«Alvasti yutar chakalakzordan nari yur, bolam!»
Qishlog‘imizning hu-uv chekkasida hech kim yaqin yo‘lolmas chakalakzor bo‘lardi. Bunda saksovullarga chirmashib ketgan baland-baland yovvoyi o‘t-o‘lanlar, mingudevona, tikanu jangallar kishi ko‘ziga uzoqdan ham vahm solib turardi.
Buvimning aytishlaricha, u joyni alvasti, ziyonu zahmatlar makon qilib olgan, har xil tovush va ingroqlar eshitilar ekan. U yerga qadam bosgan kishi yo shol, yoki telba bo‘lib, vasvasaga chalinib qolarmish. Bu, albatta, afsona... lekin shunday bo‘lsa ham u yerga odamlar yaqin yo‘lashga cho‘chishini hali-haligacha eslayman.
1982 yillar... Bir kuni nima ham bo‘ldiyu, ukam bilan qo‘y-qo‘zilarni o‘tlatgani shu chakalakzor yonidan o‘tishimizga to‘g‘ri kelib qoldi. Kun ayni peshin. Quyosh tikka tushgan payt. Issiq. Ikkimiz ham yuragimizni hovuchlagancha chakalakzor yonidan pusi-ib, nafassiz o‘tishga chog‘landik. Ukam ko‘zlarini «chirt» yumgancha ikki qulog‘ini kaftlari bilan ushlab olgan. Men ham shu ko‘yi.
«Opa, yana ko‘zlaringni ochma, chakalakzorga qarama!» — dedi asta shivirlab. Ozgina yurgach, nimagadir, kulgim qistadi. Qaysarligim tutibmi, kaftlarimni qulog‘imdan oldim, ko‘zlarimni ochdim. Chakalakzorga qarab, bir zum qotib qoldim. Haqiqatan, shu qadar vahimali ediki, quyosh tikka bo‘lsa-da, chakalakzor ichi qop-qorong‘u. Qo‘rqinchli. Shundoq qo‘llarimni cho‘zsam bas, tikanu jangallarda shilinib, jarohatlanishi turgan gap. Lekin buvim aytganining teskarisi: hech qanday tovush, ingroq, va vahmali sas yo‘q. Sokin. Yuragimdan hadik ko‘chdi. Botirlandim. Yovvoyi o‘t-o‘lanlar chirmashiq saksovullar oralab, ichkarilab ketishni istab qoldim. Qiziqishlarim tobora ustun kelardi. Ukam ancha ilgarilab ketgan. «Nima bo‘lsa bo‘lar»ga ukamga sezdirmay, chakalakzorga kirdim. Bo‘yimdan baland tikanu jangallarni qo‘llarimdagi tayoq bilan urib-surib, chakalakzor o‘rtasiga kelib qolganimni bilmay ham qolibman. Tirsaklarimdan tizzillab oqayotgan qonni ko‘rib ham jonim achishmadi. Men buvim aytgan «alvasti»ni izlardim.
Bir payt ukamning meni «yo‘qotib» qo‘yib, qo‘rqib qolgudek holatda chinqirib yig‘lagan ovozi eshitildi. Jonholatda chakalakzordan chiqish uchun o‘zimni orqaga urdim. Oyog‘im pechakgulga chirmashdi. Gursillab chaqir tikanak ustiga yiqildim. Qo‘l-betlarim tilindi. Kovushlarim chilma-teshik bo‘ldi. Sho‘r tuproq qontalash kaftlarimni battar achishtirardi. Ukam qo‘rqib ketmasligi uchun chakalakzor orasidan ovoz chiqarmay, qutilib chiqishga harakat qilardim. Yo‘q. Harchand urinmay, hayhotday chakalakzor ichidan ko‘maksiz chiqib keta olmadim. Meni ancha qidirgan ukam «opamni chakalakzor alvastilari yutib qo‘ydi»ga chiqarib, qishloqqa qarab chopgan ekan...
... Hammayog‘im shilingan, qontalash va qo‘rquvdan titrab qolganim ko‘yi meni «alvasti yutar chakalakzor»dan olib chiqishgandi o‘shanda... O‘sha-o‘sha «Alvasti yutar chakalakzordan nari yur, bolam!» - deya jovraydigan buvijonimning so‘zlarini ikki qilmaydigan bo‘ldim.
Ha, bolaligim xotiralarida qolgan «Alvasti yutar chakalakzor» xuddi bugungi internet makonlarga qiyos...
Bugun qishlog‘imizda alvasti yutar chakalakzordan asar ham qolmagan. Uning o‘rnida peshtoqida katta-katta harflar bilan yozib qo‘yilgan «Internetklub» qad rostlagan. Qishlog‘imizning bugungi bolalarini bobo-buvilari «Internetklubga yaqin yo‘lama, izdan chiqasan, o‘zligingni unutasan, bolam!» — demaydi.
Hozirgi bolalar cho‘chishmaydi. Hozirgi bolalar «alvasti»larni yanchishadi! Dahshatli dinozavrlarni burdalashadi! Tikanu jangallarda qo‘l-betlari shilinmaydi, ammo taffakkurlari siyqalashib, garmonal immunitetlari buzilib, aqlan zaiflashib borishlarini, hatto, o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Bolaligimizdagi singari chakalakzorlarda bugun bir-ikki kishi emas, million-million bolalar virtual hayot chakalakzorlarida yo‘qolib bormoqda. Alvasti... yo‘q-yo‘q, bahaybat internet tuzog‘i ularning Vaqt, Kuch va Hissiyotlarini yamlamay yutmoqda.
Akbar Rustamov, Buxoro viloyati hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi:
«Insoniyatning kundalik hayotiga ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri soatma-soat, daqiqama-daqiqa ortib bormoqda. Ulardan tarqalayotgan xabar va ma’lumotlar odamlar uchun shu qadar qadrli bo‘lmoqdaki, hatto, tong saharda ko‘zni ochiboq, ularni o‘qishga tushamiz. Lekin puch xayollar olami virtual muloqot, deb odob chegarasidan, haqiqiy voqelikdan ham voz kechmaslik kerak. Aksar hollarda ijtimoiy tarmoqlar odamlarni ishdan chalg‘itmoqda, oila tinchligini buzmoqda. Bir qarashda, zohiran bularda muloqot va do‘stlik borga o‘xshaydi. Hatto, odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zlarining birinchi muhabbatlarini izlashga tushib ketishgani g‘oyatda achinarli. Ko‘p oilalarda er yoki xotinning ijtimoiy tarmoqlardan voz kecha olmayotgani bois, turmushlari buzilib ketmoqda, rishtalar uzilmoqda. O‘tgan asrda odamlar bir-birlariga mehmonlarga borishar, kino va teatrlarga tushishar edi. Bog‘ va xiyobonlarda o‘tirishar, kutubxonalarga tashrif qilib turishar edi. Biroq, endi go‘yo bular muhim bo‘lmay qolgan. Hamma narsa o‘z me’yorida bo‘lishi kerak».
Gulnora Samiyeva, Prezident administratsiyasi huzuridagi AOKAning Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i:
«To‘g‘ri, jahon internet ijtimoiy tarmoqlarida o‘tirganlarning hammasi birday borbo‘yi bilan virtual olam ta’siriga tushib qolgan, deya olmaymiz, albatta. Kun voqeligini boricha bayon etayotgan, turli ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga molik masalalarni yechishga hissa ko‘shayotgan disskussion gruppalar, milliy urf-odat, qadriyat va an’analarimiz ko‘rinishlarini dunyoga ko‘z-ko‘z etayotgan ijtimoiy tarmoqlar xizmatlari ham talay. Ularni qo‘llab-quvvatlash, qamrovi kengayishida ko‘maklashish kerak. Zero, ijtimoiy tarmoqlar – insonning o‘z oldiga qo‘ygan ma’lum vazifalarini osonlashtiruvchi bir vosita, xolos. Lekin undan haddan oshgan tarzdagi «Tanishuv olami», «Juftlik ko‘zgusi», «Maroqli suhbat o‘choqlari» hayotdagi yirtiqlar uchun yamoq kabi foydalanishdir. Shunday ekan, yamoqlarsiz yashab ko‘rish, yengil-yelpi munosabatlarga chek qo‘yish muhimdir».
Shavkat Rahmonov, Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i:
«Virtual dunyodagi hayot – qaysidir ma’noda qaramlikni keltirib chiqaradi. Seni yaxshi ko‘rishadi va sen voqealar qaynagan joyning qoq o‘rtasidasan, go‘yo. Ammo, kompyuter yoki so‘nggi modeldagi qo‘l telefoni o‘chishi bilan, virtual hayotdan uzoqlashadi. O‘shanda inson bunday hayot faqat monitoringda joylashganini tushuna boshlaydi. Virtual hayot – haqiqiy hayotni o‘g‘irlab qo‘yayotganini anglaydi. Ammo, o‘ylab ko‘raylik, virtual hayot chinakam hayot uchun hech qanday ijtimoiy ahamiyat kasb etmaydi».
Bugun yoshu keksa o‘rtasida chakalakzordagi alvastining xayollari vasvasasida qolgandek «druzya»larining «layk» tugmachalarni bosib yuborishi uchun turli ko‘rinishdagi suratlarni tarmoqlarga joylashtirish, arzimas virtual maqtov, layklar va smayliklarga mukka ketish, bema’ni-beta’sir so‘zlar bilan «sms»lashishlar haqiqiy dunyoning yolg‘onlarga qorishiq virtual olam bilan o‘rin almashishiga olib bormoqda.
Ijtimoiy tarmoqlar kishi shaxsiy hayotini buzishga kirishyaptimi, yohud oila tinchligi uchun rahna solyaptimi, undan darhol voz kechish lozim. Odatiy shariatga zid kelmagan holdagi tanishuv mentalitetimizga zidligini, muloqotlar virtual munosabatlarni kuchaytirib, haqiqiy hayot chegarasini yo‘qotib qo‘yishini unutmaslik lozim.
Yuqorida aytilgandek, virtual olam chakalakzorida adashib, internet otlig‘ yovuz «alvastilar» changaliga tushib qolishdan ehtiyot bo‘lish kun talabi. Zero, uning ortida terrorizm, aqidaparastlik, diniy ekstremizm va odam savdosi singari qora girdob yashiringan. Yoshu keksaning qarash va e’tiqodlarini bir xilda chalkashtirib tashlayotgan «druzya»larni alvastizorlardan emas, haqiqiy hayotdan izlashi lozim.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter