Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«2023-yilning eng qaynoq mavzusi» — Bill Geyts bilan suhbat

«2023-yilning eng qaynoq mavzusi» — Bill Geyts bilan suhbat

Foto: Forbes

Forbes USA Bill Geytsdan intervyu oldi. Sun’iy intellekt (SI) «yakkashoxi» OpenAI bilan hamkorlik, ChatGPT, Microsoftdagi ishlar, SIning mehnat bozori, tibbiyot va boshqa-boshqalarga ta’siri... Ozgina vaqtingizni ayamasangiz murakkab texnologiyaning sir-sinoatlari, zamonamizning eng boy va mashhur kishilaridan birining bu haqda ko‘rgan-bilganlari bilan tanishib olasiz.

Ma’lumot uchun: Bill Geyts bolalikdagi do‘sti bilan 1975-yilda asos solgan, keyinchalik uni dunyoning eng boy odamiga aylantirgan Microsoft kompaniyasining direktorlar kengashini 2020-yilda tark etgan. Biroq, butkul ketmagan: o‘zining aytishicha, hozir ham 10 foizga yaqin vaqtini kompaniyaning shtab-kvartirasi (Redmond, Vashington shtati)da o‘tkazadi, dasturchilar jamoasi bilan uchrashib turadi. Bu yig‘inlarda bosh mavzu — sun’iy intellekt, u odatiy ish jarayonlarini qanday o‘zgartirayotgani, bu usullar Microsoft dasturiy ta’minotida qanday aks etayotgani va h.o.

2022-yilning yozida Bill Geyts OpenAI asoschilaridan biri va prezidenti Greg Brokman bilan uchrashib, startapning sun’iy intellekt  bazasida kontentni ishlashga mo‘ljallangan mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuv arafasida startap Microsoft bilan «uzoq yillik, ko‘p milliardli» chuqur hamkorlik o‘rnatganini e’lon qilgandi.

— Yanglishmasak, OpenAI haqida birinchi marta 2018-yilda qiziqish bilan gapirgandingiz, shunday emasmi? Aynan qachondan bu kompaniyaga qiziqib qolgansiz?

— Sun’iy intellektga qiziqishim dasturiy ta’minot olami bilan ilk tanishgan kunlarimda boshlangan. Kompyuter ko‘rishi, eshitishi va yozishi mumkinligi g‘oyasini amalga oshirish — butun sanoatimizning azaliy asl maqsadi. Meni bu narsa doim qiziqtirib kelgan. Vaqtlar o‘tib mashina o‘rganish usullari o‘ta yaxshi ishlay boshladi, ayniqsa, nutq va tasvirlarni aniqlovchi yechimlar paydo bo‘ldi. Meni hayron qoldirgan narsa esa — hali juda ko‘plab ixtirolarga muhtoj ekanimiz. Shular ro‘yobga chiqsagina sun’iy intellekt chin ma’noda aqlli, imtihonlar topshira oladigan, matnlarni muammosiz yozadigan bo‘ladi.

Sem Altman (OpenAI bosh ijrochi direktori)ni yaxshi tanirdim. OpenAI da Greg (Brokman) va Ilya (Sutskever, startap asosichilaridan biri va bosh tahlilchisi) kabi xodimlar bilan ham tanishdim. «Bilasizmi, agar biz bilimlarning aniqroq ifodasini va ramziy mantiqning aniq shakllarini yetkazib berolmas ekanmiz, ishlanma (SI) to‘liq salohiyatga erishmaydi», dedim ularga. Nafaqat men, boshqalar ham shu masalani ko‘targandi. Biroq ular bu ulkan til modellarini masshtablash davomida mashinalarning o‘zini qanday tutishi ancha ko‘zga tashlanib qolishiga meni ishontira olishdi. Bundan tashqari, ular ayrim innovatsiyalarni hayotga tatbiq etib, ularni maxsus o‘qitishga kiritishdi. Men ular bilan doimiy aloqadaman, ular esa o‘z ishlanmalarini ajoyib namoyish etishmoqda. Endi, oradan vaqt o‘tib, ular jamoaviy, ayniqsa, vazifalarni yechishda kerak bo‘lgan professional bekend-dasturchilar bilan ishlashga o‘tishdi. Bu ishlarning hammasi  Microsoft bilan hamkorlik ortidan boshlandi.

— Sizning shaxsiy merosingiz (Microsoft) ularning merosi (OpenAI)ga yordamlashayotganiga guvoh bo‘lish yoqimli bo‘lsa kerak-a?

— Ha, albatta, chunki bunaqa narsalarni yaxshi ko‘raman. Mana, bekorga jamg‘armamning kepkasini kiyib kelmadim, matematika repetitori butun shahar o‘quvchilariga saboq berishi yoki tibbiyot mutaxassisi umrida shifokorni ko‘rmagan afrikaliklarga maslahat berishi mumkinligi, bu axir fantastika-ku! Qiladigan ishlarimiz juda ko‘p, ammo hammasidayam dasturchilar kabi ishchilar armiyamiz yo‘q. Shuning uchun ham o‘tgan yili sun’iy intellekt bo‘yicha erishilgan siljishdan juda quvondim.

— Shunchalik ko‘p va muhim texnologik o‘zgarishlarga sizchalik yaqin masofada guvoh bo‘lganlar kamdan-kam topiladi. Sun’iy intellektni o‘sha texnologiyalar bilan qiyoslash mumkinmi?

— Hammasi kaftdagidek namoyon-ku! Avval grafik interfeysi yo‘q shaxsiy kompyuterlar (ShK) tug‘ildi. Keyin Windows va Mac singari grafik interfeysli ShKlar paydo bo‘lishni boshladi — o‘sha paytlarda ko‘p vaqtimni Xerox PARC («Kremniy vodiysi»dagi tadqiqotchilar guruhi, shaxsiy kompyuterdan tortib grafik protsessorlar va Ethernet  ma’lumotlar uzatish standartigacha ishlanmalari bilan mashhur — Forbes USA)da Charlz Simoni bilan o‘tkazardim.  O‘sha tajriba men uchun juda ko‘p narsa berdi va qaysidir ma’noda Microsoft va sohaning boshqa kompaniyalari shug‘ullanayotgan ko‘p narsalar uchun yo‘l ochdi.

Hozir internet davri — hammasi mutlaqo boshqa darajaga o‘tmoqda. Microsoft bosh direktori bo‘lgan paytim xodimlarga internetning kutilayotgan «ulkan to‘lqini» haqida xat yozgandim. Biroq meni hozirgi jarayon — so‘nggi 12 oyda sun’iy intellekt borasida guvoh bo‘lganlarim ko‘proq lol qoldirmoqda: oddiy kompyuter, foydalanuvchi grafik interfeysli kompyuter va internet kabi sun’iy intellekt ham juda kerak ekan. Raqamli texnologiyalar tarixidagi to‘rt muhim bosqich orasida u ham o‘rnini egallashi zarur.

OpenAI qanday ishlashini boshqalardan yaxshiroq bilaman. To‘g‘ri, u yakka-yagona emas. Umuman olganda, bu soha tinmay yangi ishtirokchilar hisobiga kengayib borishining o‘zi ajoyib voqelik. Biroq OpenAI qilgan ishlar boshqacha, ular butun sanoat (SI) karvonboshisiga aylanishdi. ChatGPT dan foydalanib ko‘rganlar ham fikrimni tasdiqlashsa kerak.

— Sizningcha, sun’iy intellekt ish jarayonlariga, tadbirkorlar faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Samaradorlik oshganidan quvonishga hali ertamasmi? Ish o‘rnimizni yo‘qotib qo‘yishdan tashvishlanmasak bo‘ladimi? Odamlar buyog‘iga qanday ishlash uchun nimalarni bilishlari kerak?

— Sun’iy intellektning oyoqqa turayotganini kuzatib kelayotgan aksariyat kelajakshunoslar (futurologlar)ning aytishlaricha, SI, birinchi navbatda, ishchi mutaxassisliklar va jismoniy mehnatga ta’sir qiladi. Hozir ayni jarayon kechmoqda, shunday ekan ogoh bo‘lib turgan zarar qilmaydi. Haliyam bu jarayon kutganimdan sekinroq kechyapti. Bilasizmi, Rodni Bruks (Massachusets texnologiya institutining xizmat ko‘rsatgan professori va robototexnik sohasida tadbirkor), nazarimda, bularning hammasi qanchalik tez yuz berishi haqida juda konservativ (past) baho berdi. To‘g‘ri, avtomobillarni avtonom boshqarish texnologiyalari bir qator murakkabliklar bilan bog‘liq, ammo zavod-fabrikalarda yaqin 5-10 yilda robotlashtirish aniq boshlanib ketadi.

Ammo meni ko‘proq hayratlantirayotgan narsa matnlarni o‘qish va yozish — masalan, murakkab hujjatlar to‘plamini qisqa ifodalash yoki qaysidir muallif uslubida asar yaratish kabi vazifalar. Ulkan til modellari sharofati bilan bularning barchasini bajarish, bu natijalarni yanada takomillashtirish mumkin bo‘ladi, hammasi oddiy va oson — hatto tasavvur ham qilish qiyin.

Yozning boshlarida Greg (Brokman)ga shunday vazifa topshirdim: «OpenAI modeli (ChatGPT  — tahr.) biologiya bo‘yicha (OTMga kirish uchun) imtihon topshira oladimi? Agar menga buni isbotlay olsang, u  faqat statistika ma’lumotlariga tayanmaydigan, balki o‘ta abstrakt shakldagi hodisa ekaniga ishonaman».

Men endigina dasturlash bilan shug‘ullanishni boshlagan kezlarimda, biz gap tuzuvchi, turli ot, fe’l va to‘ldiruvchilardan iborat, odatiy inglizcha sintaksisiga asoslangan generatorlar yaratganmiz. Qolaversa, bizda fe’llar, to‘ldiruvchilar to‘plami bo‘lib, shunchaki kerakli so‘zlarni tanlardik. Kompyuter har gal beo‘xshov va ba’zida kulgili gaplarni chiqarib berardi. Bundan jahlim chiqarardi: «Bema’nilik. Yozuv mashinkasida o‘tirgan maymundan farqi yo‘q».

Hozirgiga juda o‘xshash manzara. Masalan, biologiya bo‘yicha kirish imtihoni savollariga javob berishni olaylik. Biologiya darsligini o‘qiyotgan odamning miyasida nimalar yuz beradi? Buni biz nevrologiya darajasida tavsiflay olamiz. Biroq yozda OpenAI erishgan o‘sish meni lol qoldirdi.

Sun’iy intellekt huquq, hisob-kitoblar yoki tibbiyot sohasida qanday o‘ringa ega bo‘ladi? Nazarimda ChatGPT ni har sohada sinab ko‘rmagan faqat dangasalargina qoldi. Hatto tadqiqotlar sohasi kabi fundamental yo‘nalishlarda ham uni qo‘llab ko‘rishdi.

ChatGPTning kamchiliklari yetarli. U xatoga yo‘l qo‘ymaydi deb hali hech kim aytgan emas. Qolaversa, foydalanishda u intuitivlik darajasi bilan ham maqtana olmaydi. Matematika kabi fanlarda algoritm yechimlari mutlaqo noto‘g‘ri. Shunga qaramasdan, noto‘g‘ri javob berganini o‘zi tan olgani ajablantiradi. Biz unga sudoku o‘ynashni o‘rgatmoqchi bo‘ldik, dastur o‘rgatganlarimizni yaxshi tushunmadi, keyin esa shunday javob berdi: «Voy, bexosdan yozib yubordim». Yozib yubordim? Axir senda klaviatura yo‘q-ku, hatto barmoqlaring ham yo‘q! Lekin sen «yozib yubordingmi»? Qoyil. Sun’iy intellekt bunday deyishni mustaqil, darsliklarni o‘qitishda o‘rganib olgan.

— Greg (Brokman) va Sem (Altman) bilan tanishman dedingiz. Ular sun’iy intellekt yaratishga qanchalik mas’uliyat bilan yondashishyapti va bu texnologiya saqlovchilari bo‘lishga qanchalik munosib? Ayniqsa, kuchli sun’iy intellekt yaratish yo‘lida?

— OpenAI ga asos solishda bu narsalar o‘ylangan. Ular, garchi texnologiya taraqqiy etishi uchun kompleks yechimlar ko‘p bo‘lishiga intilishayotgan bo‘lishsa-da, sof tijoriy tashkilot emas. Vaqti kelib apparat qurilmalar va algoritmga o‘qitish uchun sarflanadigan pullar miqdori o‘nlab milliard dollarga yetadi. Yaqin kelajakdagi muammo — ishlab chiqaruvchanlik masalasi. Yangi texnologiya bilan samaradorlik oshadi, bu mehnat bozorida ham aks etadi. Uzoq kelajakdagi murakkabliklar (ungacha ancha bor) aynan ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda: nazorat masalasi. Texnologiyani nazorat qilayotgan odamlar uni noto‘g‘ri o‘zanga burib yuborishsa nima bo‘ladi? Nazoratni umuman yo‘qotib qo‘yishsa-chi? Muhokamatalab mavzu.

Yigitlar (OpenAI jamoasi) sun’iy intellekt xavfsizligi ustida ishlashyapti. Biznes-hamkor sifatidaMicrosoft ham bu masalaga juda jiddiy qaraydi. Albatta, sun’iy intellekt hali ko‘p bahslarni keltirib chiqaradi. 2023-yilning eng qaynoq mavzusi ham shu bo‘lishi aniq. Algoritm mehnat bozorida o‘zgarishlar yasaydi va bizni o‘ylantirayotgan savol — chegaralarni belgilash. Masalan, bu texnologiyalar ilmiy izlanishlarga tatbiq etish uchun hali xomlik qiladi. Biroq hozirgi ko‘rib-bilganlarimdan xulosam shuki, yaqin 5-10 yillarda buning ham fursati yetadi.

Texnologiyaning qaysi yo‘nalishda qo‘llanilishi sizga yoqdi yoki qiziqroq tuyuldi?

— Algoritmlar bilan o‘ynash — zavqli. Do‘stlar bilan uchrashganda, davra kayfiyatini beruvchi she’r yozish mumkin. Shunchaki «Shekspir kabi yoz», deyilsa kifoya — tizim birpasda yozib beradi — kreativlik hech qachon zarar qilgan emas. Garchi sun’iy intellektga faqat jiddiy vazifalar uchun kirishim mumkin bo‘lsa-da, gohida undan ermak uchun foydalanib turishimni yashirmayman. Sun’iy intellekt yozgan she’rni o‘qirkanman, o‘zim hech qachon bunaqasini yoza olmasligimga amin bo‘laman.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring