Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Na «Anji» va na «Bunyodkor»da. Doston Hamdamov qayerda?

Na «Anji» va na «Bunyodkor»da. Doston Hamdamov qayerda?

Foto: Foto: «Championat.asia»

Bir futbolchining bir jamoadan boshqa jamoaga ko‘chib o‘tishi, futbol tili bilan aytganda, «transfer» qilinishi tabiiy hol. Ayniqsa, gap o‘zbekistonlik futbolchining kuchliroq chempionatga o‘tishi haqida ketganda, buni barcha katta xursandchilik va mamnuniyat bilan qarshi oladi. Tarkibida aynan hamyurtimiz to‘p surayotgani uchun ham o‘sha jamoaga muxlislik qiladigan ishqibozlar ham istagancha topiladi. O‘z vaqtida «Dinamo Kiyev», «Anji», «Krasnodar» jamoalariga, bugungi kunda va Moskvaning «Lokomotiv» klubiga xuddi shu sabab bilan muxlislik qilayotgan yurtdoshlarimiz serobligini hech kim inkor etmasa kerak.

Yaqinda «Bunyodkor» futbolchisi Doston Hamdamov Maxachqal’aning «Anji» klubi safiga borib qo‘shilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo voqealar rivoji bu safar sal boshqacharoq.

Hamdamovning rus klubiga o‘tayotganini birinchilardan bo‘lib «championat.asia» yozdi. Sayt bu xabardan «shokka tushganini» bildirib, «Bunyodkor»dan so‘roqsiz ketgan Hamdamovni «tuzluqqa tupurmaslikka» chaqirdi. Keyinchalik bu xabar saytdan o‘chirib tashlangan bo‘lsa-da, voqeaning barcha tafsilotlari turli saytlarda batafsil yoritildi.

Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Doston aslida «Anji»ga qochib ketmagan, balki Maxachqal’a klubi «Bunyodkor»ning shartlariga to‘la rozi va futbolchi transferini xarid qiladi. Futbolchining otasi bergan ma’lumotga ko‘ra, o‘g‘li «Anji» bilan 1,5 yillik shartnomaga qo‘l qo‘ygan va bu Doston uchun muhim qaror.

Ammo 1-mart kuni «Kun.uz»da «Bunyodkor» rahbarlarining ushbu mojaroli transferga bildirgan izohi e’lon qilindi. Unda aytilishicha, haqiqatdan ham «Anji»dan futbolchi haqida xat kelgan. Hamdamovning shartnomasida transfer narxi 300 ming yevro etib belgilangan. «Bunyodkor» bosh direktori Murod Aliyevning aytishicha, ular «Anji»ga javob xati yozib o‘z shartlarini ma’lum qilgan. FIFA qoidalariga muvofiq, futbolchi 23 yoshgacha boshqa jamoaga ketadigan bo‘lsa, u tarbiya topgan akademiyasi uchun ham ma’lum miqdorda kompensatsiya to‘lanishi kerak bo‘ladi. Doston klub akademiyasida 13 yoshidan buyon tarbiyalanib kelayotgani bois javob xatida tovon pulidan tashqari FIFA talabi bo‘yicha kompensatsiya mablag‘ini o‘tkazib berishi kerakligi bildirilgan. Hamdamov uchun olinadigan puldan tushadigan mablag‘ ham klub xarajatlari, ham hozir eng zarur bo‘lib turgan qarzlarni yopishga sarflash ko‘zlangan. Hozircha bu borada hech qanday javob bo‘lgani yo‘q.

Doston Hamdamov «Anji»ning Turkiyadagi yig‘inlarida ishtirok etdi, Belarusning «Slutsk» jamoasi bilan o‘yinda maydonga tushib, jamoasining yagona goliga mualliflik ham qildi. Ammo kuni kecha tanishtirilgan «Anji»ning yangi futbolchilari orasida Doston Hamdamov ko‘rinish bermadi. Klub rasmiy saytida keltirilgan jamoa futbolchilari tarkibida ham (garchi boshqa barcha yangi futbolchi qo‘shilgan bo‘lsa-da,) Hamdamovni topa olmadik. Maxachqal’aliklarning kechagi «Rubin» bilan o‘yinida ham Doston «zayavka»ga kiritilmadi.

Savol tug‘iladi? Doston Hamdamov qayerda? «Anji»da bo‘lsa nega u haqda rasman e’lon qilinmayapti? Uni yashirishdan qanday maqsad ko‘zlanmoqda? Bu mojaroning eng tashvishli tomoni — terma jamoaga jalb etilgan Hamdamovning o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi ham mumkin. «Anji» uni yashirishda davom etsa, voqealar rivoji nima bilan yakun topadi?

Albatta, Doston Hamdamov uchun Rossiya chempionatiga o‘tish o‘ta muhim va zarur qaror. Nafaqat futbolchi, balki terma jamoamiz uchun ham foydali bo‘lishi aniq. Shu bois ushbu mojarolar tezroq yakun topib, Doston Hamdamovning o‘z klubini topib olishiga umid bildiramiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring