Asal oyini qamoqda o‘tkazgan futbolchi ozodlikka chiqdi
Oxirgi uch oyni Tailand qamoqxonasida o‘tkazgan qochoq futbolchi Hakim al-Araibi Avstraliyaga qaytdi. Bu haqda «Euronews» xabar berdi.
Bahraynga deportatsiya qilinishi kutilayotgan sportchi ozodlikka chiqqanidan so‘ng to‘ppa-to‘g‘ri Avstraliyaga yo‘l oldi. Chunki bu yerda uni rafiqasi kutmoqda, vatani Bahraynga qaytadigan bo‘lsa naq o‘n yilni qamoqda o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.
Hakim al-Araibi Bahrayndagi norozilik namoyishida qatnashganidan so‘ng 2014-yili Avstraliyaga qochib kelgan. Bu yerda havaskorlik jamoalarida to‘p surdi.
O‘tgan yilning noyabr oyida 25 yoshli Al-Araibi Tailandga rafiqasi bilan birga asal oyini o‘tkazish uchun boradi. Uni Bangkok aeroportining o‘zidayoq ushlashdi. Al-Araibiga o‘n yil qamoq jazosini tayinlagan Bahrayn uning zudlik bilan ekstraditsiya qilinishini talab qilayotgandi.
Biroq keng sport jamoatchiligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Avstraliya hukumati Al-Araibini qo‘llab chiqdi. Bunday kuchli bosimga duch kelgan Tailand va Bahrayn janjalni «shishirmaslik»ka qaror qilishdi va Al-Araibini o‘z holiga qo‘yishdi.
Hakim al-Araibi endi Avstraliya fuqarosiga aylanishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter