Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ser Aleks Fergyuson terma jamoada: ilk va so‘nggi imkon

Ser Aleks Fergyuson terma jamoada: ilk va so‘nggi imkon

Taxminan o‘ttiz yil... Yo‘q, undan ham sal ko‘proq vaqtni ortga qaytarishga harakat qilishimiz kerak. Qandaydir Aleks Fergyuson degan yigit futbol bo‘yicha Shotlandiya terma jamoasida bosh murabbiy yordamchisi bo‘lish uchun borini berishga tayyor. Yosh murabbiy «Aberdin» bilan sensatsion tarzda katta yutuqlarga – liga chempionligi va kubok, kubok egalari kubogi bahslarida g‘oliblikka erishganidan so‘ng uni termaga chaqirishdi. Aleks uchun bu orzusidagi ish edi: u o‘zining kumiri, afsonaviy menejer Jok Steyn yoniga borayotgandi.

Steynga bo‘lgan hurmatni Fergyuson bir necha yil o‘tib, o‘z ofisidagi surat bilan isbotladi. Jok bilan tushgan surati xonasining eng ko‘rinarli joyida ilinib turardi. Surat Shotlandiyaning Uelsga qarshi bahsi oldidan, 1985 yilning 10 sentyabrida olingan edi. Aynan o‘sha o‘yindan so‘ng Steyn vafot etgan edi.

* * *

1985-yil. Keyingi yili Meksikada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga borish uchun Shotlandiya saralash guruhida Ispaniya va Uelsdan ustun kelishi kerak. So‘nggi turdan oldingi holat shunday: agar shotlandlar Kardiffda hech bo‘lmasa durang o‘ynashsa, pley-off bahsiga chiqishadi, aks holda...

Katta Jok va uning yangi yordamchisi uchun o‘sha kunlar juda qiyin kechardi. Hatto 1967 yilda «Seltik» jamoasi bilan Britaniya klublari orasida birinchi bo‘lib chempionlar kubogini yutib olgan Steyn uchun ham bu juda murakkab ish edi. Jok Uelsga qarshi uy uchrashuvidagi mag‘lubiyatdan so‘ng jurnalistlar uning yuziga «loy chaplashgani»ni hali esdan chiqarmagandi. So‘nggi bahs oldidan jurnalistlarning tanqid toshlari va uelsliklarning qo‘pol muomalasi ortiqchalik qilardi.

Fergyuson o‘zining birinchi avtobiografiyasi «Managing My Life»da o‘sha vaqtlarni yodga oladi. Shotlandlar tezkor gol o‘tkazib yuborganidan so‘ng tanaffusga asabiy holatda chiqishdi. Golga darvozabon ko‘zidagi linzalardan birini o‘yin vaqtida tushirib yuborgani sabab bo‘ladi. Fergyuson uchun bu kutilmagan holat bo‘lib, ko‘zida muammosi bor darvozabon uning jamoasi bo‘lmish «Aberdin» a’zosi edi. Fergyuson o‘shanda o‘z futbolchilari haqida to‘liq ma’lumot olish qanchalik muhimligini tushunib yetgan bo‘lsa ajab emas. Majburiy almashtirishdan so‘ng Steyn esankirab qolgan yordamchisiga qarab: «Buni tushuntirib berishga harakat qilasan», – deydi. Ammo ungacha yetib bormadi.

Shotlandiya 81-daqiqada penaltidan hisobni tenglashtirdi.

To‘p uelsliklar darvozabonining qo‘llari yonidan o‘tib ketganida Steyn hech narsa demadi, faqatgina anchadan beri xiralik qilayotgan yonidagi suratkashni quvib yubordi. Fergyuson Jokning ahvoli yaxshi emasligini sezdi va o‘yin davomida ustozidan ko‘zini uzmadi. Terma jamoa shifokoriga ham bosh murabbiyga e’tiborliroq bo‘lishni ta’kidladi.

O‘yin tugashiga ikki daqiqa qolganida hakam hushtagini chaldi. Steyn buni final hushtagi deb o‘ylab, raqib zaxira o‘rindig‘i tomon yura boshladi. Ammo bir-ikki qadamdan so‘ng Jok oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmay yerga quladi. Fergyuson shifokor bilan birgalikda Jok yoniga yugurdi va uning qo‘llaridan tutdi. Stadion xodimlari uni tibbiyot xonasiga olib ketishdi.

Durang Shotlandiyani keyingi bosqichga olib chiqdi. Fergyuson futbolchilarni vazifani bajarganliklari bilan tabriklab, tibbiyot xonasiga shoshildi. Eshik yonida diskvalifikatsiya qilingan jamoa sardori Grem Suness yig‘lab turardi: «U o‘lganga o‘xshaydi...».

Qatorasiga to‘rtinchi bor terma jamoani jahon chempionatiga olib chiqishga yaqin turgan murabbiy hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmadi. U yurak xuruji tufayli stadionning tibbiyot xonasida vafot etdi. Jokning oxirgi so‘zlari «Hammasi joyida» bo‘ldi.

Futbolchi va jurnalistlarning xotirlashicha, ular uyga qaytishda juda ayanchli manzaraning guvohi bo‘lishadi. Hamma o‘z sumkasini olganidan so‘ng aeroport konveyerida bitta sumka qolib ketadi. Xodim sumka kimniki ekanligi bilan qiziqqanida uning ichida kitoblar, tabletkalar va Jok Steynga yozilgan qandaydir maktub bor edi...

* * *

Fergyuson Steynni juda hurmat qilardi. U o‘zining har uchala kitobida ham Steyn haqida so‘zlaydi. «Jok qiziq odam edi. 1985-yilning mayida Shotlandiya termasi bilan «Uembli»da Angliyani taslim etdik – 1:0. Shundan keyin Reykyavikka – Islandiya terma jamoasi bilan o‘yinga uchdik. Ajoyib g‘alabadan keyin hammaning kayfiyati zo‘r edi. Manzilga yetib borgach, faqat rahbariyat uchun banket uyushtirdik. Krevetka, losos va ikradan iborat dasturxonga ichimlik ham tortildi. Jok hech qachon ichmasdi, men uni inglizlar ustidan qozonilgan g‘alaba sharafiga bir qadah oq vino ichishga majburladim.

Ertasiga Islandiyaga qarshi o‘yin juda qiyin kechdi. Biz bazo‘r g‘alaba qozondik. O‘yinimizni fojia desa bo‘lardi. Shundan keyin Jok menga o‘girildi va g‘azab bilan: «Ko‘rdingmi? Buning hammasi sen va sening oq vinongni deb bo‘ldi», – dedi.

Aleks Fergyuson «Aberdin» futbolchilari bilan birgalikda Jok Steynning dafn marosimida.

Steynning o‘limidan so‘ng kutilganidek Fergyuson Shotlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Meksikaga borish uchun avvalo qit’alararo pley-off bahsida Avstraliyani mag‘lub etish lozim edi. Garchi yashil qit’a vakillariga qarshi o‘yinlarda katta muammo yuzaga kelmagan bo‘lsa-da, jahon chempionati qur’asi shotlandlar uchun unchalik ham omadli kelmadi. Meksikaga Shotlandiyaning «Liverpul»dagi yulduzlari Kenni Dalglish va Alan Xansenlarsiz borgan Fergyuson shogirdlari GFR, Daniya va Urugvay terma jamoalari bilan o‘ynagandan so‘ng uyga qaytishga majbur bo‘lishdi.

Shundan so‘ng Fergyuson terma jamoa futboliga qaytmadi. Unga bir necha bor Angliyadan aniq takliflar bo‘lsa-da, Aleks fikrini o‘zgartirmadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring