Ravshan Haydarov mag‘lubiyat sababini «ayrim futbolchilar o‘z imkoniyatidan past darajada harakat qilgani» bilan izohladi
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Qatarga qarshi (0:1) kechgan Osiyo chempionati 1-tur uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi va jamoa bugun kutilganidek o‘yin namoyish eta olmaganini ta’kidladi.
«Bugungi o‘yin teng kurashlar ostida kechdi. Afsuski, himoyada xatoga yo‘l qo‘ydik va gol o‘tkazib yubordik. Albatta, xatolarni ko‘rib chiqib, keyingi uchrashuvda vaziyatni o‘nglashga harakat qilamiz», – dedi Ravshan Haydarov.
«Ikkinchi taymda jarohat olgani uchun Akram Komilovni almashtirdik. Bu ham uchrashuvga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Bugun, ayrim futbolchilar o‘z imkoniyatlaridan past darajada harakat qilishdi. Buning sababini albatta o‘rganib chiqamiz. Balki turnirdagi ilk uchrashuv bo‘lgani uchun biroz bosim sezilgandir. Turnir endi boshlandi. Guruhdagi vaziyatni qiyinlashtirib qo‘ydik, ammo, imkoniyatimiz bor ekan, oxirigacha kurashamiz», – deya fikrini yakunladi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter