Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

Alvido, Britaniya...mi?! (tahliliy maqola)

Alvido, Britaniya...mi?! (tahliliy maqola)

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng parchalanib, Birlashgan Qirollikka aylanib qolgan Britaniya yaxlitligi xavf ostida.

Buyuk Britaniya so‘nggi besh asrdagi eng qudratli imperiyalardan biri edi. O‘z vaqtida (1913- yil) dunyoning chorak qismiga hukmini o‘tkazgan imperiya hududlarida 412 million kishi yashagan.

Qadimda barcha raqiblaridan bir bosh ustun bo‘lgan «boqiy shahar» — Rimga qiyosan Britaniya «boqiy imperiya» nomiga mutlaqo munosib hisoblanardi. Rimni varvarlar qulatdi, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng parchalanib, Birlashgan Qirollikka aylanib qolgan Britaniya yaxlitligi hanuz xavf ostida. Bu safar vaziyat jiddiy.

Buyuk Britaniya yoki Birlashgan Qirollik

Buyuk Britaniya va Birlashgan Qirollik nomlari ko‘pincha bir-birining o‘rnida ishlatiladi. Ular aslida sinonim emas. Britaniya – Yevropaning shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘idagi orollar guruhi bo‘lib, eng kattasi Britaniya va Irlandiyadir. O‘rta asrlarda Angliya nomi Fransiyaning hozirgi Bretan deb nomlanuvchi kichik qismiga ham tegishli edi. Bu nom 1707-yilgacha Angliya va Shotlandiya Buyuk Britaniya Qirolligi sifatida birlashtirilgunga qadar rasmiy ahamiyatga ega bo‘lmagan.

Irlandiya XIII asrdan buyon ingliz mustamlakasi bo‘lib, Buyuk Britaniya paydo bo‘lganidan keyin ham shu toj ta’sirida qoldi. 1801-yilda Buyuk Britaniya rasmiy ravishda yagona siyosiy birlikka aylanib, 1922-yilgacha davom etdi. Tez orada Irlandiya suveren respublika, ajralib chiqmagan irlandlar va Buyuk Britaniya esa Birlashgan Qirollik degan rasmiy nomni oldi.

Buyuk Britaniya geografik atama bo‘lib, Britaniya nomli orolni anglatadi. Birlashgan Qirollik esa Angliya, Shotlandiya va Uelsdan tashkil topgan qismi uchun siyosiy atamadir. Afsuski, ko‘pchilik ikki tushunchani farqlay olishmaydi. Xususan, bizda Britaniya nomi ko‘proq ishlatiladi.

Shimoliy Irlandiya – birinchi «qochqin»!

«Birlashgan Irlandiya» bugun paydo bo‘lib qolgan orzu emas. Orol bo‘linganidan bir asr o‘tgach, birlashish muhim masala sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda. Irlandiya Respublikasining «Shinn Feyn» («Biz o‘zimiz») partiyasi 2025-yilgacha Irlandiya birligi uchun ovoz berishga chaqirdi. Buyuk Britaniyaning YeI bilan ajralishi ikki irland xalqining birlashish jarayonini yanada oldinga surib yubordi. Bu janub uchun ham, shimol uchun ham zaruriyatga aylanib qoldi. Irlandiya orolining bo‘linishini shimollik irlandlar istashgandi. Biroq o‘sha hududda asosan britaniyaliklar yashaganini ham istisno qilmaslik kerak. Prinsipial jihatdan qo‘llab-quvvatlatlanayotgan tinch yo‘l bilan birlashish Irlandiya konstitutsiyasida belgilangan. Agar Shimoliy Irlandiya birlashishga ovoz bersa, u avtomatik ravishda YeI tarkibiga kirishi kerak. YeIga yana bir a’zoning naqdligi Britaniyadan «qasos» olishiga imkon yaratishi va birlashtirish jarayonini tezlashtirishi mumkin.

Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirollikdan qochishni rejalashtirgan ilk «qochqin» deyishimiz mumkin. Shotlandiya va Uelsdan farqli ravishda, Shimoliy Irlandiyaning Birlashgan Qirollikni tark etishi osonroqdek, nazarimizda. Tayyor davlatchilik tuzilmasi bor Irlandiya Respublikasi Shimoliy Irlandiyani harbiy, strukturaviy, hukumat qurilishi kabi katta mablag‘ talab qiluvchi sohalardan ozod qiladi.

«Ozodlik»: Sheryurak qaytdi!

Real voqealarga asoslangan «Sheryurak» filmini ko‘rgansiz: bu voqea 1297-yilning bahorida sodir bo‘lgan. Oradan deyarli 725 yil o‘tib yana mustaqillik dolzarb masala sifatida ko‘tarilmoqda. 2014 yilda hammasi qaytatdan boshlandi...

«Kasalini yashirsa, isitmasi oshkor qiladi», deganlaridek Shotlandiya birinchi vaziri, SNP (Shotlandiya milliy partiyasi) rahbari Nikola Fergyuson Sterjen va Birlashgan Qirollik Bosh vaziri hamda Konservativ partiya rahbari Boris Jonson pandemiya paytida qarama-qarshi uslublardan foydalandilar. Pandemiya va «Breksit» millatning qonidagi «ozodlik» qonini qo‘zg‘atgani oydinlashmoqda.

«Breksit» referendumi Britan siyosiy hayotini butkul o‘zgartirib yubordi. Shotlandiyadagi 62 foiz saylovchilarning qarshiliklariga qaramay, Yevropa Ittifoqini tark etishi eski konstitutsiyaviy munozaralarga yangi hayot bag‘ishladi. Britan siyosatchilari shu darajada YeIdan chiqib ketishga tirishishdiki, uning oqibatlarini yetarli o‘ylab ko‘rmadilar. Natijada ittifoqsiz ham yashash mumkinligiga Shimoliy Irlandiya va Shotlandiyaning ishonchi tobora ortib bordi.

Shotlandiyaliklar tarixda hali hech qachon bugungichalik mustaqillikka intilish kayfiyatida bo‘lgan emas. Ijtimoiy so‘rovnomalarda ko‘rindiki, mustaqillikni qo‘llab-quvvatlash 2020-yili 50 foizdan yuqoriladi. Bu vaziyatda masalaning yana bir tarafi — siyosiy boshqaruvning muvozanatlashuvi. Shotlandiya 1979 yilda konservator Margaret Tetcher bosh vazir bo‘lganidan keyingi 11 ta umumiy saylovning 3 tasida hukumatni tuzgan. Buni shotlandlar o‘z siyosiy salohiyati uchun haqorat deb bilishadi.

Shotlandlarning 2014-yildagi ozodlikka harakatlari Yevroittifoqda qolish va’dasi bilan bostirilgan haqida taxminlar bor. Va’dadan ikki yil o‘tgach, ingliz siyosatdonlari referendum o‘tkazib, Britaniyani YeIdan ajratib olishdi. Nafaqat dunyo, balki Buyuk Britaniya tarkibidagi Shotlandiya ham «Breksit»ni hazm qila olmayapti.

Kuzatuvchilar Shotlandiyada «britaniyalik» tushunchasining inqirozini payqashgan. Ikkinchi jahon urushidan beri ilk marotaba orolda vatanparvarlik hissi eng past ko‘rsatkichga tushib qoldi. Imperiyaning ikkinchi shahri bo‘lgan Edinburgda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, konstitutsiyaviy munozarada «milliy o‘ziga xoslik muhim bo‘lishi kerak» degan tushunchani juda ko‘pchilik rad etdi.

Shotland siyosatchilari «Breksit» Shotlandiyani siyosiy beqarorlik va jiddiy iqtisodiy muammolarga duchor qilganini ta’kidlab, uni «juda halokatli» deb ta’riflaydilar. «Breksit»dan so‘ng Britaniyada qilinishi kerak bo‘lgan islohotlarga esa shotlandlar yetarli darajada ishonishmayapti. Agar Buyuk Britaniyani tark etishsa, o‘n yil yoki undan ko‘proq inqiroziy holatga duchor bo‘lishadi. Asosiy savol esa shunday: Shotlandiya mustaqillikka tayyormi?

«Ozodlik» referendumi bo‘ladimi?

SNPning 2011-yilgi saylovlaridagi tashabbusi bilan har qanday yirik siyosiy loyihalar Buyuk Britaniya parlamentining roziligida qabul qilinadi. Siyosiy fikr markazlarida qayd etilishicha, Boris Jonson «so‘nggi nafasigacha» Shotlandiyada «Ozodlik» referendumi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

«Aslida, bu ittifoqni rozilik asosida, qonun kuchiga asoslangan holda o‘zgartirishi mumkin...», — ta’kidlaydi Oksford universitetining Blavatnik hukumat maktabi professori. Shotlandiya Birlashgan Qirollikdan chiqib ketgach, iqtisodiy va siyosiy jihatdan suyanish uchun Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkin. Ammo Ittifoqqa kirishdagi nizomga ko‘ra, hududiy jihatdan muammolari bo‘lmasligi kerak. Agar Birlashgan Qirollikning siyosatdonlari xalqaro maydonda norozilik bildirsalar, YeIdan quruq qolib ketishi ham mumkin.

Shotlandiyada aksariyat odamlar Yevropa safiga qaytmoqchi, ammo shimoli-sharqda yevroskeptizm hali ham qaynoqligicha qolmoqda. Shotland saylovchilari «Breksit»da qolishni 62 foiz ma’qullagan bo‘lsa, Buyuk Britaniya bo‘ylab umumiy 48 foiz ko‘rsatkich qayd etildi. Bu Edinburgning Buyuk Britaniya va uning konservativ hukumatisiz o‘z kelajagini yaratishi kerakligini anglatib qo‘ydi.

2014-yilgi «Ozodlik» referendumi, Sterjen xonimning so‘zlari bilan, butun shotland avlodida bir marta paydo bo‘ladigan imkoniyat edi. Boris Jonsonning fikricha esa, boshqa referendum 40 yil davomida o‘tkazilmasligi kerak. Boz ustida 6 maydagi parlamentga saylovlarda ham Shotlandiya Milliy partiyasi g‘alaba qozondi.

(Davomi bor)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring