Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Samoviy olimpiyachilar»

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Urugvayga!
Laqabi: «Charrua», «Samoviy olimpiyachilar».
Konfederatsiya: KONMEBOL.
Bosh murabbiy: Oskar Tabares.
Sardor: Diyego Godin.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Maksi Pereyra (124).
To‘purar: Luis Suares (50).
Uy stadioni: Sentenario.
FIFA reytingida: 17 (2018-yil 17-may).
Eng yuqori o‘rin: 2 (2011-yil iyul).
Eng past o‘rin: 76 (1998-yil dekabr).
Ilk rasmiy o‘yin: Urugvay – Argentina 2:3 (Montevideo, Urugvay; 1901-yil 16-may).
Eng yirik g‘alaba: Urugvay – Boliviya 9:0 (Lima, Peru; 1927-yil 6-noyabr).
Eng yirik mag‘lubiyat: Urugvay – Argentina 0:6 (Montevideo, Urugvay; 1902-yil 20-iyul).
Jahon chempionatidagi ishtiroki: 12 marta (chempion: 1930, 1950 yillar).
Amerika kubogi: 39 marta (chempion: 15 marta).
Ilk jahon chempioni va…
Ko‘pchilik Urugvayni futbol bo‘yicha birinchi jahon chempioni sifatida yaxshi biladi. Bu to‘g‘ri, ammo mamlakat futboli ungacha ham juda rivojlangan edi. 1924 va 1928 yilgi olimpiada bahslarida ham aynan urugvaylik futbolchilar g‘olib bo‘lishgani bunga yaqqol misol. 1934 va 1938-yilgi jahon chempionatlarining Yevropada bo‘lishi iqtisodiy jahatdan unchalik baquvvat bo‘lmagan davlat uchun ortiqcha xarajat sifatida baholanadi. Zero, ko‘pgina mutaxassislar bordi-yu Urugvay 1930-yillardagi yana ikkita jahon chempionatida qatnashganida shubhasiz chempion bo‘lishini aytishadi.
Braziliya taslim etildi
Ikkinchi chempionlik dastlabkisidan yigirma yil o‘tib azaliy raqib Braziliya maydonlarida qo‘lga kiritildi. Bayramona bezatilgan muhtasham «Marakana» stadioni mezbonlar tomonidan erishilajak dastlabki g‘alabaga tayyorgarlik ko‘rardi. Ademir, Nilton Santos, Jair, Zizino kabi o‘sha davr yulduzlari Urugvayni yanchib tashlashga tayyor edi. Hal qiluvchi final bahsi oldidan Rio-de-Janeyro va uning atrofidagi shaharlar mezbonlar g‘alabasini ifoda etuvchi turli ko‘rinishdagi plakatlar bilan to‘lib ketgan bo‘lsa-da, o‘yin urugvayliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Stadionga yig‘ilgan yuz ming muxlis mamlakat tarixidagi eng katta (2016-yilning yozigacha, albatta) sharmandalikning guvohi bo‘lishdi. Hal qiluvchi to‘pni kelib chiqishi italiyalik bo‘lgan Alsides Gijja kiritdi.
Keyingi «hayot»
Urugvay futbolining keyingi muvaffaqiyatlari ko‘proq klublar miqyosida qo‘lga kiritilgan. Poytaxtning «Nasional» va «Penyarol» jamoalari Libertadores kubogini tez-tez qo‘lga kiritib turishardi. Terma jamoa esa shundan keyin jahon chempionati sovrindorlari qatoridan joy ola bilmadi. Ikki bor ular bronza medallarga yaqin kelishgan edi. Ammo 1970-yili Meksikadagi chempionatning yarim finalida Xuan Muxiko va Viktor Esparrago kabi yetakchilariga ega urugvayliklar Pele boshliq Braziliyaga yutqazishgan bo‘lsa, 2010-yili JARda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Niderlandiya to‘sig‘idan o‘ta olishmadi. Ammo Diyego Forlan, Luis Suares, Diyego Lugano kabi futbolchilar bilan bir yildan so‘ng Amerika kubogida zafar quchib, o‘n besh yillik sovrinsizlikka chek qo‘yishdi.
Asosiy yulduz
Bugungi Urugvayda ikkita asosiy yulduz bor. Biri Edison Kavani, ikkinchisi Luis Suares! Agar bittasini tanlash kerak bo‘lsa, tarozi pallasi baribir «Barselona» hujumchisi tomoniga og‘ib ketadi. 30 yoshli hujumchi to‘purarlik qobiliyatining yuksak cho‘qqisiga aynan Kataloniya klubida erishdi. U birinchi marta JARdagi chempionatning Ganaga qarshi chorak finalida darvozabondan o‘tgan to‘pni qo‘li bilan qaytarib, qaysidir ma’noda jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan va butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgandi.
Braziliyadagi chempionat uning yangi qirralarini ochdi. Raqibining qulog‘ini tashlab olishi uni futboldan to‘rt oyga badarg‘a qildi. Ana shunday holatda ham dunyoning eng kuchli klubiga transfer qilingan futbolchi keyinchalik futbol tarixidagi eng kuchli «trio»ning a’zosiga aylandi. Suaressiz Urugvay qanday bo‘lishini «Kopa Sentenario»da ko‘rdik. Kavani terma jamoaga yetakchilik qila olmadi. Hatto jarohatlangan sherigi bilan bo‘lgan raqobatda ham u mag‘lubiyatga uchradi. Suares bo‘lmasa «Charrua»ga nafaqat to‘purar hujumchi, balki o‘yinga dard, kuch va mazmun olib kiradigan odam yetishmaydi.
Saralash bahslari
Birinchi davrada Ekvador va Braziliya bilan bahslardagina ochko yo‘qotgan Oskar Tabares shogirdlari saralash bahslarini ancha ishonchli tarzda boshlashdi. Keyingi qoqilish Lionel Messi boshliq argentinaliklarga qarshi mehmondagi o‘yinda yuz berdi.
Jismoniy toliqish va bosh murabbiyning betobligi terma jamoa o‘yinlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. 2017-yilni 3 ta ketma-ket mag‘lubiyat bilan boshlagan Urugvay terma jamoasining ahvoli yomonlasha boshladi. Ayniqsa, autsayder Venesuelaga ochko taqdim etilishi vaziyat jiddiylashayotganidan dalolat berardi. Ammo asosiy raqobatchilarning oqsashlari Urugvay terma jamoasi ahvolini so‘nggi tur oldidan juda yaxshi holatga olib keldi. Ular jahon chempionatiga chiqish uchun mahalliy «Sentenario»da motivatsiyasiz qolgan Boliviya terma jamoasi bilan kamida durang o‘ynashlari kifoya qilardi. Vazifa ortig‘i bilan uddalandi, so‘nggi bahsda 4:2 hisobida g‘alaba qozongan «Charrua» ketma-ket uchinchi marta jahon chempionati final qismiga yo‘llanma oldi.
So‘nggi beshta o‘yin
№ |
Sana |
Raqib |
Hisob |
Gol mualliflari |
Shahar |
1 |
2017-yil 11-oktyabr |
Boliviya |
4:2 |
Kasares, Kavani, Suares 2 ta |
Montevideo, Urugvay |
2 |
2017-yil 10-noyabr |
Polsha |
0:0 |
– |
Varshava, Polsha |
3 |
2017-yil 14-noyabr |
Avstriya |
1:2 |
Kavani |
Vena, Avstriya |
4 |
2018-yil 23-mart |
Chexiya |
2:0 |
Suares, Kavani |
Szinan, Xitoy |
5 |
2018-yil 26-mart |
Uels |
1:0 |
Kavani |
Nannin, Xitoy |
Raqiblar
Urugvayliklar bo‘lajak chempionat qur’asidan xursand bo‘lishlari turgan gap. Sababi guruh bahslarida ular kuchsizroq jamoalar bilan ro‘baro‘ kelishadi. Masalan, birinchi savatdagi mezbon Rossiya o‘rnida Braziliya yoki Germaniya terma jamoalari bo‘lishi ham mumkin edi. Guruhdagi qolgan jamoalar ham jahon chempionatida tajribasiz hisoblangan Misr va Osiyo vakili Saudiya Arabistonidir.
Butun Rossiya ahli so‘nggi turgacha Urugvay terma jamoasi keyingi bosqich masalasini hal etishidan umidvor bo‘lsa ajab emas. Zero, uchinchi turdagi motivatsiyasiz Urugvay bilan birinchi turda har qanday holatda ham ochko olishga intiladigan Urugvayning farqi bor.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, Urugvay terma jamoasi guruh bahslaridagi jamoalar bilan biror marta ham rasmiy o‘yinlarda uchrashmagan. Agar Rossiyani sobiq SSSRning vorisi sifatida baholasak, 48 yil oldin Mekiskada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati chorak final bahsida urugvayliklar kichik hisobda g‘alaba qozonishgan
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter