Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimpiada chempioniga uy va bir umr tekin ovqat berishmoqchi — Filippin

Olimpiada chempioniga uy va bir umr tekin ovqat berishmoqchi — Filippin

Foto: Instagram/c_edrielzxs

Filippinlik Karlos Yulo Parijda ikkita oltin medalni qo‘lga kiritib, vatanida milliy qahramonga aylandi.

Yulo Olimpiada chempioni bo‘lgan ilk erkak sportchi hamda bitta Olimpiya o‘yinida ikkita oltin medal olgan atlet sifatida Filippin tarixiga kirdi.

The Guardian yozishicha, voqeaga mamlakat prezidenti Bongbong Markos Facebook ijtimoiy tarmog‘ida shunday munosabat bildirdi: «Filippin «tarix yozilishiga guvoh bo‘ldi», Yulo sport gimnastikasi bo‘yicha erkin mashqlarda 15 000 ball to‘plab, birinchi mukofotni qo‘lga kiritdi».

Yulo — olimpiya «oltin»iga sazovor bo‘lgan ikkinchi filippinlik. Ilk marotaba mamlakatga Olimpiada chempionligini ayol sportchi — og‘ir atletikachi Xidilin Dias 2020-yilda tuhfa qilgandi.

G‘alabaning ikkinchi kuni Yulo yana bir marta shohsupaga ko‘tarildi — tayanib sakrashda eng yaxshi natija ko‘rsatib, Filippin hisobiga XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining ikkinchi «oltin»ini yozib qo‘ydi.

Ferdinand Martin Romualdes (Filippin parlamenti quyi palatasi spikeri) Karlos Yuloni «sport qahramoni» va «milliy boylik», deya ta’rifladi.

Yuloga xizmatlari uchun davlat tomonidan 3 mln filippin pesosi (52 ming dollar atrofida) va Kongress medali topshiriladi. Bundan tashqari, sportchilarni rag‘batlantiruvchi qonunga ko‘ra, u 10 mln peso (173 ming dollar atrofida) mukofot puli oladi.

Bu hammasi emas. Mamlakatdagi xususiy kompaniyalar uni taqdirlash bo‘yicha bellashuvga kirishib ketgan. Biri to‘liq jihozlangan ikki xonali kvartira sovg‘a qilmoqchi, yana biri esa restoranlardan ovqat yetkazib berishni bir umrga bepul qilmoqchi. Telefon uchun g‘iloflar, avtomobil faralari, fotograf xizmatlari, bepul endoskopiya xizmatlari taklif qilayotganlar ham bor. 

Qolaversa, Yuloga qahva va limonli ichimliklar ishlab chiqarish biznesida ulush taklif etilgan, go‘zallik klinikasi esa 10 mln yevrolik reklama shartnomasi imzolamoqchi. Xullas, bu hali boshlanishi...

«Nima deyishni ham bilmayman. Biz kichik mamlakatmiz, shuning uchun ham oltin medal olish imkoniyati — katta voqea. Medalni meni qo‘llab-quvvatlagan filippin xalqiga bag‘ishlayman», — dedi Karlos Yulo.

Uning qo‘shaloq g‘alabasini filippinliklar butun mamlakat bo‘ylab nishonlashdi. Qahvaxona va restoranlarda kimning ismi Karlos, Kala (laqabi), Edriyel (ikkinchi ismi) bo‘lsa, ovqat va kokteyllar bilan mehmon qilishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring