Senator boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi (video)
Kecha, 15-iyul kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida WBA yarim o‘rta vazn toifasidagi jahon chempioni — argentinalik Lukas Mattisse o‘z kamarini boy berib qo‘ydi, deb xabar bergan «Liga.net». Buning hech ham ajablanarli joyi yo‘q, axir ringga unga qarshi kimsan afsonaviy Menni Pakyaoning o‘zi ko‘tarildi. Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerak, Pakyao vatani Filippinda senator hisoblanadi.
Jang nisbatan xotirjam boshlandi, raqiblar avvaliga bir-birlarini sinovdan o‘tkazib olishdi. Shundayam Pakyaoning chap qo‘l zarbalari argentinalikni tinch qo‘ymadi. Uchinchi raund boshlarida Matisse nokdaunga tushdi. Ayni paytda 40 ni qarshilayotgan Pakyao kuchini tejashga harakat qildi shekilli, raundning qolgan qismini ehtiyotkor harakatlar bilan o‘tkazdi.
Beshinchi raundning oxiri: shu paytgacha jangni amallab davom ettirib kelayotgan Matisse boshiga o‘ng tomondan kelib tushgan zarba natijasida cho‘kkalab qoldi: ikkinchi nokdaun.
Oltinchi raund argentinalikning beldan pastga bergan zarbasi bilan boshlandi. Pakyao esa senatorga xos oqillik bilan jangni yakuniga yetkazishda davom etdi.
Yettinchi raund oxiri — uchinchi noudaun. Matisse navbatdagi zarbadan so‘ng yana cho‘kkalab qoldi va kapasini tuflab yubordi. Tamom! Senator — Menni Pakyao yana chempion!
Pakyao bokschilik faoliyati davomida sakkiz vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan. Quyidagi videolavhada esa jangning eng qizg‘in lahzalari aks etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter