Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Kofechilar»ning niyati jiddiy!

Bitta kubok uchun 32 jamoa: «Kofechilar»ning niyati jiddiy!

Foto: SmotriSport.TV

Futbol bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchilari haqidagi turkum maqolalarni saytimizda e’lon qilishda davom etamiz. Navbat Kolumbiyaga!

Laqabi: «Kofechilar».

Konfederatsiya: KONMEBOL.

Bosh murabbiy: Xose Pekerman.

Sardor: Xames Rodriges.

Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: Karlos Valderrama (111).

To‘purar: Radamel Falkao Garsiya (26).

Uy stadioni: «Metropolitano Roberto Melendes».

FIFA reytingida: 16 (2018-yil 7-iyun).

Eng yuqori o‘rin: 3 (2013-yil iyul-avgust, 2014-yil sentyabr – 2015-yil mart, 2016-yil iyun-iyul).

Eng past o‘rin: 54 (2011-yil iyun).

Ilk rasmiy o‘yin: Meksika Kolumbiya 3:1 (Panama, Panama; 1938-yil 10-fevral).

Eng yirik g‘alaba:  Bahrayn – Kolumbiya 0:6 (ar-Riffa, Bahrayn; 2015-yil 26-mart).

Eng yirik mag‘lubiyat: Braziliya – Kolumbiya 9:0 (Lima, Peru; 1957-yil 24-mart).

Jahon chempionatidagi ishtiroki: 6 (1/4 final: 2014-yil).

Amerika kubogi: 17 marta (chempion: 2001).

 «Eldorado» davri

1936-yilda KONMEBOL a’zosiga aylangan Kolumbiya to‘qqiz yil o‘tib birinchi marta Amerika kubogida ishtirok etdi. «Kofechilar» uchun «Eldorado» davri juda ahamiyatli sanaladi. Gap shundaki, 1940-yillarning oxirida mahalliy liga rahbariyati hamda FIFA o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib, mamlakat chempionati xalqaro tashkilot nazoratidan chetda qoladi va klublar transfer borasida o‘z bilganicha ish tuta boshlaydi. Baxtli tasodifni qarangki, o‘sha paytda futboli rivojlangan qo‘shni Argentinada futbolchilar ish tashlash qilishadi. Maradona vatandoshlari yoppasiga qo‘shni mamlakat klublariga o‘tib keta boshlaydi. Vaziyat shu darajaga yetadiki, ba’zi klublarning deyarli barcha o‘yinchilari argentinaliklar edi. Masalan, o‘sha paytdagi eng sovrindor jamoa hisoblangan «Milonarios» klubining asosiy tarkibidagi 10 ta (ulardan biri mashhur Alfredo di Stefano edi) futbolchi argentinalik bo‘lib, shu holatda bir necha bor chempionlik shohsupasiga ko‘tarilishgan. Shunday qilib FIFA Kolumbiya terma jamoasiga bir necha yil xalqaro o‘yinlar o‘tkazishiga ruxsat bermadi.

Taqiqning olib tashlanishi Kolumbiyaga ijobiy ta’sir qildi va u 1962-yilda birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etdi. Chilida o‘tgan chempionatda o‘z guruhida so‘nggi o‘rinni olib, uyga qaytgan kolumbiyaliklarning keyingi muvaffaqiyati 1975-yildagi Amerika kubogi bo‘ldi. Unda «kofechilar» peruliklarga finalni boy berishdi.

20-asr yulduzlari

1987-yilgi Amerika kubogida bronza medalini qo‘lga kiritgan kolumbiyaliklar tarkibida birinchilardan bo‘lib Yevropa klublarida to‘p tepgan Leonel Alvares, mashhur «chayon zarbasi»ning muallifi, bugungi kunda «Atletiko Nasional» klubi bosh murabbiyi Rene Igita, kuchli hujumchi Falkao, milliy terma jamoaning sobiq to‘purari Arnoldo Iguaran, shuningdek, milliy terma jamoada eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan antiqa sochli Karlos Valderramalarni ko‘rsatish mumkin.

Keyinchalik ularga Madridning «Real» klubidagi faoliyati orqali tanish bo‘lgan Freddi Rinkon, o‘sha jamoa himoya ustuni Luis Karlos Perea, hujumchi Viktor Aristisabal, Libertadores kubogining ikki karra sohibi darvozabon Oskar Kordoba, Kolumbiya terma jamoasi tarixidagi eng kuchli hujumchilardan biri, «Parma» bilan ikki marta UYeFA kubogini yutib olgan Faustino Asprilya, shuningdek Italiyaning «Inter» klubida chempionlar ligasida g‘olib chiqqan ilk kolumbiyalik Ivan Kordobalar qo‘shildi.

«Oltin avlod»ning muvaffaqiyatlarini bosh murabbiy Fransisko Maturanasiz tasavvur qilish qiyin edi. Aynan uning boshchiligida 28 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionatiga yo‘llanma olgan terma jamoa ilk bor «pley-off» bosqichiga chiqishga musharraf bo‘ldi. Kamerunlik Roje Millaning dubli «kofechilar»ni 1/4 finaldan mosuvo qildi. Aynan shu jamoa tarkibida futbol tarixidagi ayanchli hikoya qahramoni Andres Eskobar o‘ynagan. Maturana bilan AQShda o‘tgan chempionatga safar qilgan terma jamoaga bu safar omad kulib boqmadi.

Ilk xalqaro sovrin

Maturananing iste’fosidan so‘ng terma jamoani Ernan Dario Gomes boshqardi. Yangi murabbiy boshchiligida jamoa 1998 yili Fransiyadagi chempionatning guruh bahslarida Ruminiya, Angliya va Tunis futbolchilariga qarshi kurash olib bordi.

Ammo faqatgina afrikalik raqiblarini mag‘lub etgan janubiy amerikaliklar guruhdan chiqish masalasini hal eta olishmadi. Terma jamoa boshqaruviga Maturananing qaytishi shu kungacha eng yirik sovrinning yutib olinishiga sabab bo‘ldi. 2001-yili o‘z uyida bo‘lib o‘tgan Amerika kubogining final bahsida meksikaliklarni mag‘lub etgan Kolumbiya terma jamoasi futbolchilari ilk xalqaro sovrinni qo‘lga kiritishdi.

Yangi jamoa

2012-yilda milliy terma jamoa ustozligiga Xose Pekerman keldi. Jamoa tarkibida esa David Ospina, Karlos Bakka va Radamel Falkao kabi yangi nomlar paydo bo‘ldi. Sal keyinroq ular safiga Xames Rodriges ismli yulduz qo‘shildi. Braziliyadagi chempionatda «C» guruhidan o‘rin olgan kolumbiyaliklar «pley-off» yo‘llanmasini osongina hal qilishdi. U yerda Urugvayni yenggan Xemes jamoadoshlari chorak finalda mezbonlarga taslim bo‘ldi. Terma jamoa darvozaboni Farid Mondragon Yaponiyaga qarshi bahsda zaxiradan maydonga tushib, 43 yoshu 3 kunligida jahon chempionati tarixidagi eng yoshi katta futbolchi degan nomni qo‘lga kiritdi.

Asosiy yulduz

Kukuta shahrida ulg‘aygan va hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilari soni bo‘yicha faqatgina Messi, Ronaldu va Neymardan ortda qolayotgan kolumbiyalik yulduz Xemes Rodriges faoliyatini «Envigado» klubida 15 yoshida boshlagan. Ajoyib dribling va maydonni ko‘rish qobiliyati uni Argentinaning «Banfild»iga chorladi. Kolumbiya yoshlar termasida ham o‘zini ko‘rsatgan yigitcha 11 o‘yinda 8 golga mualliflik qildi.

Rodriges Yevropaga kelganida ham hech kim uni yaxshi tanimas edi. «Portu»dagi faoliyati davomida u Xalk bilan birgalikda «ajdarlar»ning muhim elementiga aylandi va uch marta ichki chempionatda g‘olib chiqdi. Xames 20 yoshida termadagi sherigi David Ospinaning singlisi Danielaga uylandi. Portugaliyaga kelgach futbol bilan birgalikda o‘qishni ham esdan chiqarmadi va «tizim muhandisi» ma’lumotini oldi.

«Monako» klubi tomonidan 45 million yevroga sotib olingan kolumbiyalik futbolchi Fransiya chempionatining barcha o‘yinlarida ishtirok etdi va 1-liganing eng yaxshi assistenti degan nomni qo‘lga kiritdi. Braziliya maydonlarida deyarli har bir o‘yinda gol kiritgan Xames Yevropaning kuchli klublari nazariga tushdi. Madridning «Real» klubi uning uchun 80 million yevroni ayamadi.

Anchelotti davrida Rodrigesning yulduzlik davri boshlandi. Hatto qirollik klubining yakka yulduzi Ronaldu ham unga hasad qila boshladi. Ammo italiyalik murabbiyning jamoani tark etishi kolumbiyalik yulduz faoliyatiga ham jiddiy ta’sir o‘tkazdi. Zayniddin Zidan pleymeykerni asosiy tarkib o‘yinchilari safida ko‘rmadi. Bir necha oydan so‘ng fransuz murabbiyi va Xames o‘rtasidagi nizo ommaviy axborot vositalarining asosiy mavzusiga aylandi. Ustiga-ustak oilaviy kelishmovchiliklar ham Xemesga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Vaziyatni o‘zgartirish uchun «Bavariya» taklifini qabul qilgan kolumbiyalik futbolchini Germaniyada sobiq ustozi «Karlo ota» kutib turardi. Biroq Xemesning Germaniyada porlashi Yupp Xaynkes davriga to‘g‘ri keldi. «Boboy»ning o‘zi esa uni «xudoning «Bavariya»ga bergan sovg‘asi» deb atadi. U so‘nggi 7 uchrashuvdagi 11 golda ishtirok etdi.

Saralash bahslari

Saralash bahslarini Peruga qarshi ishonchli g‘alaba bilan boshlagan Pekerman shogirdlari birinchi davradan keyin yo‘llanma taqdim etuvchi to‘rtinchi o‘rinda borishardi. Ammo ikkinchi davra boshidagi kutilmagan duranglar va asosiy raqiblardan biri Paragvayga imkoniyat boy berilishi Kolumbiya terma jamoasi ahvolini biroz yomonlashtirdi. So‘nggi bahs oldidan Pekerman shogirdlari peruliklarni oldinga o‘tkazib yubormasliklari lozim edi. Motivatsiyasiz qolgan Braziliya termasi Chiliga yutqazishi yoki Argentinaning Ekvador maydonida ochko yo‘qotishi vaziyatni yanada chigallashtirib yuborishi mumkin edi. Ammo bunday bo‘lmadi: Messi Kitoda xet-trik qayd etib jamoasini oldinga boshladi; Braziliya kerakmas o‘yinda ham Chilini yengdi! «Kofechilar»ning o‘zi esa  peruliklar bilan durang o‘ynab, to‘rtinchi o‘rinni saqlab qolishdi.

So‘nggi beshta o‘yin

Sana

Raqib

Hisob

Gol

mualliflari

Shahar

1

2017-yil 10-noyabr

Janubiy Koreya

1:2

Sapata

Suvon, Janubiy Koreya

2

2017-yil 14-noyabr

Xitoy

4:0

Pardo, Bakka, Borxa 2 ta

Chunsin, Xitoy

3

2018-yil 24-mart

Fransiya

3:2

Murel, Falkao, Kintero

Parij, Fransiya

4

2018-yil 27-mart

Avstraliya

0:0

London, Angliya

5

2018-yil 2-iyun

Misr

0:0

Bergamo, Italiya

Raqiblar

O‘zlariga maskan sifatida Tataristonning tog‘li bazasini tanlagan kolumbiyaliklar Polshaga qarshi ikkinchi tur o‘yinini markaz – Qozonda o‘tkazishadi. Saranskdagi ilk o‘yin Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazilsa, guruh o‘yinlarining so‘nggisi Samaradagi stadionda Senegalga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Polyaklar bilan ilk marta 1972-yildagi Myunxen olimpiadasida kuch sinashgan kolumbiyaliklar 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lishgan. Keyingi o‘yinlar o‘rtoqlik maqomida bo‘lib, unda ko‘proq janubiy amerikaliklar ustunlik qilishgan. Jamoalar ishtirokidagi so‘nggi bahs 2006-yilda bo‘lib o‘tgan va kolumbiyalik mehmonlar raqiblarini 2:1 hisobida mag‘lub etishgan.

Senegal terma jamoasi bilan yagona bahs Braziliyadagi chempionat arafasida nazorat uchrashuvi ko‘rinishida o‘tkazilib, 2:2 hisobida yakuniga yetgan.

Yaponlarga qarshi dastlabki bahs 2003-yilgi Konfederatsiyalar kubogi doirasida o‘tkazilib, unda kolumbiyaliklar kichik hisobda ustunlik qilishgan. So‘nggi jahon chempionati guruh bahsida esa Yaponiya yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan – 1:4.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring