Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Chempionlarni tinch qo‘yishimiz kerak(mi?)

Chempionlarni tinch qo‘yishimiz kerak(mi?)

O‘shanda chempion bo‘lib kelgan bokschilarimiz hammayoqda talash bo‘lib ketdilar.

Foto: O‘zbekiston Boks Federatsiyasi

Yaqinda Xitoyda bo‘lib o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida terma jamoamiz g‘alaba qozondi va hammamizni xursand qildi. Ular qaytishganda yarim tun va sovuq havo bo‘lishiga qaramasdan aeroportda va poytaxtimiz ko‘chalarida yigitlarimizni o‘n minglab yurtdoshlarimiz munosib kutib olish uchun chiqdilar. Ular orasida bosh vazirimizning bo‘lgani ham tahsinga sazovor.

Yana menga eng ma’qul jihati muxlislar ozgina tartibsizlik qilgan bo‘lsalar-da, ortiqcha vaqt yo‘qotmay yarim kechada bo‘lsa ham futbolchilarimizni taqdirlash marosimi o‘tkazilgani bo‘ldi. To‘g‘ri-da, katta g‘alabaga hissa qo‘shgan futbolchilar o‘z uylariga, ota-onalarining oldiga Prezidentimiz sovg‘a qilgan yangi «Malibu» avtomashinalarida kirib borib, ularning ko‘zlarini quvontirishlariga nima yetsin.

Shu o‘rinda boshqa narsa o‘ylantirayapti. Biz shu paytgacha sportning qaysi turi bo‘lsa-da, qit’a yoki jahon darajasida g‘alaba qozonib g‘olib bo‘lgan sportchilarimizni nazarimda haddan ortiq olqishlab, ko‘p sarson qilib yuborganmiz. Yo‘q, men bu yerda ular rag‘batlantirilib mashinalar, kvartiralar yoki boshqa sovg‘alar olganlarini nazarda tutmayapman. Ular katta g‘alabalarga osonlik bilan erishishmagan, sovg‘a berishga arziydi, g‘oliblar shunga loyiqdirlar. Men ularning tinmasdan turli tadbirlarga chaqirilishlarini nazarda tutayapman.

Sportchilar katta g‘alabaga erishib qaytganlaridan keyin bizda turli kerak, nokerak tadbirlar boshlanib ketadi. Hali maktabga, kollejga, OO‘Yuga, radioga, hali televideniyega va hokazo. Ularni ko‘rgan odam borki yopishib suratga tushishga kirishadi, sudraydi, yo‘q deganiga qaramay qayergadir taklif qiladi, rad etsa, kibrli deb xafa bo‘ladi. Oxir-oqibat o‘sha sportchilarda kamida besh-olti oy sport bilan shug‘ullanib, o‘z formasini saqlab turish uchun vaqt ham qolmaydi.

Bu masalada hatto ko‘cha-ko‘yda «Qachon televizorni yoqsang chempion bo‘lib kelgan falon sportchilar. Bu kanalga olsang sportchi ovqat pishirayotgan bo‘ladi, yana bittasiga olsang qo‘shiq aytayotgan bo‘ladi, yana bitta kanalda esa bilimdonlar bilan qo‘shilib savollarga javob topayotgan bo‘ladi. Bular sport bilan qachon shug‘ullanadi?» degan gaplar ham yuradi. Bu gaplar hajviya tarzida aytilgan bo‘lsa-da, lekin ayni haqiqat.

Uzoqqa bormaylik, olimpiada chempionlari bo‘lib kelgan bokschilarimizni eslaylik. O‘shanda chempion bo‘lib kelgan bokschilarimiz hammayoqda talash bo‘lib ketdilar: hali unisi bilan uyoqda tadbir, bunisi bilan buyoqda tadbir. Bokschilarimiz o‘shanda turli telekanallarimizdan bo‘lgan takliflarga yo‘q deya olmay televizorga chiqib ovqat ham pishirdilar, raqsga ham tushib berdilar, hatto ovga chiqib, baliq ham tutib berdilar. Ana shunday tadbir-u, ko‘rsatuvlarda ular qimmatli vaqtlarini va sport formalarini qanchalik yo‘qotishlarini va bunday yo‘qotishlar sportchilarga keyingi musobaqalarda salbiy ta’sir qilishi mumkinligini sportga aloqasi bo‘lmagan kulinariya ko‘rsatuvining rejissyoriday odamlar qayerdan bilsin? To‘g‘ri-da, televideniyedagi bir ko‘rsatuvning muharriri olimpiada chempionini taklif etib ko‘rsatuvining reytingini oshirsa bo‘ldi, qolgani bilan uning nima ishi bor?!

Mashhur bokschilarimizdan biri hatto bunday tаdbirlardan charchaganini ham ochiq aytgandi. Eng yomoni bu holat ayrimlarining sport formasiga salbiy ta’sir qilmay qolmadi, natijalar yomonlashdi. Shunday ekan, o‘sha behuda tadbirlar va ishlarni chempion bo‘lgan futbolchilarimiz bilan takrorlashmaydi, deb umid qilamiz.

Mayli, chempionlarimizni o‘quv maskanlariga borib o‘quvchilar bilan uchrashuv o‘tkazishsin, bu ish yosh avlodni sportga qiziqtiradi, ularning vatanparvar bo‘lib o‘sishlariga turtki bo‘ladi. Ammo shuni ham me’yorida qilish kerak. Endi chempion sportchilarni turli xil bo‘lgan, bo‘lmagan tadbirlarga, teleko‘rsatuvlar-u, radioeshittirishlarga chaqiraverib ularni o‘zlarini mashg‘ulotlaridan, sport bilan vaqtida shug‘ullanishlaridan to‘sib qo‘ymasligimiz lozim.

Aksincha ularga o‘z ustlarida yana qattiqroq ishlashlariga sharoit qilib berish kerak. Ana shunda bu fubolchilarimiz ham oldingi qandaydir musobaqada yaxshi qatnashib kelgan futbolchilarimizga o‘xshab yo‘qolib qolmay yanada uzoqroqqa boradilar va kelajakda Vatanimiz bayrog‘ini yanada yuksakroqqa ko‘taradilar. Hozirda aynan shu futbolchilarimizdan asosiy terma jamoamiz shakllantirilishi masalasi ko‘rilayotgan bir paytda bu nihoyatda muhim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring