Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona hokimi «Neftchi» klubini jiddiy tanqid qildi

Farg‘ona hokimi «Neftchi» klubini jiddiy tanqid qildi

Farg‘ona viloyati hokimi, viloyat futbol federatsiyasi rahbari Xayrullo Bozorov «Neftchi» futbol jamoasi rahbariyati, murabbiylari va futbolchilari bilan uchrashgan.

Tanqidiy ruhda o‘tgan muloqotda:

  • «Neftchi»ning Superliga o‘yinlarida yaxshi natijalar qayd eta olmayotgani;
  • o‘yin tempi borgan sari tushib ketayotgani;
  • aksariyat futbolchilarning jismoniy holati talab darajasida emasligi;
  • asosan himoyaviy o‘yin taktikasi tanlangani bois hujumkorlik yo‘qligi;
  • standart vaziyatlardan unumli foydalanishga e’tibor qaratilmagani;
  • o‘yinchilar o‘rtasida g‘alabaga bo‘lgan ishonch, jamoaviy xarakter mavjud emasligi;
  • jamoada tartib-intizom yaxshi emasligi;
  • rahbariyat va futbolchilar o‘rtasida bir-biriga ishonchsizlik ortib borayotgani;
  • bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov mazkur holatlarning oldini olish uchun yetarlicha ish olib bormayotgani;
  • muxlislar va OAV bilan ishlash, marketing masalalari, futbolchilar va muxlislar o‘rtasida qo‘shma tadbirlar yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani;
  • matbuot xizmati talab darajasida emasligi;
  • klubning ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalarida yetarli faollik yo‘qligi tanqid ostiga olingan.

«Neftchi» futbol jamoasiga Superligaga qaytishi bilan bir qator sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsa-da, hozirda klubda professional darajada ish tashkil qilinmagan.

Joriy yil jamoa tashkil etilganiga 60 yil to‘ladi, biroq bu haqda na OAV orqali e’lon berilgan, na bu katta tadbirga tayyorgarlik ishlari boshlangan.

Shuningdek, klub raisi Zohid G‘ofurovning tajribasizligi, rahbarlik salohiyatining yetarli emasligi ham yuqorida ta’kidlangan muammolarning o‘z vaqtida bartaraf etilmaganiga olib kelgan.

Seleksiya ishlariga e’tiborsizlik natijasida ayni vaqtda «Neftchi» jamoasining 19 yoshli o‘smirlar jamoasi 14-o‘rinda, 21 yoshli o‘smirlar jamoasi esa 11-o‘rinda, ayollar jamoasi esa 10 ta jamoa ichida 9-o‘rinda bormoqda.

Uchrashuvda Farg‘ona shahri hokimi Vosiljon Nazarov klub prezidenti etib tayinlangan. Viloyat hokimi tomonidan unga klub faoliyatini nazoratga olish, marketing, menejment ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, fan-klub bilan samarali hamkorlik o‘rnatish, klub matbuot xizmati faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, klub logotipiga chinor bargi ramzini qaytarish kabi topshiriqlar berilgan.

Ma’lumot uchun, ayni paytda «Neftchi» jamoasi Superliga 11-turidan so‘ng 2 ta g‘alaba, 3 ta durang va 6 ta mag‘lubiyat bilan 9 ochko jamg‘arib, 12-o‘rinda bormoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring