OFK ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi Toshkentda o‘tkaziladi
Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati oldidan ayni kunlarda jahon futbol amaldorlari, futbol yulduzlari va murabbiylari Rossiya poytaxti Moskva shahrida jam bo‘lishgan.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi sayti xabariga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov ham ayni paytda Moskva shahrida bo‘lib turibdi. MOQ rahbari Yaponiyadan to‘g‘ri Moskvaga yetib bordi. Bugun Umid Ahmadjonov u yerda Osiyo futbol konfederatsiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa bilan uchrashdi.
Do‘stona ruxda o‘tgan norasmiy uchrashuvda tomonlar 2019 yili Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan fikr almashishdi. Shuningdek, Shayx Salmon o‘zbek futbolida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va buning uchun Umid Ahmadjonovga minnatdorchilik izhor qildi. Ana shunday yangiliklarni, islohotlarni bundan buyon ham davom ettirilishi tarafdori ekanligini ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida Umid Ahmadjonov va Shayx Salmon Osiyo futbol konfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishini shu yilning oktyabr oyida Toshkentda o‘tkazish masalasini ham muhokama qilishdi. Demak, muzokaralar yakuniga ko‘ra navbatdagi muhim yig‘ilishga Toshkent shahri mezbonlik qiladigan bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Umid Ahmadjonov 12-13 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan FIFA Kongressida ishtirok etadi. Shuningdek, 14 iyun kuni Jahon chempionatining ochilish o‘yini – Rossiya hamda Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni «Lujniki» stadionidagi martabali mehmonlar lojasidan kuzatib boradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter