Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Otajon yig‘lamang!» Buyuk Pele tarixiga nazar

«Otajon yig‘lamang!» Buyuk Pele tarixiga nazar

«Yig‘lamang, o‘sha sovrinni siz uchun men yutib beraman», dedim otamga.

Foto: «24smi.org»

Buyuk Pele 1958-yilgi jahon chempionati va ushbu turnirning final bahsida urgan golini yodga oladi.

«Men jahon chempionati finalida gol urdim. 34ta muhim voqea» nomli kitob nashrdan chiqdi. Unda mundiallarning hal qiluvchi bahsida to‘p kiritgan futbolchilarning fotoportretlari va xotiralari zikr etilgan. Maykl Donald 6 yil mobaynida butun dunyo bo‘ylab sayohatga chiqib, buyuk gollar mualliflari bilan uchrashdi: 1950-yili o‘z goli bilan Urugvay termasiga g‘alaba keltirgan Alsides Gidjidan tortib, Germaniyaga 2014-yilgi JCh finalida bosh sovrinni tuhfa etgan Mario Gyotsegacha. Bugun mazkur kitobda keltirilgan ayrim voqealarga to‘xtalamiz. Albatta, hikoyani futbol qiroli Peledan boshlaymiz. Asarda bu shaxsga ikkita bob ajratilgan. Axir braziliyalik buyuk hujumchi ikkita mundial finalida raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan.

Edson Arantes do Nasimento (Pele)

1958-yilgacha Braziliya termasi biror marta jahon chempionatida g‘olib chiqmagandi. 1954-yil bu jamoa chorak finalda vengrlarga yutqazgandi. 1950-yilgi mundial finalida esa azaliy raqib - Urugvayga imkoniyat boy berilgan. 1958-yili Pele nomi hech nimani anglatmasdi. Endigina 17 yoshni qarshilagan yigitcha ikki yil avval «Santos» safiga qo‘shilgandi.

Tug‘ilgan sanasi: 1940-yil 23-oktyabr

Terma jamoasi: Braziliya

O‘yin: 1958-yilgi jahon chempionati Shvetsiya mezbonligida o‘tgan. Final 29-iyun kuni Solndagi «Rosunda» stadionida o‘tkazilgan.

Tomoshabinlar soni: 49 737

Natija: Braziliya — Shvetsiya — 5:2

Pelening gollari: 55 va 90-daqiqalarda urgan.

«Otam professional futbolchi bo‘lgan, - deydi futbol qiroli. - Ammo tizzasidan olgan jarohati tufayli faoliyatini erta yakunlagan. 1950-yilgi jahon chempionati yaxshi eslayman. O‘shanda 10 yosh edim, Braziliya «Marakana» stadionida o‘ynagandi. Otam va uning do‘stlari bo‘lajak yutuqni nishonlash uchun astoydil taom tayyorlashayotgandi. Barcha Braziliyaning chempion bo‘lishiga ishonardi. Ammo termamiz yutqazdi. Otam yig‘lagandi. Hammaning ko‘zida yosh, axir bir soat avval bayramona muhit hukm surardi. Men hech narsani tushunmay, so‘radim: «Otajon, nega yig‘layapsiz?». U javob berdi: «Chunki Braziliya jahon chempionatida mag‘lubiyatga uchradi». Uni yupatish maqsadida: «Yig‘lamang, o‘sha sovrinni siz uchun men yutib beraman», dedim. Oradan besh yil o‘tib «Santos» safida o‘ynay boshladim, bir yildan keyin esa Braziliya termasiga tarkibiga kiritildim, keyingi yili esa - jahon chempionati finalida to‘p surdim.

Otam bilan ro‘y bergan voqeadan so‘ng onam futbolchi bo‘lishimga qarshilik qildi: «Yo‘q, «Santos»ga bormaysan, sen o‘qituvchi bo‘lasan», dedi. O‘ylashimcha, 1950-va 1954-yillardagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng braziliyaliklarda milliy jamoaga bo‘lgan ishonch yo‘qolgandi. Binobarin, Braziliyada 1958-yildagi kabi terma avvallari bo‘lmagandi. Tarkiblar solishtirilsa, gapim o‘z isbotini topishi mumkin. Termada ilk bor ruhshunos - doktor Kavalo ish boshlagandi. U mening hali ancha yosh ekanligim, 17 yoshli yigitcha jahon chempionatidagi bosimga dosh berolmasligi, shu bois meni u yerga olib borish noto‘g‘ri bo‘lishini ta’kidlagandi. Shuningdek, mutaxassis Garrinchaga mas’uliyat yetishmasligini aytib, uni ham mundialdan chetda qoldirish kerak, deb o‘ylardi».

Ammo Kavalo adashgandi. Braziliya o‘z guruhida g‘olib chiqib, chorak finalda Uelsga to‘qnash keldi. Pele boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, ushbu bahsdagi yagona golga mualliflik qildi. Yarim finalda braziliyaliklar jahonning eng kuchli termalaridan biri - Fransiyani 5:2 hisobida yengishdi.

«O‘ylashimcha, yoshi katta o‘yinchilar katta bosimga uchrashardi. Final o‘tkaziladigan kuni erta tongda ular jurnalistlar bilan suhbatlashishdi. Bu paytda biz yashayotgan mehmonxona xo‘jayinlarining o‘g‘illari bilan o‘ynayotgandim. Bolakaylarning yorqin sochlari hamon esimda, o‘shanda bu men uchun yangilik edi.

Finalda Shvetsiyaga qarshi o‘ynashimiz lozim edi. Mezbonlarga qarshi to‘p surish og‘ir bo‘lishini taxmin qilgandik. Ammo o‘sha o‘yin oson kechdi, biz 5ta gol urdik. Men esa: «Afsuski, jahon chempionatida qanday o‘ynayotganimni otam ko‘rmayapti», deb o‘yladim. Butsalarimni kiyarkanman, Bauradagi ota-onamni ko‘z oldimga keltirdim, reportajni radio orqali eshitishyaptimi, yo‘qmi, bilmasdim. U paytlari o‘yinlar televideniye orqali ko‘rsatilmasdi. Shvetsiya qiroli biz bilan ko‘rishish uchun tribunadan tushganida esa miyamda bir o‘y charx urardi: «Yo, Tangrim, otam buni bilarmikan?».

Shvedlar hisobda oldinga chiqib olishganida, karaxt ahvolga tushdik. Ammo Didi darvozadagi to‘pni olarkan, bizga nima degani hamon yodimda: «Mana endi o‘yin boshlanadi, tashvishga hojat yo‘q». Vava birinchi golimizni urdi, keyin esa men «sombrero»ni amalga oshirdim: ko‘kragimda to‘pni to‘xtatib, uni himoyachining ustidan oshirib, zarba yo‘lladim. Men uchun o‘yindagi ikkinchi, jamoamizning so‘nggi golini meni qo‘riqlayotgan himoyachidan yuqoriroq sakrab, bosh bilan urdim. O‘shanda juda yuqoriga sakragandim. Darvozabon Zagallo bilan uyushtirgan kombinatsiyamizni kuzatib turgandi, so‘ngra men bo‘sh hududga ochilib... bosh bilan zarba berdim. Esimda, hattoki, shvetsiyalik muxlislar ham bizga qarsak chalishgandi.

Bu voqeadan sakkiz yil avval otam yupatishga urinayotgandim: «Yig‘lamang, siz uchun jahon kubogini yutib beraman». Endi esa o‘zim yig‘layotgandim. Terma jamoa va «Santos»ning o‘sha paytdagi darvozaboni Jilmar meni quchoqlagancha «Yig‘lama, yigitcha, yig‘lama!» derdi. Ammo tuyg‘ular junbushga kelgandi. Bunday pallada nimalarni his qilayotganingni so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘ladi.

Biz mundiallar finallarida urilgan gollar haqida gapiryapmiz. Ammo men uchun Uels darvozasiga kiritgan to‘pim eng qadrlisi. Chunki bu turnirdagi dastlabki golim edi. Aynan shu gol evaziga biz jahon chempionatidagi ishtirokimizni davom ettirdik. Usiz final ham bo‘lmasdi, butun Braziliyaning umidi yana puchga chiqardi».

A.AHMEDOV tayyorladi. 

interfutbol.uz saytidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring