FIFA prezidenti Ravshan Ermatovni maqtadi
Futbol bo‘yicha jahon chempionati starti oldidan, bugun Rossiya poytaxtidagi «Kempinski otel» mehmonxonasida Osiyo futbol konfederatsiyasining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda FIFA prezidenti Janni Infantino ham ishtirok etdi, deya xabar bermoqda O‘FA rasmiy sayti.
Bu yilgi mundialda qit’amiz sharafini to‘rtta terma jamoa – Eron, Yaponiya, Saudiya Arabistoni va Avstraliya termalari himoya qilishadi. Yig‘ilishda Janni Infantino, qolaversa Osiyo futbol Konfederatsiyasi rahbari Shayx Salmon bin Ibrohim Al Halifa jahon chempionatida ishtirok etuvchi Osiyo terma jamoalari va hakamlarga omad tilagan:
«Osiyoda futbol jadallik bilan rivojlanib boryapti. Umid qilamanki, bu yilgi musobaqada Osiyo terma jamoalari ham o‘zlarini har tomonlama ko‘rsata olishadi. Qolaversa, ayni paytda Osiyoda hakamlik sohasi ham ancha rivojlangan. So‘nggi yillarda ushbu qit’adan bir qator kuchli referilar yetishib chiqdi. Jahon chempionatining final bosqichida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekordchi ham bugungi kunda aynan osiyolik hakam Ravshan Ermatov bo‘lib turgani ham fikrimga isbot bo‘la oladi».
Janni Infantino, FIFA prezidenti
Eslatib o‘tamiz, jahon chempionatida Osiyoning besh karra eng yaxshi hakami, hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshchiligidagi brigada ham ishtirok etadi. Shuningdek, o‘zbek futboli tarixida ilk marotaba Alim Arifov jahon chempionatida komissar vazifasini bajaradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter