Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zPFL superligaga homiylik qilmoqchi bo‘lgan qator kompaniyalar orasidan «Pepsi»ni tanladi

O‘zPFL superligaga homiylik qilmoqchi bo‘lgan qator kompaniyalar orasidan «Pepsi»ni tanladi

Foto: www.the-uff.com

O‘zbekiston futboli tarixida tarixiy voqea yuz berdi. Mashhur «Pepsi» kompaniyasi — superliga homiysiga aylandi.

O‘FA xabarida yozilishicha, ushbu kompaniya o‘zbek sporti, xususan mamlakat futbolida yuz berayotgan islohotlarni yuqori baholab, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yangi tashkil etilgan superligaga homiylik qilish taklifi bilan chiqdi.

«O‘zbek futbolida so‘nggi paytlarda yuz berayotgan islohotlar e’tiborimizni tortdi. Tan olish kerak O‘zbekiston futbol Assotsiatsiyasi Superligaga asos solgach, sezilarli ravishda muxlislarni stadionlarga qaytara oldi. So‘nggi yillarda muxlislar tashrifi bo‘yicha poytaxt stadionlari eng past ko‘rsatkichni qayd etardi. Bu yilgi mavsumdan e’tiboran hammasi tubdan o‘zgardi. Ortda qolgan to‘rtta tur yakunlariga ko‘ra eng ko‘p muxlis «Bunyodkor» stadioniga tashrif buyurgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Hammasi bo‘lib esa to‘rtta tur uchrashuvlarini deyarli 300 000 ishqiboz bevosita stadionlardan kuzatdi.

«Pepsi» kompaniyasi reklama industriyasida aynan sportning futbol turiga katta e’tibor qaratadi. Kompaniyamiz shuningdek, jahoning eng nufuzli sport musobaqalaridan biri — futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining ham rasmiy homiysi hisoblanadi. Biz o‘zbek futbolida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar, islohotlarda bevosita ishtirok etishni, shu orqali o‘zbek sporti taraqqiyoti va rivojlanishiga hissa qo‘shishni istaymiz. Qolaversa O‘zbekiston superligasi kompaniyamizni yanada mashhurroq qilish, mahsulotlarimizni reklama qilish uchun katta bozordir. Biz bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmasligimiz kerak», – deb aytgan «Pepsi» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shuhrat Ergashev.

Futbol tashkilotining ishontirishicha, O‘zbekiston Professional futbol ligasi bunga qadar bir qator nufuzli firma va kompaniyalar bilan superligaga homiylik qilish maslasida muzokaralar olib borgan. Ammo ular orasidan aynan «Pepsi» kompaniyasining taklifi ma’qul kelgan.

Avvalo biz tomondan olib borilayotgan islohotlarga berilgan yuqori baho va e’tirof uchun minnatdorchilik izhor etaman. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi boshqaruvida yeng shimarib ishga kirishganimizda o‘z oldimizga birinchi galdagi vazifa sifatida muxlislarni stadionga qaytarish masalasini qo‘ygandik. Ozmi ko‘pmi bu rejalar amalga oshayotganidan hursandman. Ammo bu bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Futbolni xalqimiz juda sevadi. Biz muxlislar uchun stadionlarda kerakli barcha sharoitlarni yaratish, eng avvalo toza, halol va tomoshabop futbol namoyish etish yo‘lida hali ko‘p ishlashimiz kerak. Ishonchim komilki, biz buning uddasidan chiqamiz.
Umid Ahmadjonov.

Shu tariqa, «Pepsi» kompaniyasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Demak, o‘zbek futboli tarixida birinchi marta O‘zbekiston Superligasi o‘zining titul homiysiga ega bo‘ldi. Bitim hozircha yil yakuniga qadar imzolandi. Kelasi mavsumda hamkorlik doirasini yanada kengaytirish, musobaqalar sonini oshirish, bolalar va mahalla futboliga ham kirib borish masalasida kelishib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring