Futboldagi eng zo‘r raqamlar va ularning sohiblari
Zamonaviy futbolda raqamlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ular ilk bor 1920-yillarda futbolchilarning libosidan o‘rin olgan. Shubhasiz, xuddi futbolning vatani Angliya bo‘lganidek, liboslardagi raqamlar ham Angliyada ilk bor vujudga kelgan. 1928 yilning 13 oktyabrida Londonning ikki klubi «Arsenal» va «Chelsi» tarixda ilk bor 1 dan 11 gacha bo‘lgan raqamli futbolkalarda maydonga tushishgan. Raqamlardan ommaviy ravishda foydalanish o‘n yillardan so‘ng boshlangan. 1994 yilgi jahon chempionatidan boshlab har bir o‘yinchiga ma’lum bir raqamni biriktirib qo‘yish qoidasi paydo bo‘ldi. Garchi futbolchilar o‘zlari xohlagan raqamlarni tanlashgan bo‘lsa-da, ba’zi raqamlar futbolchining maydondagi pozitsiyasiga qarab belgilanishi an’anasi hozirgacha saqlanib qoldi. Bugun biz sizga futboldagi an’anaga aylangan raqamlar va ularning tarixi haqida ma’lumot beramiz.
Zamonaviy futboldagi eng muhim raqamlardan biri 12 sanaladi. Ko‘pgina klublar uni o‘zlarining ramziy ma’nodagi o‘n ikkinchi o‘yinchisi hisoblanmish ishqibozlariga taqdim etishadi. «Bavariya», «Zenit», SSKA, PSV, «Dinamo» (Kiyev) va boshqa klublar shular jumlasidandir. Ba’zan klublar o‘z ishqibozlariga boshqa raqamlarni ham biriktirishi uchrab turadi. Masalan, «Reding» va «Panatinaikos» klublari o‘z ishqibozlariga 13, «Rostov» klubi rahbariyati esa 61 (Rostov viloyati avtomobillari indeksi) raqamini loyiq ko‘rishgan. «O‘n ikkinchi o‘yinchi» atamasining kelib chiqishi 1922 yilda Amerika futbolida vujudga kelgan. O‘shanda jamoalardan birining asosiy tarkibiga bitta futbolchi yetishmagach, jamoa murabbiylari ishqibozlardan yordam so‘ragan.
13 raqamini irim-sirimga ishonadigan odamlar «baxtsiz raqam» deyishadi. Ba’zi davlatlarda ko‘p qavatli uylarning 13-qavati 14-qavat deb atalishi ham shundan. Futbolchilar orasida ham shunday irimchilar topiladi. Ammo shunday futbolchilar borki, 13-raqam bilan butun dunyoga tanilmoqda. Ko‘pincha bu raqamni darvozabonlar olishadi. Masalan, Yan Oblak! Qachonlardir «Atletiko»ning ikkinchi darvozaboni bo‘lgan bu yigit bugungi kunda dunyoning eng kuchli darvozabonlaridan biriga aylandi. «Real» va «Barselona»ning ikkinchi darvozabonlari – Kiko Kasilya va Yasper Sillessen ham 13-raqam bilan yomon taassurot qoldirishmayapti. Bugungi kunda o‘sha «baxtsiz raqam» Ospina, Kurtua va boshqa mashhur darvozabonlarning libosini bezab turibdi. Maydonning boshqa nuqtalarida harakatlanuvchi o‘z ishining ustalari – Aleksandr Gleb, Alessandro Nesta, Gerd Myuller, Tomas Myullerlar ham 13-raqamda maydonga tushishgan, tushishmoqda.
80 dan 99 gacha bo‘lgan raqamlarning ham o‘z tarixi bor. Hozirgi paytda «90+»lar ko‘proq ommalashmoqda. Ko‘p hollarda bu futbolchining tug‘ilgan yili bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, Rossiya terma jamoasining bugungi yulduzi Fyodor Smolov 1990 yilda tug‘ilgan, uning «Krasnodar»dagi raqami ham 90. Ronaldino 1980 yili tavallud topganligi sababli «Milan»da ham 80-raqamni tanlagan. To‘g‘ri, bu futboldagi eng ko‘p tarqalgan usul deb bo‘lmaydi, ammo bugungi kunda bu prinsipga tez-tez murojaat qilinmoqda.
Raqamlar xususida gap ketganda 8 ni esdan chiqarish mumkin emas. Yozilmagan qoidaga ko‘ra bunday raqamni maydon markazida o‘ynovchi futbolchilar tanlashadi. Futbolkasida ana shu raqam aks etgan mashhur yarimhimoyachilar haqida gap ketganda Frenk Lempard va Stiven Jerardni tilga olish mumkin. Andres Inesta haqida yozmasak «Barselona» muxlislari xafa bo‘lishlari turgan gap. Odatda aynan ana shunday pleymeykerlar jamoaning motoriga aylanishadi va muvaffaqiyatlar ham ko‘pincha ularning harakatlariga bog‘liq bo‘ladi.
4 va 5 raqamlari jamoaning ishongan markaziy himoyachilariga topshiriladi. Zamonaviy futbolda Serxio Ramos, Mats Xummels, Vensan Kompani va boshqa mohir himoyachilar ana shu raqamlarda o‘ynashadi. Beshinchi raqamda «qizil iblislar»ning taniqli himoyachisi Rio Ferdinand, Germaniya termasida mashhuri jahon Frans Bekkenbauer to‘p surgan.
17, 77 kabi raqamlarda to‘p suruvchi futbolchilar ko‘pincha 7 raqamining shaydosi bo‘lishadi. Jamoada 7 ning doimiy xo‘jayini bo‘lgach, noilojlikdan 7 raqami aralashgan ikki xonali raqamlarni tanlashga majbur bo‘lishadi. Masalan, Kevin de Bryuyne, Oleg Shatov kabi futbolchilar. 17-raqamda «Napoli» sardori Marek Gamshik to‘p suradi. U jamoaga kelganida 7-raqamda o‘sha paytdagi yetakchi Esekel Lavessi to‘p surar edi. Argentinalik ketganidan keyin ham qaysar Gamshik raqamini o‘zgartirishni xohlamadi. «Chelsi»dagi faoliyatini 17-raqamda boshlagan Eden Azarga kelsak, u vaqt o‘tishi bilan 10-raqamni ma’qul ko‘rdi.
O‘tgan asrning oxirlarida mashhur bo‘lgan 11-raqam odatda hujum guruhidagi futbolchiga beriladi. Ko‘pincha 7, 10, 9 kabi raqamlar band bo‘lganida 11-raqam tanlanadi. Eng yorqin misol – Garet Beyl. Xamesning «Bavariya»dagi holati ham shunga o‘xshash. 11-raqamda Aleksandr Kerjakov, Anxel di Mariya, Mesut O‘zil va boshqa mashhurlar so‘p suradi.
9 haqiqiy markaziy hujumchilarning raqami. Bu raqamda to‘p surgan futbolchidan faqat gol urish talab qilinadi. Zamonaviy futbolda Robert Levandovskiy, Luis Suares, Karim Benzema va boshqalar ana shu raqamda faoliyat yuritadi.
21-asrga kelib 7-raqam jamoaning eng asosiy futbolchisi, yetakchisining raqami sifatida tanlanadigan bo‘ldi. Ko‘pgina jamoalarning sardori yoki asosiy hujumchisi ana shu raqamda to‘p suradi. Umuman olganda, bu raqamni mashhur qilgan jamoa sifatida «Manchester Yunayted» tan olinadi.
Bu jamoada Kantona, Bekxem, Ronaldu kabi yulduzlar yettinchi raqamda to‘p surgan. Darvoqe, jamoa bosh murabbiyi Aleks Fergyuson 7-raqamni o‘z ustida ishlashdan tinmasligi uchun ham yosh Ronalduga topshirishni maqsad qilgan ekan. Bugungi kunda Ronaldu «Real»da, Frank Riberi «Bavariya»da, Antuan Grizmann «Atletiko»da ana shu raqamda to‘p suradi. Bir vaqtlar ukrainalik Andrey Shevchenko ham «Milan»da 7-raqam egasi hisoblangan.
10 hamma davrning eng zo‘r raqami hisoblangan. Uning egasi odatda jamoada o‘yinni hal qiluvchi futbolchi hisoblanadi. U yaxshi o‘ynasa jamoa yutadi, yomon o‘ynasa jamoa qiynaladi. Mazkur raqam egalarining eng mashhurlari argentinalik ikki yulduz – Diyego Maradona hamda Lionel Messi hisoblanadi.
Diyegoning bu raqamni tanlashi ham shunchaki tasodif emas. Axir bu raqamda yana bir futbol yulduzi Pele to‘p surgan. Uning 10-raqamda o‘ynashi esa haqiqiy tasodif edi. FIFA Braziliya terma jamoasi bergan ro‘yxatni tartib bo‘yicha qo‘yib chiqqan, xolos. Zamonaviy futbolda Lionel Messi, Luka Modrich, Neymar kabi futbolchilar 10-raqamda to‘p surishadi.
Futboldagi eng muhim raqam — 1. Chunki uning egasi jarohat olsa, qolganlar o‘yinni to‘xtatib, kutib turishga majbur bo‘ladi. Jiddiy aytadigan bo‘lsak, odatga ko‘ra yarim jamoa – darvozabonlargina 1-raqamni o‘z liboslariga «tikib olishadi».
Bugungi kunda Keylor Navas, Andre ter Shtegen, Manuel Noyer, David de Xea va albatta Janluiji Buffon kabi futbol yulduzlari 1-raqamli darvozabonlar hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter