Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Teranga sherlari»ning navbatdagi hamlasi

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Teranga sherlari»ning navbatdagi hamlasi

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Senegalga!

Laqabi: «Teranga sherlari».

Konfederatsiya: AFK.

Bosh murabbiy: Aliu Sisse.

Sardor: Sheyxu Kuyate.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Anri Kamara (99).

To‘purar: Anri Kamara (29).

Stadion: «Leopold Sengor».

FIFA reytingida: 27 (2018-yil 7-iyun).

Eng yuqori o‘rin: 23 (2017-yil noyabr).

Eng past o‘rin: 100 (1994-yil oktyabr).

Ilk rasmiy o‘yin: Dagomeya – Senegal 3:2 (Kot-Divuar; 1961-yil 31-dekabr).

Eng yirik g‘alaba:  Senegal – Mavrikiy 7:0 (Dakar, Senegal; 2010-yil 9-oktyabr).

Eng yirik mag‘lubiyat:  Chexoslovakiya – Senegal 11:0 (Praga, Chexoslovakiya; 1966-yil 2-noyabr).

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 1 marta (1/4 final).

Afrika millatlar kubogi: 13 marta (vitse-chempion: 2002).

Ilk taassurot

1960-yilda mustaqillikka erishgan Senegal 1965-yilgi Afrika kubogida debyut qildi. Olti ishtirokchi orasida 4-o‘rin yangi tashkil etilgan terma jamoa uchun yomon natija emasdi. Keyingi qit’a chempionatini yana 18 yil kutgan senegalliklar 1980-yillarning ikkinchi yarmiga kelib asta-sekin ijobiy natija ko‘rsata boshlashdi. Bu paytga kelib Fransiyaning «Mets» klubi to‘purari, «PSJ»da ham bir muddat to‘p surgan Jyul Bokande terma jamoaning asosiy futbolchisiga aylangan edi. U bilan birga terma jamoa safida muvaffaqiyatli to‘p surgan «Monako» himoyachisi Roje Mendi,  Parijda o‘ynagan Umar Sen va darvozabon Sheyk Seklarni ko‘rsatish mumkin. Mazkur jamoa ham xalqaro maydonlarda aytarli natijaga erisha olmagan bo‘lsa-da, Senegal termasi qit’a chempionatining doimiy ishtirokchisiga aylangan edi. Yutuqlar zamirida murabbiy Klod Le Ruaning ham hissasi katta. U asos solgan jamoada hozirgi «Manchester Siti» hujumchisi Leroy Sanening otasi Sulaymon ham bor edi. Aynan Sulaymon Sane o‘z murabbiyi sharafiga o‘g‘lining ismini Leroy deb atagan.

Metsyu – Senegal qahramoni!

Atlantika okeani qirg‘oqlariga ungacha murabbiylik sohasida aytarli natija ko‘rsatmagan fransiyalik Bryuno Metsyuning tashrif buyurishi bilan senegalliklar ko‘ksiga shamol tegdi. Uning boshchiligida Osiyodagi jahon chempionatida qatnashgan jamoa katta sensatsiya ko‘rsatdi va sovrindorlar qatoridan o‘rin olishiga oz qoldi. O‘sha chempionatning birinchi uchrashuvidayoq Afrika vakillari kelib chiqishi dakarlik bo‘lgan Patrik Viyeyra va uning fransiyalik jamoadoshlarini yengib hammani hayratda qoldirdi. Pap Buba Diopning goliga amaldagi Yevropa va jahon chempionlari javob bera olishmadi.

Ikkinchi turda Daniya bilan, uchinchi turda Urugvay bilan durang qayd etgan Metsyu shogirdlari «pley-off»da Anri Kamaraning harakatlari evaziga Shvetsiyani mag‘lub etishdi. Chorak finalning qo‘shib berilgan bo‘limlarida turklarga imkoniyatni boy bergan afrikaliklar bir paytlar Valeriy Nepomnyashiyning Kameruni o‘rnatgan rekordni takrorladi.

Rekordchilar safida Yevropaning ko‘plab klublari safida to‘p surib, «Inter»dan yuragidagi muammo tufayli ketgan tezkor futbolchi Xalilu Fadiga, jahon chempionati ramziy terma jamoasiga kiritilgan, keyinchalik «Liverpul» safida o‘zini har jihatdan ko‘rsatgan Hoji Diuf, shuningdek, Diop, Salif Diao, Aliu Sisse va Toni Silva kabi futbolchilar bor edi. Senegal fransuz murabbiyining ikkinchi vataniga aylandi, mahalliy ayolga uylanib islom dinini qabul qildi. Afsuski, Metsyu 2013-yilda 59-yoshida saraton kasalligi tufayli hayotdan ko‘z yumdi.

Porlamagan «yulduzlar»

2002-yilgi jahon chempionatidan keyin fransuz murabbiyi terma jamoani tark etdi. Shundan keyin ham jamoa tarkibida kuchli futbolchilar yetishib chiqa boshladi. «Marsel» safida Fransiya chempionligiga erishgan Mamadu Nyang va Sulaymon Diavara va «Nyukasl»da qisqa muddat porlagan Demba Ba va Papis Demba Sisselarni aytib o‘tish mumkin.

Asosiy yulduz

«Teranga sherlari»ning jahon chempionatidagi asosiy umidi Sadio Mane hisoblanadi. Ko‘pbolali oilada dunyoga kelgan Sadioning yoshligi juda og‘ir kechgan. U futbolchi bo‘lish maqsadida poytaxt Dakarga, «Jenerason Fut» akademiyasiga yo‘l oladi. Yoshligidanoq murabbiylar e’tiborini qozongan Mane Fransiyaning «Mets» klubi skautlari nazariga tushadi. Lotaringiyadagi faoliyati unchalik o‘xshamagach, unga Avstriyaning «Red Bull» jamoasi xaridor bo‘ladi.

Sadio Mane Zalsburgdagi faoliyati davomida London olimpiadasida qatnashadi. Aynan Britaniyadagi turnirda bosh murabbiy Rojer Shmidt qanotlarga imkoniyat beruvchi intensiv pressing uslubini qo‘llab, Sadioning ochilmagan qirralarini ham ochib yuboradi. Turnirdan keyin juda ko‘plab murabbiylar uni o‘z jamoasi safida ko‘rishni xohlaydi. Omadli jamoa esa Angliyaning «Sauthempton»i bo‘ldi. Ronald Kuman boshchiligida katta muvaffaqiyatga erishgan afrikalik yigitcha APL tarixidagi eng tezkor «xet-trik» muallifiga aylandi. Yurgen Klopning «Liverpul»ida yanada ochilgan Sadio mavsumning eng yaxshisi bo‘ldi, klublar safidagi 100-golini kiritdi.

Terma jamoada Mane ko‘p gol kiritmoqda, juda ko‘p foydasi tegadi. Biroq o‘yinga haddan tashqari berilib ketishi uni antiqahramonga aylantirishi ham hech gap emas. So‘nggi Afrika kubogida aynan uning xatosi jamoasiga qimmatga tushdi.

 Saralash bahslari

Senegal terma jamoasi qit’a yetakchilari qatorida saralash bahslarini ikkinchi bosqichdan boshladi. U yerda «Teranga sherlari» Madagaskarni yengib, kuchlilar bosqichiga yetib kelishdi. Aliu Sisse shogirdlari yagona yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun Burkina-Faso, Kabo-Verde va JAR terma jamoalarini ortda qoldirishi lozim edi.

Ilk bahsda Kabo-Verde terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratgan senegalliklar ikkinchi o‘yinda JARga yutqazib, keyingi ikki o‘yinda durang qayd etishdi. Noxolis hakamlik va o‘yinning qaytadan o‘tkazilishi Senegal terma jamoasi uchun foyda keltirdi va u JARdagi mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirib, 3 ochkoga ega bo‘ldi. Aynan ana shu g‘alaba va so‘nggi ikki o‘yinda raqiblarning taslim etilishi «Teranga sherlari»ni 16 yildan so‘ng jahon chempionati final bosqichiga olib chiqdi.

So‘nggi beshta o‘yin 

Sana

Raqib

Hisob

Gol

mualliflari

Shahar

1

2018-yil 23-mart

O‘zbekiston

1:1

Konate Muso

Kasablanka, Marokash

2

2018-yil 27-mart

Bosniya va Gersogovina

0:0

Gavr, Fransiya

3

2018-yil 31-may

Lyuksemburg

0:0

Lyuksemburg

4

2018-yil 8-iyun

Xorvatiya

1:2

Sarr Ismoil

Osiyek, Xorvatiya

5

2018-yil 11-iyun

Janubiy Koreya

2:0

Kim Yen Gvon (avtogol), Konate Muso

Gryodig, Avstriya

Raqiblar

Aliu Sisse shogirdlari jahon chempionati davomida Kaluga shahridagi bazaga joylashishadi. Ilk bahsni Moskvada Polsha termasiga qarshi o‘tkazadigan afrikaliklar keyingi o‘yinlarni o‘tkazish uchun Yekaterinburg va Samara shaharlariga borishadi.

Dastlabki raqib Polsha bilan hech qachon o‘ynamagan Senegal terma jamoasi yaponlar bilan ikki marta o‘rtoqlik o‘yinida ishtirok etgan. «Oltin avlod» davrida bo‘lib o‘tgan har ikki o‘yinda «Teranga sherlari»ning qo‘li baland kelgan.

Kolumbiya terma jamoasi bilan ham ikki marta o‘rtoqlik o‘yinida bellashgan senegalliklar Braziliyadagi chempionat arafasida 2:2 hisobida durang qayd etgan bo‘lsa, uch yil oldin deyarli zaxira tarkibi bilan 0:2 hisobida yutqazgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring