Bahodir Jalolov yana Olimpiadaga boradi. Bugun 5 bokschimiz jangga kirishadi

Avval xabar qilganimizdek, Iordaniya poytaxti Amman shahrida Tokio Olimpiadasi uchun boks bo‘yicha litsenzion turnir o‘tkazilmoqda.
Osiyo va Okeaniya mintaqasi bokschilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan turnirning hal qiluvchi pallasi kecha boshlandi. Sababi buyog‘iga jangni g‘alaba bilan tugatgan sportchi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida qatnashish uchun yo‘llanmani naqd qiladi.
Kechagi bahslar o‘zbekistonlik bokschilar uchun juda omadli boshlangan edi. Kunning ikkinchi yarmida bahslarga kirishgan Bobousmon Baturov va Sanjar Tursunovlar musobaqaning yarim finaliga yo‘l olgan holda Tokio chiptasini o‘zlariniki qilishdi.
Shundan so‘ng, kechki dasturlarda yana uch nafar hamyurtimiz yo‘llanma uchun kurash olib borishi kerak edi. Ammo, janglarda ishtirok etgan uch bokschimizdan faqat Bahodir Jalolov o‘z raqibini taslim eta oldi va yo‘llanmani naqd qildi.
E’tiborlisi, Jalolov musobaqadagi ilk jangidayoq yo‘llanma masalasini hal etdi. U jangni bahraynlik Danis Latipovga qarshi o‘tkazdi va g‘alaba qozondi.
Kechki dasturlarda ringga ko‘tarilgan Fanat Qahramonov va Maftuna Meliyeva musobaqadagi ilk mag‘lubiyatlarini tan olishdi. Shunday bo‘lsa-da, Fanat Qahramonovda Olimpiadaga borish imkoniyati saqlanib turibdi.
Ma’lumot uchun, musobaqaning bugungi yettinchi kuni doirasida 5 nafar vakilimiz Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tarilishadi.
-51 kg: Tursunoy Rahimova – Xsyao-Ven Xuang (Xitoy Taypeyi)
-52 kg: Shahobiddin Zoirov – Omid Ahmadisafa (Eron)
-57 kg: Mirazizbek Mirzaxalilov – Sing Yu Tso (Gongkong)
-60 kg: Rayhona Qodirova – Sudaporn Sisondi (Tailand)
-63 kg: Elnur Abduraimov – Garsayd Xarrison (Avstraliya).
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter