«Napoli» Italiya kubogi finaliga chiqdi
Italiya kubogining yana bir finalchisi aniqlandi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra Milanning «Internatsionale» klubidan ustun kelgan «Napoli» finalga yo‘l oldi.
Koronavirus pandemiyasi boshlanmasidan avval Milanda bo‘lib o‘tgan ilk o‘yinda «Napoli» 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Javob o‘yinida jamoaga durang ham kifoya qilardi. Biroq Neapoldagi o‘yinning uchinchi daqiqasidayoq «Inter» oldinga chiqib oldi — Kristian Eriksen burchak zarbasidan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi.
Biroq «Napoli» tanaffusga ortiqcha tashvishsiz chiqib ketish uchun o‘zida kuch topa oldi. Eriksenning golida «bosh aybdor» — darvozabon Ospina o‘z xatosini yuvdi va qarshi hujumni boshlab berdi. Hujumga so‘nggi nuqtani qo‘ygan Dris Mertens ham jamoani finalga olib chiqdi, ham «Napoli» tarixidagi eng sermahsul futbolchiga aylandi: 122-golini urgan belgiyalik Hamshek va Maradonadan o‘tib ketdi.
«Inter»ning ikkinchi golni urish uchun urinishlari besamar ketdi, hisob — 1:1, «Napoli» Italiya kubogi finalida o‘ta jiddiy raqib — «Yuventus» bilan to‘qnashadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter