«Uyushmagan yoshlar», kim u? Vazir o‘rinbosari bu iboradan voz kechishni taklif qildi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari «Milliy» stadionida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda vazir o‘rinbosari Elbek Shukurov yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
— Hozir «uyushmagan yoshlar» degan ibora bor. Menga qolsa yoshlarga nisbatan boshqacha tarif ishlatgan bo‘lardim. Siz hozir kelajak ostonasida turibsiz. Har bir inson shu davrdan o‘tadi. O‘z kelajagini qurish yo‘lida izlanayotgan, harakat qilayotgan va intilayotgan yoshlarni «uyushmagan», deb bo‘lmaydi.
Men yaqinda Finlyandiya ta’lim tizimini o‘rganib chiqdim va o‘qish asnosida Islandiyaning yaqin tarixiga ham o‘tib ketdim. Shunda qiziq holatga ko‘zim tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, 1992-94 yillarda 12 yoshli bolalarning 85 foizi spirtli ichimliklar iste’mol qilar ekan. Tasavvur qilyapsizmi? O‘n ikki yoshli bola alkogol ichganini hech ko‘rganmisiz? Mayli, pivoga o‘xshash yengil ichimlik bo‘lsin, ammo baribir go‘dak bolalarning spirtli ichimlikka ruju qo‘yishi dahshatku!
Islandiya mana shu illatdan qutulish uchun ta’lim va sportga e’tiborni kuchaytirdi. Natijada oradan 20 yil o‘tib eng sog‘lom millatga aylandi. Hammamiz ham futbolga qiziqamiz va Islandiya terma jamoasi qanaqa shov-shuv ko‘targanidan ham xabardormiz.
Statistika bo‘yicha sportga sarflangan 1 yevro mablag‘ davlatga 7 yevro foyda olib kelarkan. Qanday qilib deysizmi? Sog‘lom odamga kasal tegmaydi va ish unumdorligi yuqori bo‘ladi. Uning baxtlilik indeksi yuqori bo‘ladi. Bunday odamlar yashaydigan mamlakatda yalpi ichki mahsulot hajmi ham katta bo‘ladi, — dedi Elbek Shukurov.
Tadbir davomida yoshlarning bir qator muammolari hal etilib, savollariga javob berildi. Ta’kidlash joiz, vazir o‘rinbosarining turli xil rasmiy iboralardan voz kechib, noan’anaviy, samimiy yo‘sinda suhbat olib borgani yoshlarga ham o‘z fikrlarini dadil bildirish imkonini berdi.
Shunday suhbatlar ko‘proq o‘tkazilsa, har ikki tomon uchun ham foydali bo‘lardi. Shubhasiz...
Zafar QOSIMOV
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter