Xanchjou-2022: Bahodir Jalolovdan ishonchli g‘alaba, Nigina O‘ktamovada esa Olimpiadaga yo‘llanma
Bugun, 30-sentyabr kuni 4 nafar o‘zbekistonlik bokschi Osiyo o‘yinlari doirasida ringga ko‘tarildi.
Dastlab -57 kg vazn toifasida Abdumalik Halokov va vetnamlik Van Duong Nguyen o‘rtasida bahs bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Abdumalik Xalokov chorak final masalasini ijobiy hal qildi. Saralashning ikkinchi bosqichida vetnamlik Duong Nguyen bilan jang qilgan Xalokov 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi Karlo Palam (Filippin) bo‘ladi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zosi Nigina O‘ktamova esa Osiyo o‘yinlarining yarim finaliga yo‘l oldi. -54 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan hamyurtimiz ushbu bosqichga yo‘l olish bilan birga Parij-2024 Olimpiadasi yo‘llanmasiga ham ega chiqdi. O‘ktamova chorak final jangida yaponiyalik Rinka Kinoshitadan ustun keldi.
Yana bir o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini yakunlashga majbur bo‘ldi.
-71 kg vazn toifasining qur’asi ikki jahon chempionlarini chorak finalda o‘zaro to‘qnash keltirdi. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev hamda qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenov o‘rtasidagi bahs raqib sportchining g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
Bahodir Jalolovdan esa ishonchli g‘alaba. Chorak finaldan bahslarga qo‘shilgan hamyurtimiz 2 raund davom etgan jangda tojikistonlik Muhammad Abroriddinov ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter