O‘FAning maxsus komissiyasi Aziz Turg‘unboyev ishi bo‘yicha tomonlarni so‘roqqa tutdi
Joriy yilning 22-yanvar kuni «Paxtakor» klubi Aziz Turg‘unboyev bilan 1-yanvar kuni tuzilgan shartnomani OFK Chempionlar ligasi saralash bahslari uchun ro‘yxatdan o‘tkazishga olib keldi. 28-yanvar kuni esa klub PFL bosh direktoriga mazkur shartnomaga imzo qo‘ygan futbolchi «Navbahor» safida xorij yig‘inida ishtirok etayotgani yuzasidan shikoyat arizasi bilan murojaat yo‘lladi. Shundan so‘ng mazkur shikoyat arizasi PFL tomonidan O‘FAning «Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita»siga oshirildi, deyiladi O‘FA matbuot xizmati xabarda.
Natijada «Futbolchilarning maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita» hamda «Intizom va odob-axloq qo‘mitasi» komissiyasi bugun, 2-fevral sanasidan ushbu masala yuzasidan ish boshlagan. Shu boisdan bugun har uchala tomon O‘FA binosiga chaqirildi va ular navbatma-navbat tinglandi. Dastlab Aziz Turg‘unboyevning o‘zi vaziyatga izoh berdi. So‘ngra «Paxtakor» sport direktori Ja’far Irismetov taklif etildi va uning fikrlari eshitildi. Keyin esa «Navbahor» vitse-prezidenti Shamshod Sarikov va klub direktori Rasul Akramov komissiya a’zolariga o‘z talqinini bayon etdi. Shuningdek, «Intizom va odob-axloq qo‘mitasi» so‘rovi bilan suhbatga chaqirilgan, mazkur vaziyatdan bevosita xabardor bo‘lgan «Navbahor» jamoasi sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov ham ushbu nizoli vaziyat yuzasidan o‘z bilganlari bilan o‘rtoqlashdi.
Futbolchi ham, klublar ham ushbu chigal holat qanday yuzaga kelgani borasidagi o‘z talqinlarini gapirib berishdi. Komissiya a’zolari suhbat davomida vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Aziz Turg‘unboyevga ham, klublar vakillariga ham savollar bilan murojaat qildi.
Yakunda har uchala tomon, shuningdek, «Navbahor» jamoasi sobiq bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonovning barchasi tinglab bo‘lingach, komissiya mazkur chigal vaziyatni yechishga yordam beradigan dalil va hujjatlarni taqdim etish uchun tomonlarga dushanba kuni soat 12:00gacha vaqt berdi. Komissiya a’zolari mazkur holat yuzasidan to‘plangan barcha faktlarni seshanba, 5-fevral kuni muhokama etish uchun yana to‘planadi.
Agar ushbu masala bo‘yicha yana qo‘shimcha ma’lumot va ko‘rsatmalar talab etilmasa, komissiya o‘z qarorini 5-fevral kuni e’lon qilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter