Ko‘p tomonlama bu davlatlar dunyodagi eng ilg‘or hisoblanadi. Bu qarama-qarshilik ikki davlat uchun ham manfaatli emas aslida. Qarama-qarshilik qanchalik chuqurlashib borsa, zarar ham oshib boraveradi. Munosabatlar ham chigallashib ketmoqda. Yaxshilikka bo‘lsin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter