Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qishki olimpiadada vakillarimiz ishtiroki qachon boshlanadi?

Qishki olimpiadada vakillarimiz ishtiroki qachon boshlanadi?

Foto: MOQ matbuot xizmati

Bugun Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida navbatdagi qishki Olimpiadaning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Toshkent vaqti bilan soat 16:00da boshlangan tantanali marosimda mazkur o‘yinlarda ishtirok etuvchi barcha mamlakatlar tantanali chiqishda ishtirok etdilar. Bayramda tog‘ chang‘isi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sportchisi Komil To‘xtayev delegatsiyamiz bayroqdori bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, bu yilgi Olimpiadada 6 terma jamoa musobaqada debyut qiladi. Belgilangan normativlar o‘sha yurt vakillarining iqlimidan kelib chiqqan holda qo‘yilgani qishki Olimpiadada ham issiq o‘lka vakillarining ishtirok etishiga zamin yaratmoqda. Bu yil Singapur (short-trek), Nigeriya (bobsley va skeleton), Ekvador (chang‘i poygasi), Malayziya (figurali uchish), Kosova va Eritreya (tog‘ chang‘isi) vakillari Janubiy Koreyaga qishki Olimpiadada ilk marotaba o‘z yurti sharafini himoya qilish uchun kelishadi.

Ushbu nufuzli sport bayramida 92ta mamlakatdan 3544 nafar sportchi sportning 15 turi bo‘yicha 102ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradilar.

Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini Misha Ge (figurali uchish) va Komil To‘xtayev (tog‘ chang‘isi) himoya qiladilar.

Eslatib o‘tamiz, figurali uchish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Misha Ge ayni paytda AQShda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini davom ettirayotgani sababli, Janubiy Koreyaga 11-fevral kuni yetib boradi. U 16-fevral kuni «Gangneung Ice Arena» muz saroyida figurali uchishning qisqa dasturida chiqish qilsa, 17-fevralda erkin dasturda o‘z omadini sinab ko‘radi.

Komil To‘xtayev esa 18-fevral kuni tog‘ chang‘isining gigant slalom bahslarida ishtirok etadi. 22-fevralda esa slalom bo‘yicha musobaqada qatnashadi. Tog‘ chang‘isi bo‘yicha bellashuvlar «Yongpyong Alpine Centre» majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring