Bizga natija bo‘lsa bo‘ldimi? Singapurga qarshi kechgan o‘yinning nimasi yoqmadi?
Kecha, 15 oktabr kuni Jaxon chempionati-2022 saralash musobaqasi, ikkinchi bosqich 4 tur doirasidan o‘rin olgan bahsda O‘zbekiston MTJ mehmonda Singapurni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Bevosita o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, bosh jamoamiz yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Biroq, Yaman bilan bo‘lgan uchrashuvdagi singari murabbiyning imzosi va oldindan o‘ylangan qandaydir kombinatsiyalar ko‘zga tashlanmadi. Aksincha, futbolchilarimizning mahorati evazigagina muvaffaqiyat qozona oldik. Ular shunchaki o‘zlari bilgan futbolni namoyish qildilar, ya’ni hech qanday ko‘rsatma asosida emas, balki qo‘llaridan kelgancha baholi-qudrat harakat qilishdi. Biz faqat tajriba va saviya bobida raqibdan ustun edik, xolos.
Unda gollar qaydan paydo bo‘ldi dersiz?
Eldor Shomurodovning ikkinchi golini inobatga olmaganda, qolgan vaziyatlarda goldan tortib, xavfli xujumlargacha qanotlardan uyushtirildi. Markazdan deyarli xujum tashkil etilmadi, himoya chizig‘ida ham muammolar borligi sezildi. Achinarlisi, futbolchilarimizda 3-turdagi bo‘lgani kabi shijoat va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq yetishmadi. Fikrimcha, Vadim Abramov bosh qotirishi kerak bo‘lgan kamchiliklar hali talaygina.
Yuqoridagi gaplar bilan Abramovni (ham) yomon murabbiyga chiqarmoqchi emasmiz. Abramov boshqaruvida jamoa 2 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa-da, 6 ochko jamg‘arib, guruh yetakchisiga aylandi va bu natija barchamizni birdek xushnud ayladi. Janob Kuper davrida g‘alaba biz uchun bamisoli bir uddalab bo‘lmas vazifaga aylanib ulgurgandi. Aynan Vadim Karlenovich o‘yinga chanqoq bo‘lgan yosh futbolchilarni qo‘rqmasdan asosiy tarkibda maydonga tushirdi. Va bu tavakkal hozircha o‘zini to‘laligicha oqladi, Abramovnig o‘rnida istalgan boshqa mutaxassis bo‘lganda ham bunday qila olmagan bo‘lardi. U futbolchilarga o‘zining falsafasini singdiri uchun ma’lum vaqt kerak bo‘ladi.
Aslini olganda, JChga chiqishni oldiga maqsad qilgan jamoa Singapur, Yaman, Falastin kabi raqiblarni ortiqcha muammosiz mag‘lub etishi lozim.
Ortda qolgan ikki uchrashuv barchamiz uchun juda muhim edi buni yaxshi anglagan Vadim Abramov shogirdlari maksimum natijani qo‘lga kiritishdi. Endilikda Odil Ahmedov ta’biri bilan aytganda o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasdan, faqat olg‘a intilish darkor. Zero, oldinda qit’amizning eng kuchli va nomdor jamoalari turibti. Tartibsiz o‘yin ular bilan bo‘ladigan bellashuvlarda pand berishi hech gap emas. Shunday ekan, Vadim Abramov qiladigan ishlar hali ko‘p. Va buning uchun yetarli vaqt ham, imkoniyat ham mavjud.
Vaqti kelganda Abramov aybni ob-havo va maydon sifatidan qidirmasligini juda istagan bo‘lardim.
Bilol ERKIN
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter