Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Uchranglilar»

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Fransiyaga!
Laqabi: «Ko‘klar», «Uchranglilar».
Konfederatsiya: UYeFA.
Bosh murabbiy: Dide Desham.
Sardor: Ugo Loris.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Lilian Tyuram (142).
To‘purar: Terri Anri (51).
Stadion: «Stad de Frans».
FIFA reytingida: 7 (2018-yil 17-may).
Eng yuqori o‘rin: 1 (2001-yil may – 2002-yil may).
Eng past o‘rin: 27 (2010-yil sentyabr).
Ilk rasmiy o‘yin: Belgiya – Fransiya 3:3 (Bryussel, Belgiya; 1904-yil 1-may).
Eng yirik g‘alaba: Fransiya – Ozarbayjon 10:0 (Oser, Fransiya; 1995-yil 6-sentyabr).
Eng yirik mag‘lubiyat: Daniya – Fransiya 17:1 (London, Angliya; 1908-yil 22-oktyabr).
Jahon chempionatidagi ishtiroki: 14 marta (chempion: 1998-yil).
Yevropa chempionati: 7 marta (chempion: 1984, 2000-yillar).
G‘oya kimdan, g‘olib kim?
Zamonaviy olimpiada g‘oyasini ko‘tarib chiqqan kishi fransuz millatiga mansub Per de Kuberten bo‘lsa, futbol bo‘yicha dastlabki jahon chempionati g‘oyasi muallifi ham aynan Fransiya fuqarosi Jyul Rime hisoblanadi. Garchi g‘oya va tashabbus o‘zlaridan bo‘lsa-da, bosh sovrinni olish fransuz futbolchilari uchun ancha vaqtgacha armon bo‘lib qoldi. Oltin medallarga yaqin kelgan dastlabki «uchranglilar» 1958-yilgi jahon birinchiligida ko‘zga tashlandi. O‘shanda chaqmoq misol yongan fransuz yulduzlari Jyust Fonten, Raymon Kopa va Rober Jonkelar yarim finalga qadar yetib borishdi va braziliyaliklarga imkoniyatni boy berishdi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda nemislarni dog‘da qoldirgan fransuzlar bronza medal bilan cheklanishdi. Shundan so‘ng omadsizliklar girdobida qolgan fransuz futboli 1970-yillarga kelib chempionatga chiqish vazifasini ham uddalay olmadi, hatto Yevropa chempionati ham ularsiz o‘tdi.
Platini bilan Yevropa zabt etildi
Fransiya jahon futboli derjavalaridan biriga aylanishi uchun yana o‘n yilcha vaqt kerak bo‘ldi. Shundan so‘ng fransuz futboli yulduzi Mishel Platini davri boshlandi. U sheriklari Jan Tigana, Patrik Battiston va Alen Jires bilan birgalikda Mishel Idalgo murabbiyligida qadam-baqadam yuqori cho‘qqilarga ko‘tarila boshladi. 1982-yilgi jahon chempionati yarim finaligacha yetib kelgan fransuzlarga medal olib ketish nasib qilmagan bo‘lsa, ikki yil o‘tib Yevropa chempionatida g‘alaba qozonishdi. 1986-yili Meksikada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati mazkur avlod uchun so‘nggi imkoniyat edi va u 1958 yildagi natijani takrorladi.
Jahon chempionatidagi g‘oliblik
1990-yillarda fransuz futbolida Dide Desham, Lilian Tyuram, Loran Blan, Terri Anri, Patrik Viyeyra, Zayniddin Zidan, Emanuel Peti kabi yangi yulduzlar porlay boshladi. Mazkur avlod shu kungacha Fransiya futboli tarixidagi eng omadli va kuchlisi bo‘lgan desak xato bo‘lmaydi. Hammasi 1998-yilgi jahon chempionatidan boshlandi. Guruh o‘yinlarini osonlik bilan yutgan fransuzlar nimchorak finalda paragvayliklarning kuchli qarshiligiga duch kelishdi. Loran Blanning oltin goli mezbonlarga «pley-off» bosqichini davom ettirish imkonini berdi. Chorak finalda Italiyaga qarshi turgan fransiyaliklar o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borishdi. Di Byajoning xatosi «uchranglilar»ni musobaqa kashfiyoti xorvatlarga qarshi yarim final jangiga yetakladi. Bolqonliklar qarshiligi sindirilgach, finalda Braziliya termasiga qarshi qiyin uchrashuv bo‘lishi kutilgandi. Ammo jahon yulduzi Ronaldo va uning sheriklari kutilmaganda Zidanga birinchi bo‘limning o‘zida «dubl» qayd etishi uchun imkoniyat yaratib berishdi. Emmanuel Petining so‘nggi daqiqalardagi goli yirik hisob qad etilishiga zamin yaratdi, xolos.
Keyingi natijalar
Ikki yil o‘tib Fransiya terma jamoasi Yevropa chempionatida ham g‘oliblikka erishdi. Apennin yarimoroli vakillariga qarshi dramatik bahsning qo‘shimcha bo‘limlarida David Trezege kiritgan gol o‘yin taqdirini hal qildi. O‘shandan beri Fransiya termasi har qanday musobaqaning asosiy favoritlari qatorida tilga olinadi. 2006-yilgi jahon chempionatida ular sakkiz yil oldin qilgan ishlarini qaytarishlari ham mumkin edi. Ammo Braziliya va Portugaliyani yarim yo‘lda qoldirib ketgan Raymon Domenek shogirdlari Italiyaga revansh olish imkoniyatini taqdim etishdi. Zidanning Materatssiga kalla qo‘yishi bilan mashhur bo‘lgan o‘yin penaltilar seriyasi bilan yakunlandi. Olti yil oldin qo‘shimcha bo‘limda gol kiritgan Trezege bu safar antiqahramon vazifasini bajardi va o‘n bir metrlik nuqtadan gol urolmadi.
Yangi avlod
10 yil o‘tib yangi avlod bilan Yevropa birinchiligi finaliga qadar yetib kelgan fransuzlar Santush boshliq Portugaliyaga imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalanishdi. Bugungi Fransiya terma jamoasi ekspertlar tomonidan har qachongidan-da kuchliroq deyilmoqda. Yoshlar o‘rtasida o‘zini ko‘rsatgan Pol Pogba, Kilian Mbappe, Usmon Dembele kabi futbolchilar o‘z iste’dodini Rossiya maydonlarida ham ko‘rsatishi kutilmoqda.
Asosiy yulduz
Jamoa tarkibidan asosiy yulduzni alohida ajratib ko‘rsatish qiyin, ammo Desham talablari bilan hisoblashsak, Antuan Grizman boshqalardan bir qadam oldinda ekanligini ko‘ramiz. Avvalo Grizman ikki bora katta musobaqa finalida to‘p surdi. Har safar Pireney yarimoroli vakillari uni musobaqa g‘olibi bo‘lishdan mosuvo qilishdi. Yevropa chempionlari ligasi hamda Yevropa chempionatida ajoyib gollari va sheriklariga keng zonalar yaratib berish orqali Grizman butun jamoani finalgacha yetaklab bordi.
Garchi Grizman faoliyatining katta qismi «Real Sosedad» safida o‘tgan bo‘lsa-da, uning cho‘qqiga chiqishi Madridning «Atletiko»sida sodir bo‘ldi. Uning professional o‘sishi, futbolga bo‘lgan munosabati, yetakchilik xususiyatlari va sportdagi iste’dodining katti qismi murabbiy Diyego Simeonega bog‘lanadi. Argentinalik murabbiy uning iste’dodini sezgach, unga keng imkoniyat yaratdi va maydonda tortinmaslikni o‘rgatdi. Natijada chempionlar ligasida «Barselona» va «Bavariya»ga kiritilgan hal qiluvchi gollar, to‘purarlik bahsida Messi va Krishtianu bilan bellashish uning dunyo futbolidagi o‘rnini bir necha pog‘ona ko‘tardi. Ammo boshqa ko‘pgina futbolchilar qatori uning yulduzli davri ham Krishtianu va Lionel davriga to‘g‘ri kelgani va ko‘pincha ularning soyasida qolib ketishi achinarli hol.
Grizmanning yana bir jihati – klubga sodiqligi. Dahshatli shartnomalar va millionlab yevrolik takliflar uning futbol gigantlari safiga o‘tishi uchun yetarli bo‘lmadi. U «Atletiko»ga FIFA tomonidan qo‘llangan transfer taqiqi vaqtida ham o‘z foydasini o‘ylab, boshqa jamoa safiga o‘tib ketmadi. Ammo klub imkoniyatlari va futbolchining shaxsiy ambitsiyasi o‘rtasidagi tafovut uning boshqa klubga o‘tishi borasidagi mish-mishlar ko‘payishiga zamin yaratmoqda. Bir necha yildan buyon tinmay kelayotgan «Barselona» va «Manchester Yunayted» bilan bog‘liq gap-so‘zlar hamon natija bergani yo‘q. Bo‘lajak chempionat Grizman uchun yangi imkoniyat. U yulduzli sheriklari bilan o‘zining bor imkoniyatini ko‘rsatishi mumkin.
Saralash bahslari
Piterdagi qur’a Fransiyani «A» guruhiga joyladi. Guruhdagi raqiblarga qarab ko‘pchilik «uchranglilar» muvaffaqiyatiga shubha qilmagan edi. Ammo ilk o‘yindagi qoqilish ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. «Borisov-arena»dagi o‘yinda Belarus terma jamoasi darvozasiga yo‘l topa olmagan fransuzlar keyingi to‘rtta o‘yinda g‘alaba qozonishdi. Raqiblar orasida avlodlar almashinuvini boshdan kechirayotgan Hollandiya va Xristo Stoichkov davridan buyon o‘ziga kela olmayotgan Bolgariya terma jamoalari ham bor edi. Pogba va Payetning gollari evaziga «Stad de Frans»dagi shvedlarga qarshi bahs ham g‘alaba bilan yakuni yetdi. Biroq javob o‘yinida «vikinglar» bugungi qahramonlarimizning g‘alabali seriyasiga yakun yasadi. Desham shogirdlarining o‘z uyida Lyuksemburg bilan durang o‘ynashi hammasidan ham o‘tib tushdi. Unga atalgan kulgili memlar UYeFAning rasmiy tvitteridan ham o‘rin olgani natijaning o‘ta kutilmagan ekanligidan dalolat berardi. Ungacha esa Hollandiyani «yanchib tashlagan» fransuzlar keyingi o‘yinlarda yetarlicha ochko jamg‘arishdi va birinchi o‘rin bilan jahon chempionatiga yo‘llanma olishdi.
So‘nggi beshta o‘yin
№ |
Sana |
Raqib |
Hisob |
Gol mualliflari |
Shahar |
1 |
2017-yil 10-noyabr |
Uels |
2:0 |
Grizman, Jiru |
Parij |
2 |
2017-yil 14-noyabr |
Germaniya |
2:2 |
Lyakazet 2 ta |
Kyoln, Germaniya |
3 |
2018-yil 23-mart |
Kolumbiya |
2:3 |
Jiru, Lemar |
Parij |
4 |
2018-yil 27-mart |
Rossiya |
3:1 |
Mbappe 2 ta, Pogba |
Sankt-Peterburg, Rossiya |
5 |
2018-yil 28-may |
Irlandiya |
2:0 |
Jiru, Fekir |
Parij |
Raqiblar
Dekabr qur’asida «S» guruhidan o‘rin olgan «uchranglilar» Daniya, Peru va Avstraliya vakillari bilan to‘qnash keladigan bo‘ldi.
Guruhdagi eng kuchli jamoa bilan so‘nggi turda uchrashadigan fransuzlar ungacha «pley-off» masalasini hal qilishining ehtimoli katta. Ammo Saudiya Arabistonini jahon chempionatiga olib chiqib, Avstraliya bilan Rossiyaga keladigan bosh murabbiy Bert van Marveyk hamda chempionatning so‘nggi yo‘llanmasi egasi Peru terma jamoalarini avvaldan autsayderlar safiga qo‘shish noto‘g‘ri.
«Uchranglilar» avstraliyaliklar bilan jahon birinchiliklarida to‘qnash kelishmagan. Biroq chempionatlar arafasidagi uchta nazorat uchrashuvi va 2001-yilgi Konfederatsiyalar kubogidagi bahslar mazkur jamoalar qarama-qarshiligini boyitib turibdi.
Fransiya va Daniya terma jamoalari 8 marta uchrashgan. «Yevro-1984»da «uchranglilar» kichik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lsa, daniyaliklar qasosi mashhur «Yevro-1992»da ro‘y bergan – 2:1. Qiziq jihati, mazkur jamoalar 1998 — 2002-yillardagi 3 ta yirik xalqaro musobaqada to‘qnash kelishgan. 1998-yilgi jahon va 2000-yilgi Yevropa chempionatida Daniyani o‘yindan tashqarida qoldirgan fransuzlar uzoq sharqdagi chempionatda raqiblariga imkoniyatni boy berishgan.
Yaqinlashib kelayotgan chempionatda «uchranglilar» va «inklar»ning ilk to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter