O‘FA «Navbahor» va «Bunyodkor»ga qo‘llagan 500 million jarima yuzasidan bayonot berdi
![O‘FA «Navbahor» va «Bunyodkor»ga qo‘llagan 500 million jarima yuzasidan bayonot berdi](https://static.xabaruz.com/crop/2/9/720_460_95_2970980786.jpg)
Kecha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ijroiya qo‘mitasi byurosi qarori asosida (qaror qabul qilingan paytda O‘zbekiston futbol federatsiyasi) «Navbahor-Lochinlari» klubi futbolchisi Oybek Qilichev bir yilga va «Bunyodkor» klubi futbolchisi Dilshod Ahmadaliyev butunlay futboldan chetlatilganligiga qaramay, klublari tarkibida o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushganligi, bu bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ijroiya qo‘mitasi byurosi qarorlarini buzganligi uchun ijroqo‘m byurosining 2018-yil 21-fevraldagi 6-sonli qaroriga ko‘ra «Navbahor-Lochinlari» hamda «Bunyodkor» futbol klublarining har biriga 500 million so‘m miqdorida jarima solinganligi haqida xabar chiqqan edi.
O‘FAning mazkur qarori ko‘plab munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi quyidagilarni ma’lum qiladi:
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ijroiya qo‘mitasi byurosining 2018-yil 21-fevraldagi 6-sonli qarori amaldagi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi nizomining 14-moddasi hamda O‘zbekiston professional futbol ligasi reglamentining 3.2 bandi, intizom kodeksining 5.22-bandiga binoan qabul qilingan.
Reglamentning 3-moddasida futbol klublariga alohida talablar belgilangan bo‘lib, uning 3.2-bandida futbolga oid har qanday masalalarda O‘FA va O‘zPFL qarorlariga bo‘ysunishi alohida belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘FA intizom kodeksining 5.22 bandida talablarni bajarmaslik uchun intizomiy chora sifatida jarima qo‘llanilishi belgilangan. Qo‘llaniladigan jarima miqdori esa 500 million so‘mgacha ko‘rsatilgan.
Nizomning 14-moddasida assotsiatsiyasi a’zolari uning qarorlariga to‘la muvofiqlikda harakatlanishi belgilangan. Majburiyatlarning har qanday a’zolar tomonidan buzilishi esa sanksiyalar qo‘llanishiga olib kelishi mumkin.
Tan olish lozim, belgilangan jarima miqdori katta, har qanday klub g‘aznasiga ta’sir eta oladi. Ammo bugungi kun talabidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, har qanday sohada ishchanlik ruhi hukm surayotgan, adolat qaror topayotgan, har bir shaxs Vatan farzandi sifatida yurt rivoji uchun kuyib-yonayotgan davrda mas’uliyatsizlikka, e’tiborsizlikka, ishga ko‘z-ko‘rona yondoshishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini har birimiz his qilishimiz kerak.
Qabul qilinayotgan rasmiy hujjatlar hayotga tadbiq qilinsagina, vijdonan bajarilsagina unum bo‘ladi. Vaholanki, «Navbahor» klubi ham, «Bunyodkor» klubi ham o‘zi bo‘ysinuvchi tashkilotning hujjatlariga panja ortidan qaradilar, «kim ko‘ribdi, kim bilibdi» qabilida ish tutdilar. Qo‘llanilgan jazo esa boshqalarga o‘rnak misolida, hushyorlikni oshirish, mas’uliyatni his qilish sifatida qabul qilinishi inobatga olingan.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mamlakatimizda futbolni muvofiqlashtirish bo‘yicha yuqori tashkilot hisoblanadi. Shunday ekan unga bo‘ysunuvchi a’zolar, shu jumladan, futbol klublari uning qarorlarini so‘zsiz bajarishi va hurmat qilishi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter