O‘zbekistonlik sportchi 38 yillik rekordni yangiladi
Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, yarim marafon bo‘yicha milliy rekord sohibi Shohrux Davlatov marafon dasturida (42 km, 195 metr) Parij-2024 Olimpiada normativini bajarishga muvaffaq bo‘ldi.
Hamyurtimiz Ispaniyada o‘tgan nufuzli «Valencia Marathon Trinidad Alfonso» musobaqasidagi natijasi orqali 4 yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Davlatov mazkur turnirda 2:07:02 (2 soat, 7 daqiqa, 2 soniya) natija qayd etdi. Bu Parij-2024 Olimpiadasi uchun qo‘yilgan talabdan 1 daqiqa, 8 soniya yaxshiroq natija. Shuningdek, Shohrux ushbu ko‘rsatkich bilan 38 yil avval o‘rnatilgan milliy rekordni (2:13:28) ham yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Valensiyadagi nufuzli musobaqada Davlatov umumiy hisobda 19-o‘rinni egallagan.
Surxondaryolik atletimiz ushbu natijaga erishish uchun so‘nggi ikki yil ichida bir necha oy dunyoning eng kuchli marafonchilari yetishib chiqqan Keniyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdi. Bu O‘zbekiston delegatsiyasining Parij-2024 Olimpiadasiga qo‘lga kiritgan 15-yo‘llanmasi bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter