Bitta kubok uchun 32 jamoa: «nemis mashinasi» yo‘lga tushdi

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Yevropa qit’asidan saralash bahslari orqali ikkinchi bo‘lib manzilga yetib kelgan Germaniya terma jamoasiga!
Laqabi: «Nationalelf» (milliy o‘n bir), «Mannschaft» (Jamoa), «Adler» (Lochinlar).
Konfederatsiya: UYeFA.
Bosh murabbiy: Yoaxim Lyov.
Sardor: Jerom Boateng.
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Lotar Matteus (150).
To‘purar: Miroslav Kloze (71 gol).
FIFA reytingida: 1 (2018-yil 12-aprel).
Eng yuqori o‘rin: 1 (1992-yil dekabr, 1993-yil avgust, 1993-yil dekabr, 1994-yil fevral-mart, 1994-yil iyun, 2014-yil iyun–2015-yil iyul, 2016-yil iyul, 2017-yil sentyabr–2018-yil aprel).
Eng past o‘rin: 22 (2006-yil mart).
Ilk o‘yin: Shveysariya – Germaniya 5:3 (Bazel, Shveysariya; 1908-yil 5-aprel).
Eng yirik g‘alaba: Germaniya – Rossiya imperiyasi 16:0 (Stokholm, Shvetsiya; 1912-yil 1-iyul).
Eng yirik mag‘lubiyat: Angliya – Germaniya 9:0 (Oksford, Angliya; 1909-yil 13-mart).
Jahon chempionatidagi ishtiroki: 18 marta (chempion: 4 marta).
Yevropa chempionatidagi ishtiroki: 12 marta (chempion: 3 marta).
Tanishuv
Amaldagi jahon chempioni Germaniya 1908-yildan FIFA, 1954-yildan UYeFA a’zosi sanaladi. Bugungi kundagi Germaniya terma jamoasi tarixdagi Veymar respublikasi, Uchinchi reyx va Germaniya federativ respublikasining vorisidir. Germaniya futbol federatsiyasi sharqiy Germaniyaning Frankfurt shahrida joylashgan. Germaniya bilan bog‘liq 1950 – 1956-yillarda Saar terma jamoasi, 1952-yildan to 1990-yilgacha Germaniya demokratik respublikasi faoliyat yuritgan.
Sovrinlar
Germaniya qo‘lga kiritilgan sovrinlar bo‘yicha dunyoning birinchi jamoasi hisoblanadi. Ular hisobida to‘rtta jahon va uchta Yevropa kubogi mavjud. Shuningdek terma jamoa hisobida jahon chempionatining to‘rttadan kumush va bronza medallari hamda Yevropa chempionatining uchtadan kumush va bronza medallari bor. Germaniya terma jamoasi amaldagi konfederatsiyalar kubogi g‘olibi sanaladi.
Oldin dubl
Nemislar Yevropada oltin dubl qayd etgan ilk milliy terma jamoa hisoblanadi. 1972-yilda Yevropa chempionatida g‘olib bo‘lgan «bundestim» ikki yildan so‘ng jamoa sardori Frans Bekkenbauer boshchiligida «jahon»ni zabt etishgan. Keyinchalik bunday natijaga Fransiya va Ispaniya ham erishdi. 2014-yili nemislar ketma-ket to‘rtta jahon chempionatida sovrindorlar qatoridan joy olgan ilk terma jamoaga aylandi (2002-yil kumush, 2006 va 2010-yillar bronza, 2014-yil oltin).
Ilk o‘yinlar
1899-yildan 1901-yilgacha nemislar va inglizlar o‘rtasida beshta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilgan. Ba’zi manbalarda aynan shu o‘yinlar «bundestim»ning ilk rasmiy o‘yinlari sifatida qayd etiladi. Inglizlarning g‘alabalari bilan yakunlangan mazkur bahslarni nemislar rasmiy o‘yin sifatida qabul qilishmaydi. Ammo mazkur o‘yinlar tashkilotchisi sanalgan Valter Benseman nemis futbolining asoschisi sifatida tan olinadi.
1900-yilda nemis futbol uyushmasi tashkil etilgach, mutasaddilar doimiy terma jamoa tuzish haqida bosh qotirishdi. 1908-yilning 5-aprelida ilk rasmiy o‘yin Shveysariyaga qarshi o‘tkazildi. Bazeldagi «Landxof» stadionida o‘tkazilgan o‘yin mezbonlarning 5:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Mazkur jamoalar ishtirokidagi roppa-rosa bir yildan so‘ng Karlsrueda o‘tkazilgan o‘yinda nemislar o‘z tarixidagi ilk g‘alabani qo‘lga kiritishdi – 1:0. 2008-yilning 26-martida birinchi o‘yinning yuz yillik yubileyi arafasida Germaniya terma jamoasi yana o‘sha eski raqib Shveysariyaga qarshi o‘zlarining hisob bo‘yicha 800-o‘yinlarini o‘tkazishdi va 4:0 hisobida g‘alaba qozonishdi.
Dastlabki turnir va rekord hisob
Terma jamoa uchun ilk yirik turnir 1912-yildagi olimpiada bo‘ldi. Debyut turnirning birinchi bosqichidayoq Avstriyaga yirik hisobda (1:5) yutqazib qo‘ygan jamoa yana bir bahsda Rossiya imperiyasini yanada yirikroq 16:0 hisobida yengdi va bu natija bugungi kungacha Germaniya uchun rekord, Rossiya uchun antirekord hisoblanadi.
FIFAga a’zolik va katta g‘alaba!
FIFA tomonidan 1942-yilda diskalifikatsiya qilingan Germaniya urushdan keyin a’zolikni qaytarish haqida o‘ylay boshladi. Bu borada ularga Shveysariya yordam berdi. Ikki davlat klublari doirasida bir nechta o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazildi. Xorij matbuotining tanqidlariga qaramay 1950-yilning sentyabrida Germaniya FIFAning to‘laqonli a’zosiga aylandi. 1950-yilning 22-noyabrida Shtutgartda urushdan keyingi ilk o‘rtoqlik uchrashuvi Germaniya va Shveysariya terma jamoalari ishtirokida o‘tkazildi va nemislarning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
1954-yili Shveysariyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati guruh o‘yinida o‘sha paytdagi dunyo yetakchisi Vengriyaga yirik hisobda yutqazganida ko‘pchilik Germaniyaning kuchiga ishonmaydi. «Pley-off» orqali finalga chiqqach esa yana o‘sha vengerlar bilan oltin medal uchun kurashadi. Mashhur Ferens Pushkash boshliq vengerlar finalda sensatsion tarzda mag‘lub etiladi va Germaniya o‘z tarixidagi ilk oltin medalni qo‘lga kiritadi.
Keyingi yutuqlar
Jahon chempionatidagi ikkinchi muvaffaqiyat dastlabkisidan 20 yil o‘tib qo‘lga kiritildi. O‘z uyida o‘tgan chempionatda nemislarning ishongan hujumchisi Gerd Myuller Hollandiyaga qarshi final o‘yinida hal qiluvchi golni kiritdi.
1990-yilgi jahon chempionatida Germaniya Lotar Matteus va Yurgen Klinsman kabi yulduzlar bilan navbatdagi oltin medalni qo‘lga kiritdi. Maradona boshliq Argentinani finalda mag‘lub etgan «nemis mashinasi» xuddi Braziliya va Italiya singari uch karra jahon chempioniga aylandi. Nemislar ustozi Frans Bekkenbauer esa ham futbolchi, ham murabbiy sifatida oltin medalni qo‘lga kiritgan insonlardan biri bo‘ldi.
Nihoyat so‘nggi chempionlik hech kimning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Yoaxim Lyov boshchiligida Braziliya maydonlarida «raqs tushgan» nemislar yarim finalda mezbonlarni yirik hisobda mag‘lub etgach finaldagi raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar favorit deya e’tirof etilishlari aniq edi. Biroq Messi boshliq Argentina osonlikcha tan beradiganlardan emasdi. O‘yin qo‘shimcha taymlargacha yetib bordi va zaxiradan maydonga tushgan Mario Gyotse oltin medallarni taqdim etuvchi golni raqib darvozasiga kiritdi. Turnir davomida Miroslav Kloze braziliyalik Ronaldoni ortda qoldirib, 16 ta gol bilan jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar degan nomni qo‘lga kiritdi.
Asosiy yulduz
Germaniya terma jamoasida yulduz futbolchilar ko‘p. Ularning har biri kuchli chempionatlarning yetakchisi hisoblanadi. Alohida sifatlariga to‘xtalsangiz ularning bir-biridan kuchli taraflari ham bisyor. Masalan, Toni Kroos hujumni boshlash bo‘yicha namuna ko‘rsatsa, Mas’ud O‘zil so‘nggi pasni qoyillatadi, yosh Leroy Sane dunyoning eng tezkor futbolchilaridan biri. Gap qandaydir natija va dunyo futbolida qoldiriladigan iz haqida ketar ekan, bu sifatlarning barchasi ikkinchi darajali bo‘lib qoladi.
Rossiyadagi chempionat Tomas Myuller uchun hamyurti Miroslav Klozening rekordini yangilash va familiyadoshi Gerd singari futbol tarixida qolish uchun ajoyib imkoniyat. Bavariyaning Vaylxaym shaharchasida tug‘ilgan bolakayning orzusi o‘z mintaqasining eng kuchli klubida to‘p surish edi. Uning orzusi 11 yoshida, yoshlar jamoasiga qo‘shilganida ilk bor amalga oshdi. Feliks Magat nazariga tushgan yigitcha yoshlar bo‘yicha mutaxassis Lui van Gal davrida katta futbolga kirib keldi. U ilk to‘laqonli mavsumida «Bavariya» bilan chempionlar ligasi finaliga qadar yetib bordi, terma jamoasi bilan jahon chempionatida ishtirok etdi. JARdagi chempionatda jarohat olgan Mixael Ballakning raqamida maydonga tushgan yosh yigitchadan hech kim mo‘’jiza kutmagandi. Biroq Tomas Angliyani tor-mor qilishga katta hissa qo‘shdi, Maradonaning Argentinasini boshi berk ko‘chaga olib kirdi, bronza medali uchun Urugvayga qarshi kechgan o‘yinda ham gol urdi. Natijada o‘zining 20 yoshida jahon chempionatining eng yaxshi to‘purariga atalgan «oltin butsa» sohibiga aylandi.
Myullerning fantastik texnikasi yo‘q, u o‘yinni yaxshi tushunadi va «ochilish»ni qoyillatadi, sheriklarining harakatini yaxshi his qiladi. Bu xususiyatlar barcha murabbiylarga to‘g‘ri keladi va u asosiy tarkibdan o‘rin oladi. Tomas ana shunday o‘yini bilan terma jamoa va klubida muhim o‘yinchiga aylandi va bundesliganing to‘purarlari ro‘yxatida bormoqda. U terma jamoaning vitse-kapitani sanaladi. Uchinchi urinishda klubi bilan chempionlar ligasida g‘alaba qozondi va Braziliyadagi chempionatda Portugaliya darvozasiga 3 ta to‘p kiritib, JARdagi to‘purarlik natijasini takrorladi. Ajablanarli fakt shuki, chempionatda to‘purarlik qobiliyatini namoyish etayotgan Tomas Yevropa birinchiligida haligacha birorta gol urmagan. Bu xatoni tuzatish uchun 28 yoshli nemis futbolchisida hali vaqt bor.
Saralash bahslari
Saralash bahslaridagi raqiblar borasida Lyov shogirdlarining omadi keldi. Ular Yevropaning o‘rtamiyona jamoasi Shimoliy Irlandiya, avlodlar almashinuvini boshdan o‘tkazayotgan Chexiya, anchadan buyon saralash bahslaridan nariga o‘tolmayotgan Norvegiya, Ozarbayjon va autsayder San-Marino bilan bir guruhdan o‘rin oldi. Ortiqcha muammoga duch kelmagan bosh murabbiy Yoaxim Lyov turli sxemalarni sinab ko‘rib, barcha o‘yinlarni o‘z foydasiga hal etdi. Saralash bahslarining asosiy qahramonlaridan biri 9 ta golli pasga mualliflik qilgan yosh futbolchi Joshua Kimmix bo‘ldi.
So‘nggi beshta o‘yin
№ |
Sana |
Raqib |
Hisob |
Gol mualliflari |
Shahar |
1 |
2017-yil 8-oktyabr |
Ozarbayjon |
5:1 |
Goretska (2), Vagner, Ryudiger, Jan |
Kayzerslautern |
2 |
2017-yil 10-noyabr |
Angliya |
0:0 |
– |
London, Angliya |
3 |
2017-yil 14-noyabr |
Fransiya |
2:2 |
Verner, Shtindl |
Kyoln |
4 |
2018-yil 23-mart |
Ispaniya |
1:1 |
Myuller |
Dyusseldorf |
5 |
2018-yil 27-mart |
Braziliya |
0:1 |
– |
Berlin |
Raqiblar
Nemislar ilk o‘yinini Rossiya poytaxtida Meksikaga qarshi o‘tkazadi. Bu jamoani Lyovning yoshartirilgan tarkibi o‘tgan yilgi Konfederatsiyalar kubogidagi mag‘lub etgandi. Mazkur jamoalar ishtirokidagi 4 o‘yinning uchtasida nemislar yutgan bo‘lsa, bir marta durang qayd etilgan.
Guruhdagi yana bir raqib Shvetsiya bilan umumiy hisobda 13 marta to‘qnash kelgan Germaniya terma jamoasi bir marta yutqazgan, xolos. So‘nggi paytlardagi uchrashuvlarni yodga oladigan bo‘lsak, «JCh-2014» saralash bahslari bu ikki terma jamoani bir-biriga ro‘baru qilgan. Esingizda bo‘lsa, o‘sha uchrashuvda Ibrohimovich boshliq shvedlar 0:4 hisobini duranggacha olib borgan edi.
Shu kungacha bo‘lib o‘tgan Koreyaga qarshi ikki uchrashuv ham nemislarning g‘alabasi bilan tugagan. 2002-yildagi yarim final bahsida Guus Xiddink boshchiligidagi koreyaliklarning finalga chiqishiga hakamlar ham yordam bera olishmagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter