Gimnastika fojialari: kim, qachon, qayerda?
Sport gimnastikasi tarixiga nazar tashlasangiz, mashhur sportchilarning fojiali taqdiriga ko‘zingiz tushadi. Nozik harakatlar, epchillik va kuchli irodani talab etiladigan gimnastika ko‘pchilikning nazdida inson sog‘lig‘i uchun o‘ta xavfli sport turidek ko‘rinadi. Aslida ham shundaymi? Biz bugun ana shunday fojialarning eng mashhurlarini yodga olamiz.
Yelena Muxina
Yelena Muxinaning taqdiri sport gimnastikasi tarixida alohida o‘rganiladi. 1978-yilda mutlaq jahon chempionligiga erishgan Yelena 26 yoshida jarohatlanib, bir umr to‘shakka mixlanib qolgan.
Julissa Gomes
Amerikalik Julissa Gomes tayanib sakrash mashqi vaqtida olgan jarohatidan vafot etdi. 1988-yili Yaponiyadagi musobaqada u tramplindan sakrash chog‘ida toyib ketib boshidan jarohat oladi. Julissa hushidan ketib, butunlay falaj bo‘lib qoldi. U shifoxonada bir necha kun jon saqladi. Sun’iy nafas yuborish apparatining o‘chib qolishi esa dard ustiga chipqon bo‘ldi: gimnastikachi qizning miyasi jiddiy shikastlandi.
Julissaning oilasi unga 3 yil g‘amxo‘rlik qildi. 1991-yili u o‘n sakkiz yoshida Xyustonda vafot etdi.
Aleksandra Marinesku
Mashhur rumin gimnastikachisi, Atlanta olimpiadasi chempioni Aleksandra Marinesku 1997-yili mashg‘ulotlarda umurtqasidan jarohatlanib, 15 yoshida sport bilan xayrlashdi. Butunlay shol bo‘lib qolishdan qo‘rqqan qiz uchta xavfli operatsiyaga rozi bo‘ldi. Biroq, taqdir ekan, bir umr nogiron bo‘lib qoldi.
San Lan
17 yoshli xitoylik San Lan 1998-yili Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Yaxshi niyat o‘yinlarida dahshatli jarohat oldi. 21-iyul kuni u mashg‘ulot payti tayanib sakrashni mashq qila turib noqulay tarzda boshi bilan yiqildi. Yetti soat davomi etgan operatsiyadan so‘ng sportchining harakatlanish imkoniyatlari qayta tiklanmasligi ayon bo‘ldi. Xitoy chempionining ko‘nglini ko‘tarish maqsadida amerikaliklar bor kuch-g‘ayratlarini ishga solishdi. Hatto Hollivuddan Leonardo di Kaprio va Jeki Chan kabi aktyorlar qizni ko‘rgali kelishdi. Kanadalik Selin Dion sportchining palatasida «Titanik» filmida ijro etilgan mashhur qo‘shig‘ini kuylab berdi.
1999-yilda vataniga qaytgan sportchi ko‘pchilikning yodidan ko‘tarildi. 2008-yili Pekinda bo‘lib o‘tgan paralimpiya o‘yinlarida San Lan olimpiya mash’alasini yoqib berdi. Hozir sobiq sportchi paralimpiya o‘yinlarida g‘olib chiqishni orzu qilmoqda.
Yohan Xablik
2002-yilning noyabrida umurtqasini sindirib olgan nemis gimnastikachisi Yohan Xablikning bir qo‘li butunlay ishlamay qolgan.
Alim Hasan
2003-yilning iyulida kamerunlik Alim Hasan mamlakat chempionati doirasidagi musobaqada jarohat oldi. Mashqlardan birida sportchi yerga boshi bilan tushdi va bosh suyagi yorildi. Gospitalga olib borilgach, 24 yoshli Hasanning joni uzildi.
Ronni Zismer
2004-yilning 15-iyulida olimpiada medallariga da’vogar bo‘lgan nemis sportchisi Ronni Zismer bilan baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi. U mashg‘ulot vaqtida yiqilib, bo‘ynini sindirib oldi. Natijada qo‘li va oyoqlari ishdan chiqdi. Baxtsiz hodisa sportchi ikkitalik salto mashqini bajarayotganida sodir bo‘ldi. Berlindagi tibbiyot markazining tashxisi juda ayanchli edi. Bosh shifokor Valter Shafarsikning aytishicha, «Ronnining falaj oyoq-qo‘llari hech qachon harakatlana olmasligi ehtimoli juda katta».
Vrachlarning taxmini qisman to‘g‘ri chiqdi. Bugungi kunda Ronni Zismer nogironlar aravachasida, biroq qo‘li butunlay shol bo‘lmagan. U har millimetr harakat uchun kurashmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter