Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sho‘rtan» ishdan bo‘shatilgan murabbiylarning pulini bermayotgani aytildi

«Sho‘rtan» ishdan bo‘shatilgan murabbiylarning pulini bermayotgani aytildi

Asror Aliqulov va Botir Qodirqulovni ishdan bo‘shatgan G‘uzorning «Sho‘rtan» klubiga yangi bosh murabbiy tayinlashga ruxsat berilmaydi. Bu haqda PFL rasmiy saytida xabar berildi.

Bunga sabab qilib, «Sho‘rtan» ishdan ketkazilgan murabbiylar bilan to‘liq hisob-kitob qilmagani ko‘rsatilgan. Rasmiy xabarda aytilishicha, endilikda qaysidir klub bosh murabbiyni iste’foga chiqarsa va u bilan hisob-kitobni to‘liq yakunlamasa, yangi murabbiylarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ruxsat etilmaydi. Qarzdorlik yil yakuniga (katta ehtimol bilan kelasi yillarga) qolib ketmasligi shart.

«Sho‘rtan» klubi rahbariyati yaqin vaqt ichida Aliqulov hamda Qodirqulovning qarzlari to‘lab berilishi borasida kafolat xati berib, o‘z ishini yakunlashi mumkin. Biroq kafolat xatida ko‘rsatilgan muddatdan bir kun o‘tsa ham, klub jazoga tortiladi.

PFL futbolchi va murabbiylardan shartnoma tuzayotganida ehtiyot bo‘lishni so‘radi. Chunki ulardan biri ma’lum yil uchun haqini olmay turib, kelasi yilga ham shartnoma tuzsa, PFL keyinchalik ularning yonini olmasligi mumkin.

Qo‘shimcha qilinishicha, «Sho‘rtan» klubini 12-may sanasidan buyon vaqtinchalik Bahodir Shoymardonov boshqarib turibdi. Bungacha u klubning texnik direktori lavomizimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi. O‘tgan vaqt ichida «Sho‘rtan» 4 ta o‘yinda ishtirok etib, shularning 3 tasida imkoniyatni boy berdi. 2 ta o‘yinda yirik mag‘lubiyatlar kuzatildi. Jamoa rahbariyati natijalarni yaxshilashni istasa, bosh murabbiy masalasini tezroq hal qilishi kerak. Ish tez hal bo‘lishi uchun esa, klublar masalaga jiddiy yondoshishga majbur.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring