«Yangi nafas» yugurish musobaqasida siz ham qatnashing!
2022-yilning 26-iyun kuni respublikaning sakkizta shahrida bir paytning o‘zida Yoshlar kuni munosabati bilan «Yangi nafas» sport yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Yoshlar ishlari agentligining konferensiyalar zalida ushbu musobaqaga tayyorgarlik jarayonlari haqida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Yugurish musobaqasining rasmiy shiori - Bir vatanda, bir vaqtda, bir xil masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!
2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan o‘tkazilib boshlangan Yoshlar kuni O‘zbekiston milliy bayramlari kalendaridan mustahkam o‘rin egalladi va bugungi kunda mamlakatning deyarli 60 foiz aholisini birlashtirmoqda.
Yoshlar auditoriyasini keng qamrab olish va yengil atletikaga qiziqishini oshirish maqsadida bu yil ilk marotaba «Yangi nafas» loyihasi Yoshlar kuni tadbirlari dasturiga qo‘shildi. Tashabbus 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasi tomonidan, ommaviy sportni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli sport harakati sifatida joriy etilgan edi (Aral Marathon, Save Aral va boshqalar).
«Yangi nafas» sport yugurish musobaqasi joriy yilda tamoman yangi formatda bo‘lib o‘tadi. Farg‘ona, Namangan, Chirchiq, Guliston, Jizzax, Samarqand, Shahrisabz va Toshkentning markaziy ko‘chalari bo‘ylab bir vaqtning o‘zida 16000 dan ortiq sportsevarlar yugurishadi.
Yugurish musobaqasida umumiy ta’lim va sport maktablarining o‘quvchilari, oliygohlarning talabalari, jamoat arboblari ishtirok etadi. Birinchi marotaba yugurish musobaqasining jonli efirda uzatilishi tashkil etiladi. Yugurish masofasi 3 km.ni tashkil qiladi. Ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni 06:30 da, tadbirning o‘zi esa – 07:30 da boshlanadi. Masofa g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Toshkentda «Yangi nafas» yugurish musobaqasining start nuqtasi bo‘lib, Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalarining kesishish joyida joylashgan Humo Arena sport-ko‘ngilochar majmuasining maydoni hisoblanadi.
«Yangi nafas» sport yugurish poygasida istagan har bir inson ishtirok etishi mumkin. Sport trassasining puxta ravishda tayyorlanishi, shuningdek, imkoniyatlari cheklangan yuguruvchilarning xavfsiz va qulay sharoitlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlaydi.
«Sport, birinchi navbatda, bu yoshlik degani, – deb ta’kidlaydi O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi raisining o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev, – va bizning asosiy tarbiyalanuvchilarimiz yosh avlod vakillaridir. Biz, o‘z tajribamizdan va amaliyotimizdan kelib chiqib, ularga eng yaxshisini beramiz. Ta’kidlab o‘tish joizki, yengil atletika O‘zbekiston yosh avlodining salohiyatini amalga oshirish va rivojlantirish uchun eng samarali sohalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Bunday formatdagi ommaviy tadbirlarning o‘tkazilishi yoshlarga sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va sportda o‘z kuchini sinab ko‘rish uchun imkoniyat beradi».
Yugurish musobaqalariga har bir shaharda malakali hakamlar, murabbiylar va Yengil atletika federatsiyasi tomonidan tayyorlangan volontyorlar jamoasi jalb qilinadi. «Yangi nafas» deb nomlangan bir vaqtda yugurish musobaqasi raqslar fleshmobi bilan yakunlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter