Meni ranjitgan «Navbahor»ga muxlislar qaytmoqda
Superliganing 3-turidan o‘rin olgan «Navbahor» – «Lokomotiv» o‘yinida 2018-yil uchun rekord natija qayd etildi. Shu kuni Namangandagi markaziy stadionga 25300 nafar muxlis keldi. Bu hozircha joriy mavsumdagi rekord natijadir.
Ana shu ma’lumotni internet orqali o‘qib eski xotiralar yodga tushdi. Tajribali futbol ishqibozlari Namanganning «Navbahor» jamoasi qanday kuchga ega bo‘lganini yaxshi bilishadi. O‘z vaqtida milliy terma jamoamizning yetakchi futbolchilari Gennadiy Denisov, Farhod Magometov, Abduqahhor Ma’rufaliyev, Oleg Shatskix, Oleg Belyakov, Zafar Musaboyev, Tohir Madrahimov, Server Jeparov, Leonid Koshelyov, Anvar Soliyev shu jamoada o‘ynashgan.
1996-yilgi mavsum namanganlik muxlislarning yodidan ko‘tarilmagani aniq. Zero, o‘sha yili jamoa shu paytgacha yagona bo‘lib kelayotgan chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan. Chempionat yakunlanishiga bir tur qolganda «Navbahor» o‘z maydonida «Yangiyer»ni qabul qilishi lozim edi. Bordi-yu jamoa g‘alaba qozonsa, tarixda birinchi marta O‘zbekiston chempioni degan sharafli unvonni qo‘lga kiritar, ochko yo‘qotsa, Farg‘onaning «Neftchi»sini oldinga o‘tkazib yuborishi mumkin edi.
Kechagidek yodimda, vazifa 1996-yilning 28-oktyabrida kutilganidan ham a’lo darajada bajarildi. O‘yin 5:1 hisobida namanganliklar foydasiga hal bo‘ldi. Jamoa chempion degan nomga o‘z uyida, 55 ming muxlisning ko‘z o‘ngida erishdi. Aynan shu kuni o‘rnatilgan rekord hozirgacha yangilangani yo‘q. Ya’ni, shu kungacha O‘zbekiston chempionati o‘yiniga 55 ming muxlis tashrif kelmagan.
Ushbu o‘yindan so‘ng juda xafa bo‘lganman. Chunki 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lgan «Yangiyer» jamoasining ashaddiy muxlisi edim. «Navbahor» muxlislarini Namanganga katta futbol qaytayotgani bilan, «Navbahor» klubini esa stadionga ashaddiy muxlislari qaytayotgani bilan tabriklayman!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter