Qatarning millionlari Zidanning boshini aylantira oladimi?
«Real» boshqaruvidan kutilmaganda ketishga qaror qilgan Zinedin Zidanni Qatar futbol federatsiyasi hamkorlikda ishga taklif etdi.
2022-yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qiladigan Qatar mundialda mamlakat terma jamoasiga Zidan murabbiy bo‘lishini xohlamoqda. Ular bu borada Yevropa chempionlar ligasining uch karra g‘olibi bilan muzokaralar o‘tkazishga tayyor.
Qatar futbol federatsiyasi fransiyalik mutaxassisni bosh jamoa boshqaruviga olib kelish uchun rad etib bo‘lmaydigan maosh belgilashgan: yiliga 50 million yevro. Faqat shart shuki, Zidan to‘rt yillik shartnoma imzo chekishi kerak. Bu xabarni Germaniya nashrlari ham tasdiqlamoqda.
Bu Qatarning «A» rejasi. Agarda Zinedin Zidan 4 yil ichida mablag‘ini 200 million yevroga boyitib olishni istamasa, qatarliklarda «B» reja ham bor. Unga ko‘ra, «Barselona»ning sobiq futbolchisi Xavi bilan shartnoma tuzishlari mumkin.
Zidandan keyin «Real»ni boshqarish uchun bir qancha murabbiylar nomzodi ko‘rib chiqilmoqda. Ispaniya va Angliya gazetalarining yozishicha, ular orasida «Tottenxem» ustozi Maurisio Pochettinoninng imkoniyatlari katta. U bir jurnalist bilan suhbatda «Hech kim «Real»ga rad javobini berolmaydi», degan.
Dilmurod Parpiyev tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter