Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pelening onasi hali hayot – yaqinda u 100 yoshga to‘lgandi

Pelening onasi hali hayot – yaqinda u 100 yoshga to‘lgandi

U o‘g‘lining futbolchi bo‘lishini xohlamagandi.

Pelening qizi Keli Nasimento ijtimoiy tarmoqlarda otasining yoshligida onasi bilan tushgan ta’sirli suratlarini joylashtirdi.

Selesta Arantes Braziliyaning Minas-Jeyras shtatida tug‘ilgan, Pele tug‘ilgandan so‘ng, farzandining kelajagini o‘ylab San-Pauluga ko‘chib o‘tdi. U yerda Pele «Bauru» klubi akademiyasiga qatnaydi, keyin esa bolakayning iqtidorini «Santos» klubi payqab qolgan.

Selesta o‘g‘lining sevimli mashg‘ulotlaridan mamnun emasdi – bunga asosan Pelening otasi Dondino futbolda muvaffaqiyat qozona olmagandi. U Braziliyaning bir nechta klublarida (jumladan, Fluminense) o‘ynagan, ammo futbol katta pul olib kelmadi. Selesta va Dondino 1939 yilda turmush qurishdi va 1940 yilda Pele tug‘ildi, o‘sha paytda Selesta 18 yoshda edi. 1996 yilda Dondino o‘tkir yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

1966 yili Pele ikki karra jahon chempioni bo‘lganida, Selesta Braziliyada «Yil onasi» mukofotini olgan.

Selesta Arantes hali ham Santosda yashaydi – qizi Mariya Lusiya unga qaraydi. Selesta mustaqil harakatlana olmaydi, shuning uchun Mariya Lusiya unga barcha kerakli yordamni beradi.

Pele bilan xayrlashuv marosimi aynan Selestaning Santosdagi uyi orqali boshlandi.

Bugun, 3 yanvar kuni «Santos» stadionida uch karra jahon chempioni Pele bilan xayrlashuv marosimi yakunlandi.

Shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda 230 mingdan ortiq odam ishtirok etgan. Vidolashuv marosimining o‘zi bir kun davom etdi. Navbat uzunligi 2,3 kilometrga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, Pele 2022 yilning 29 dekabr kuni 82 yoshida yo‘g‘on ichak saratoni asoratlari tufayli vafot etdi. Braziliyalik futbolchi sifatida tarixdagi yagona uch karra jahon chempioni, shuningdek, faoliyatidagi gollar soni bo‘yicha rekord sohibi (1279) hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring