OFKning o‘zbekistonlik mutaxassisi: «O‘zbekiston terma jamoasidan yaxshi natija kutyapman»
![OFKning o‘zbekistonlik mutaxassisi: «O‘zbekiston terma jamoasidan yaxshi natija kutyapman»](https://static.xabaruz.com/crop/9/6/720_460_95_967028319.jpg)
Osiyo futbol konfederatsiyasida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassis Avaz Berdiqulov O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining ayni paytda Xitoyda davom etayotgan Osiyo chempionatidagi ishtiroki haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
«Terma jamoamiz kuchli, Qatar bilan o‘yinda ham vakillarimiz to‘la ustunlikka ega bo‘lishgandi. Shuning uchun bu terma jamoa a’zolaridan yaxshi natija kutyapman.
Terma jamoamiz tarkibida bir qator tajribali futbolchilar, jumladan, Osiyo chempionlari bor. Tarkibdagi aksariyat futbolchilar uchun bu birinchi xalqaro musobaqa emas.
Ayni paytda Olimpiya terma jamoamizni boshqarayotgan murabbiyimiz Ravshan Haydarov ham katta musobaqalarda ishlagan, Osiyo chempionati ishtirok etish tajribasi bor.
Bu futbol, oxirgi o‘yinda har qanaqa natija ro‘y berishi mumkin, shuning uchun hozir taxmin qilish befoyda.
Umid qilamizki, shu tarkib 2020-yil Tokida bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga hamda 2022-yil Qatarda bo‘ladigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi», - deydi Avaz Berdiqulov.
Avaz Berdiqulovni ko‘pchilik futbol muxlislari yaxshi bilishadi. O‘z vaqtida u «Chempion» gazetasi va «FIFA» jurnalidagi o‘tkir maqolalari bilan ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgan. U 1999-yil Angliyaning Bornmut shahri Universitetida Jurnalistika bo‘yicha magistraturani tamomlagan. O‘qishni tamomlaganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Jahon axborot agentligida faoliyat yuritgan.
2004-2008-yillar oralig‘ida Xitoyning Pekin shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotida O‘zbekistonning vakili sifatida ishlagan. 2008-yil Xitoydagi shartnomasi yakuniga yetganidan so‘ng yozda Osiyo futbol konfederatsiyasiga ishga taklif qilishgan. Avaz Berdiqulov shu yili OFKning Musobaqalarni tashkil qilish va o‘tkazish Departamentida ish boshlgan.
O‘tgan 9 yildan oshiqroq vaqt davomida u OFKning Musobaqalar tashkil qilish va o‘tkazish Departamenti Terma jamoalar boshqarmasi boshlig‘i lavozimigacha ko‘tarildi. Ayni paytda ana shu lavozimda faoliyat yuritmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter