Olimpiya o‘yinlaridagi shov-shuvli 7ta voqea

XXXII Yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga ham sanoqli kunlar qolmoqda. 23 iyuldan 8 avgustga qadar dunyoning nazari Tokioga qaratiladi.
Sport bu – bahs, yangi rekordlar, alamli mag‘lubiyatlar va albatta shov-shuvli voqealar. E’tiboringizga XIX-XXI asrlardagi Olimpiadalarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan 7 ta voqea taqdim etilmoqda.
- Parij, 1900 yil. Kaptarlarni otish
1900 yilgi Olimpiya o‘yinlariga musobaqa tashkilotchilari yangi sport turini kiritdi. Kaptarlarni otish musobaqasi matbuotda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ammo shunga qaramay, ushbu «sport» turi 1908 yilga qadar Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan. Oxiri tashkilotchilar qushlarni tirik mo‘ljal sifatida ishlatishga chek qo‘yishdi.
- AQSh, 1904 yil. Qoida buzgan marafonchilar
100 yil oldingi Olimpiya o‘yinlarida sportchilar tomonidan qoidalarni buzish holatlari tez–tez uchrab turgan. Bu borada marafonchilar yetakchilik qilgan. Amerikalik Frederik Lorzning oyog‘i tomiri bahs boshida tortishadi. Buni ko‘rgan sportchining mehribon muxlisi uni o‘z avtomobilida finishga 8 km. qolgunga qadar eltib qo‘yadi. Raqiblaridan ancha o‘zib ketgan Frederik finishga yetib kelgach, g‘alabasini nishonlashni boshlab yuboradi.
Ammo kuzatuvchi yetib kelgach, Lorzning kirdikorlari fosh bo‘ladi. U o‘yinlardan chetlatiladi. Uning o‘rniga esa oltin medal Tomas Xiksga topshiriladi. Ammo u ham yugurish paytida ikki marta dopping qabul qilgan ekan.
- Stokgolm, 1912 yil. Oltin medal «ranglilar»ga emas
1912 yilgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medallar sof oltindan quyilgan ekan, ammo bu hali hammasi emas.
AQShning hindu millatiga mansub sportchisi Jim Torp Stokgolmdagi musobaqada ikkita oltin medalni qo‘lga kiritib, haqiqiy yulduzga aylandi.
Ammo Olimpiya qo‘mitasi uni «professional» sportchiligi uchun o‘yinlardan chetlashtirdi. Reglamentga ko‘ra, turnirda faqat havaskorlar qatnashishi kerak ekan.
Qo‘mita sportchinining barcha medallarini tortib olib qo‘yadi, ammo matbuot qo‘mitani irqchilikda ayblay boshlaydi. Shunga qaramay, Jim Torpning nomi 60 yildan so‘ng qayta tiklanadi.
- Amsterdam, 1928 yil. Ayollarga qatnashish taqiqlanadi
Sport olamida gender tengsizlik yo‘q. Xotin-qizlar bemalol futbol o‘ynashi, kamondan o‘q otishi mumkin. Ammo 1928 yilga qadar Olimpiadada uzoq masofalarga yugurishda ayollar qatnashishi taqiqlab qo‘yilgan.
Amsterdamdagi o‘yinlarda ayollarga 800 metrga yugurish musobaqasida qatnashishga rasman ruxsat berildi. Butun dunyo OAV sport ayollar salomatligiga putur yetkazishni bahona qilib, bu qarorga o‘z qarshiligini ko‘rsatishni boshlaydi.
1960 yilga qadar ayollar sportning qator yengil atletika turlaridan chetlatilgan.
- Myunxen, 1972 yil. Eng qonli Olimpiada
1972 yil Germaniya o‘tmishdagi xatoligini yuvmoqchi bo‘ldiyu, buni eplolmadi. Myunxendagi Olimpiya shaharchasi ochiq eshiklar hududiga aylandi. Sportchilarning xavfsizligi yaxshi ta’minlanmagani uchun 1972 yilgi o‘yinlar tarixda qonli Olimpiada nomi bilan muhrlandi.
Isroillik sportchilar joylashgan xonaga falastinlik terrorchilar kirib, u yerdagi 11 nafar sportchini garovga oladi. Ular Isroilda qamoqqa olingan arablarni ozod etish evaziga sportchilarni qo‘yib yuborish talabini qo‘yadi.
Sportchilarni ozod etish operatsiyasida ularning barchasi o‘ldiriladi.
- Pekin, 2008 yil. Hakamning kaltaklanishi. O‘sha mashhur mem
Tajribali hakamlar sportchini musobaqa paytida chalg‘itish yaxshi g‘oya emasligini yaxshi biladi. Jahli chiqqan sportchi o‘zini boshqara olmaydi.
Musobaqa paytida hakam kubalik taekvondochi Anxela Volodia Matosni «tibbiy pauza»ni cho‘zishda ayblab, uni matdan chetlashtirdi. Sportchi referiga noto‘g‘ri qaror chiqazayotganini tushuntirmoqchi bo‘ladi. Ammo hakam uni eshitishni istamaydi, shundan so‘ng oyoq bilan aylanma zarba berish bilan tanilgan kubalik sportchi hakamni o‘zining «qirollik» zarbasi bilan «siylaydi».
Hakamning labi yoriladi, Matos esa bir umrga professional sportdan chetlashtiriladi.
- Rio, 2016 yil. Hakamlar qaroridan norozi mongoliyalik murabbiylar.
Hammani yodida bo‘lsa kerak-a o‘sha holat? 2016 yilgi Riodagi Olimpiadada erkin kurashning bronza medali uchun bahsda mongoliyalik Chanyador Ganzorig hamda o‘zbekistonlik Ixtiyor Navro‘zov matga ko‘tariladi. 10 soniya qolganda mongoliyalik sportchi vaqtni cho‘zib, g‘alabasini nishonlashni boshlaydi.
Ammo o‘zbekistonlik sportchining murabbiylari hakamlik shtabiga mongoliyalik sportchi atayin vaqtni cho‘zdi, deb apellyasiya beradi.
O‘zbekistonlik sportchilarning talabi qondiriladi. Yakuniy hisob 7:7. Oxirgi bal Ixtiyor tomonidan olinganligi uchun u g‘olib deb e’lon qilinadi.
Hakamlar qaroridan norozi mongoliyalik murabbiy o‘z kiyimilarini yechishni boshlaydi. Murabbiylar 3 yilga sportdan chetlashtiriladi.
Keyinchalik Xalqaro kurash federatsiyasi tomonidan mongoliyalik sportchi $50 mingga jarimaga tortiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter