Futbol nimaligini bilmayman!
Sirdaryo viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Abdug‘aniyevga ochiq xat!
Muhtaram Otabek Abduhamidovich!
Yuqoridagi so‘zlar kim tomonidan aytilganini sizga eslatib o‘tishim nojoizdir balki, chunki futbolga qiziqmasligingiz sababli yaqinda «Kun.uz» saytida «Sirdaryoga futbol kerak emasmi?» maqolasini ham o‘qimagan bo‘lsangiz kerak. Ammo, sizga yoqadimi-yo‘qmi, futbol – millionlarning sevimli o‘yini va shunday bo‘lib qoladi. Aytish lozimki, aynan siz viloyatda yuritayotgan yoshlar siyosatining o‘zagini sportsevar, sog‘lom turmushga intiluvchan yoshlar tashkil qiladi. Chunki zamonaviy yoshlar o‘qish, til bilishga qancha qiziqsa sportga ham shuncha qiziqadi. Siz viloyatimizning har bir tumani va shahrida ikkitadan beshtagacha futbol to‘garagi, Guliston shahrining o‘zida o‘nga yaqin futbol to‘garagi borligidan xabardormisiz? Ushbu to‘garaklarda 3 mingdan ziyod bola to‘p surish sirlarini o‘rganayapti. Ulardagi alohida qobiliyatga ega bolalar tanlab olinib, Yangiyer futbol maktabiga yuboriladi. O‘zbekistonda Yangiyer futbol maktabi hamda futbol klubini bilmaydigan odam yo‘q, ayniqsa ko‘p yillar «Yangiyer» klubida to‘p surgan Igor Shkvirin, Gennadiy Denisov, To‘ra Shoymardonov, Gali Imomov, aka-uka Davlatovlar, 2011-yilda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida Sardor Rahmonov, Javlon Mirabdullayev, Abbos Maxsitaliyev, Bobur Davlatov, Asilbek Mansurovlar O‘zbekiston termasi tarkibida muvaffaqiyatli qatnashib, o‘zbek futbolini jahonga tanitishdi.
Siz buni bilmassiz, ammo Lutfulla To‘rayev, Davron Hoshimov, Shohnazar Norbekov kabi bir qator futbolchilar hozirgi kunda ham O‘zbekistonning turli klublarida, Doston Hamdamov esa Rossiyada to‘p surib kelayapti. Lekin qariyb 53 yillik tarixga ega «Yangiyer» futbol klubi bugungi kunda qarzga botib, yopilish arafasida turganidan xabaringiz bor. Chunki «Yangiyer» hamda «Guliston» futbol klublariga moliyaviy yordam so‘rab kirmagan eshigim qolmadi. Albatta, sizga ham shu sohaga mas’ul bo‘lganingiz uchun bir necha bor murojaat qildim. Ammo sizdan yuqoridagi gapni eshitdim.
«Futbol klubi bankrot bo‘lsa, stadionni tortib olishadi-ku?» degan gapimga «Menga nima, qayerda o‘ynatsang o‘sha yerda o‘ynat» degan nojoiz javob qildingiz. Axir sizga viloyatimizda yoshlar siyosatini olib borayotganingiz va ijtimoiy rivojlantirish hamda madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ul shaxs bo‘lganingiz uchun ko‘mak so‘rab borgan edim. Viloyatimiz hokimi G‘afurjon Mirzayevga ham futbol klublarining iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, kelgusida o‘zini o‘zi ta’minlashi bo‘yicha taklif berganman. Ammo klublarni shu kunda oyoqqa turg‘azish uchun dastlabki ko‘mak zarur. Chunki «Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi» MChJ hamda viloyat IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasidan 60 mln. so‘mga yaqin qarzimiz bor. Bundan tashqari xodimlarning ish haqlaridan 90 mln. so‘m va shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasidan 1 mln. so‘mga yaqin qarzni viloyat hokimligi va homiy tashkilotlarning ko‘magisiz to‘lashning iloji yo‘q.
Hurmatli Otabek Abduhamidovich!
Meni xafa qiladigan jihati siz hech bo‘lmasa respublikadan yoki viloyat sport boshqarmasidan mutaxassislar chaqirib, shu ahvolni tekshirib ko‘rishga ham eringaningiz bo‘ldi. Axir yoshlar siyosati deganda turli davralarda chiroyli she’rlar o‘qib beradigan yoki kattalar yozib bergan so‘zlarni to‘tidek takrorlaydigan o‘g‘il-qizlargina emas, balki jamiyatimizda hamma yoshlar nazarda tutilmayaptimi? Bugungi kunda aynan yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik urchib ketdi, Baxt o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Zangiota voyaga yetmaganlar koloniyasida ancha-muncha sirdaryolik yoshlar ham mavjudligi hech kimga sir emas. Yana qanchadan-qanchasi mahallalarda va IIBlarda profilaktik ro‘yxatda turibdi. Agar shu «Guliston» hamda «Yangiyer» klublari faoliyatiga panja orasidan qaralmaganida futbolchilarimiz allaqachon superligada to‘p surayotgan, bu esa o‘g‘il bolalarning futbolga havasini yanada oshirgan, sportsevar yigitlar va sog‘lom turmush tarafdorlari sezilarli darajada ko‘paygan bo‘lardi.
«Kun.uz» saytida chiqqan maqolaga ham siz «hech kim ko‘rmadi, hech kim bilmadi» yo‘sinida munosabatda bo‘lganingiz meni qo‘limga yana bir bor qalam olishga majbur qildi. Chunki sportga, aynan futbolga Prezident Shavkat Mirziyoyevning munosabati siznikidan butkul farq qiladi. Shu yil yanvar oyida Xitoyda bo‘lib o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘alaba qozongan futbol jamoamizni davlat rahbari har tomonlama rag‘batlantirib, shaxsan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Ishontirib aytamanki, «Guliston» hamda «Yangiyer» futbol klublarida ham ana shunday iqtidorli futbolchilar bor va nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro maydonlarda ham munosib to‘p sura olishadi. Ammo siz kabi mas’uliyatini his etmagan rahbarlar tufayli Sirdaryoda bugun futbol klublari sarson-sargardon.
Agar shunday bo‘lmaganda edi, hozir Farg‘onaning «Neftchi» jamoasida to‘p surayotgan Abbos Maxsitaliyev, Muborakning «Mash’al» jamoasida o‘ynayotgan Sardor Rahmonov, Olmaliqning OKMK jamoasida to‘p surayotgan Lutfulla To‘rayev va Xurshidbek Muxtorovlar o‘z tengdoshlari bilan «Guliston» va «Yangiyer» klublarini oliy ligaga olib chiqishga harakat qilgan bo‘lar edi.
Bularning barchasi achchiq, lekin ochiq gaplar. Sirdaryo futboliga endi e’tibor berarsiz...
Hasanboy Egamberdiyev, «Guliston» hamda «Yangiyer» futbol klublari boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter