Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sulsher «Kamp Nou»ga qaytmoqda, Messidan gol kutamiz, «Ayaks»ning umidi, turincha hisob-kitob: UEFA ChL 1/4 finali javob uchrashuvlari arafasida

Sulsher «Kamp Nou»ga qaytmoqda, Messidan gol kutamiz, «Ayaks»ning umidi, turincha hisob-kitob: UEFA ChL 1/4 finali javob uchrashuvlari arafasida

Foto: «Sovsport.ru»

Bugun tunda Ispaniya va Italiyada UEFA Chempionlar ligasi 1/4 finalining ikkita javob uchrashuvi o‘tkaziladi. Mehmonda kichik hisobdagi g‘alaba (1:0) bilan qaytgan «Barselona» o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ni qabul qilsa, avvalgi o‘yinda murosa ko‘chasini tanlagan «Yuventus» va «Ayaks» Turinda to‘qnashadi. Yigirma yil avval xuddi shu stadion — «Kamp Nou»da manchesterliklar safida «Bavariya»ni tor-mor etgan Ule-Gunnar Sulsher yana qaytmoqda. Lionel Messi olti yildan beri davom etayotgan chorak finallardagi «quruq seriya»ga barham berishga urinib ko‘radi. «Yuventus»ning ikki nafar yetakchisidan ayrilgani «Ayaks»ga qo‘l kelishi mumkin.

«Barselona» — «Manchester Yunayted»

«Manchester Yunayted» o‘z tarixidagi buyuk voqea — Chempionlar ligasi finalida «Bavariya»ni yenggan «Kamp Nou»ga qaytmoqda. Yigirma yil oldingi bu o‘yin taqdirida burilish yasagan «sehrli tayoqcha» — Ule-Gunnar Sulsher hamon «MYu» tarkibida, faqat endi u bosh murabbiy.

Qaysidir ma’noda tarix takrorlanyapti: hisob — 0:1, biroq hozir «qizil iblislar» ixtiyorida bir necha daqiqa emas, butun boshli o‘yin turibdi. Ammo raqib — «Barselona», kataloniyaliklar hali biron marta o‘z maydonida «Manchester Yunayted»ga yengilmagan, ChL dagi boshqa raqiblar esa 12 o‘yindan beri bu yerdan ochko olib ketolmayapti.

Sulsher jamoasi bu mavsumda «eng xavfli mehmon»lardan biri — «qizil iblislar» so‘nggi to‘rtta o‘yinning uchtasini yutishdi, shulardan ikkitasida g‘alabaga so‘nggi daqiqalarda erishildi.

«Eldan avval suyunish» nimalarga olib kelishini «Barselona» bosh murabbiyi Ernesto Valverde juda yaxshi biladi, Manchesterdagi hisob juda nozik. Masalan, o‘tgan safar «Roma» ustidan qozonilgan 4:1 hisobidagi yirik g‘alaba ham yetarli bo‘lmagandi, o‘z uyida iroda namoyish etgan rimliklar keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Chorak finallar oxirgi yillarda Lionel Messi uchun ham og‘ir kechyapti, 2013-yildan beri shu bosqichda gol urganmas. Oxirgi o‘yinda Kris Smolling «quruq seriya»ni tugatishga imkon bermadi... Ammo endi bahona ketmaydi — Messi tiklanishga ulgurdi, muxlislar gol kutishmoqda, qolaversa, u «inglizshunos» — Ispaniyadan tashqaridagi jamoalar orasida aynan shu mamlakat jamoalariga ko‘proq gol kiritgan — 22 ta.

O‘tgan hafta Valverde Messi va boshqa yetakchilarga dam berdi, «Ueska»ga qarshi o‘yinda darvozabon Mark-Andre ter Shtegendan boshqa hech kim o‘zini ko‘rsata olmadi. «Manchester Yunayted» esa milliy chempionatda «Vest Hem»ni 2:1 hisobida yenga oldi. Pol Pogba o‘n bir metrlikdan gol urdi. Manchesterliklar «Barselona» bilan birinchi o‘yindagi avtogol sohibi, sariq kartochkalari sabab Kataloniyadagi javob uchrashuvida maydonga tusha olmaydigan himoyachi Lyuk Shousiz o‘ynashdi.

«Yuventus» — «Ayaks»

«Ayaks» va «Yuventus» muxlislari Amsterdam ko‘chalarida yoqalashib yurgan bir paytda, ularning sevimli jamaoalari murosa ko‘chasini tanlashdi — 1:1. Ronaldu birinchi taym oxirida urgan golga maydon egalari ikkinchi taym boshida Neresning goli bilan javob berishdi. David Neresning goli «Ayaks» uchun 1997-yildan beri armon bo‘lib kelayotgan yarim final eshiklari tomon yo‘lni yoritgandek bo‘ldi.

Amsterdamliklarga oson bo‘lmaydi — baribir hozirgi «Yuventus» bir bosh baland, kuchli sakkizta jamoa orasida uni ko‘p ko‘ramiz, keyingi bosqichga qanday chiqishni biladi. Qatorasiga uch mavsumdan beri Chempionlar ligasi kubogini egallab kelayotgan «Real» poygadan chiqdi, biroq Ronaldu «Yuventus»bilan bu imkoniyatga ega.

Bu mavsumda «Yuventus» uy o‘yinida o‘zini o‘nglab olishni eplagan, qaytanga o‘sha o‘yin hozirgisidan qiyinroq bo‘lgandi. Madridda «Atletiko»dan mag‘lubiyat alamini (2:0) totib ko‘rgan turinliklar javob uchrashuvida raqibni qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratishgandi. Gollandlar 45 yildan beri «Yuventus»ga kelib g‘alaba qozonishmagan, oxirgi to‘rt o‘yin yakuniga ko‘ra ham ular yengilishdi. Bunday statistika amsterdamlik muxlislarga umid bag‘ishlamasa kerak.

Turindagi o‘yin arafasida «Ayaks» yetakchilaridan biri Frenki de Yong milliy chempionat o‘yinida olingan jarohati sababli Italiyaga kelolmaydi degan gaplar tarqaldi. Biroq bu gaplar qanchalik asosli? Negaki u javob o‘yinida maydonga tushadigan o‘yinchilar ro‘yxatiga kiritildi.

«Yuventus»da esa kadrlar muammosi yetarli. Himoyachi Jorjio Kellini sonidan olingan jarohatdan tiklanishga ulgurmadi, Mario Manjukichni esa tizzasi bezovta qilyapti. Asosiy o‘yinchilardan ayrilish qanday oqibatlarga olib keladi — buni Italiya chempionatining oxirgi o‘yinlari ko‘rsatdi. Chempionlik deyarli naqd bo‘lib turgan o‘yinda «Yuventus» mehmonda «SPAL»ga yutqazib qo‘ydi (2:1). Mavsumdagi ikkinchi bu mag‘lubiyat «Ayaks»ga qarshi o‘yin oldidan «Yuventus» o‘yinchilariga dalda bo‘larmikan?!.

Shuni ham unutmaslik kerak, «Ayaks» kimsan Real»ni bu yilgi Chempionlar ligasidan badarg‘a qildi. To‘g‘ri, bu «Real» kuchli emas edi. «Yuventus» esa istasa natija uchun, istasa chiroyli futbol o‘ynay oladigan jamoa, buyog‘i faqat g‘alaba uchun maydonga tushadigan raqibga ham bog‘liq.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring