Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bahodir Jalolov: «Klichko uslubida jang qilaman»

Bahodir Jalolov: «Klichko uslubida jang qilaman»

Foto: «Sports.uz»

Boks olamida super og‘ir vazn toifasi «vaznlarning qiroli» hisoblanadi. Mazkur vaznda Temur Ibragimov, Ruslan Chagayev kabi mashhur bokschilarimiz faoliyat olib borishgan. Hozirda ularning davomchisi sifatida Osiyo chempioni, jahon chempionati bronza medali sovrindori Bahodir Jalolov ham profringda ilk qadamlarini qo‘ymoqda. «SPORTS.uz» sayti Bahodir bilan uyushtirilgan eksklyuziv intervyuni havola etdi.

– Bahodir professional ringdagi keyingi jangingiz qachonga rejalashtirilgan. Raqib kim bo‘lishi mumkin?

– Hozir 3 bosqichli tayyorgarlik jarayonini boshlash arafasidaman. 6 iyun kuni Qirg‘izistonga uchib ketaman. U yerda yarim og‘ir vaznda WBA yo‘nalishi chempioni rossiyalik Dmitriy Bivol va og‘ir vaznli kuchli bokschilardan biri Sergey Kuzminlar bilan o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazamiz. U yerdan qaytgach, ikkinchi bosqich Sankt-Peterburg shahrida bo‘ladi. Uchinchi bosqich uchun Amerikaga ketamiz. Nasib etsa, yaqin ikki oyda navbatdagi jangimni o‘tkazib, NABF chempionlik kamarimni himoya qilaman. Raqibim kim bo‘lishi 1 oy ichida aniqlanadi.

– Promouterlar bilan kelishgan holda raqib tanlash imkoniyati bormi, yoki faqat ular taklif qilgan bokschi bilan jang qilasizmi?

– Hozir faqat promouterlarim aytgan raqib bilan bellashaman. Hali u qadar kuchli bokschi bilan ringda uchrashganim yo‘q. Super og‘ir vaznda raqobat juda yuqori ekanligini inobatga olib, promouterlarim yana bir yil davomida reyting janglarini o‘tkazishni, kerakli ko‘nikma va tajribani orttirib, keyin esa kuchli o‘ntalik, yigirmatalikka kirgan bokschilarni ringga chaqirishni rejalashtirishgan.

– Jo Joys, Ivan Dichko kabi kuchli bokschilar bilan havaskorda jang qilgansiz. Ikkisi ham hozir professionalda. Ulardan revansh olish rejangizda bormi?

 Shubhasiz, Joys va Dichkoni prof ringda mag‘lub etishni niyat qilganman. Ularni hozir ham jangga chaqira olaman. Biroq, ayni paytda men ham, ular ham reytingda yuqorilash uchun harakat qilyapmiz. Faoliyatimizning bu davrida ringda uchrashish har birimiz uchun nojoiz deb bilaman. Kareramizni rivojlantirib, yuqori reytinglardan mukammal o‘rin egallab, undan keyin chempionlik kamarlari uchun katta janglar tashkil qilsak arziydi.

– Amerikada mashg‘ulotlar o‘tkazyapsiz. AQShlik bokschilar esa dunyoda eng kuchlilardan. Ularda shakllangan boks maktabiga qanday baho berasiz?

– Tan olish kerak, Amerika va Meksikada professional boks juda ilg‘orlab ketgan. Chunki ular havaskor boksga u qadar e’tibor qaratmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri profiga qadam qo‘yishadi. Lekin g‘urur bilan ayta olamanki, hozirgi kunda havaskorlarda o‘zbek boksi dunyoda yetakchi. Hamma tan beradigan Kubani ham ortda qoldirdik. Osiyoning eng kuchli jamoasi deb topilishimiz, Rio olimpiadasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashimiz ham fikrimga dalil bo‘ladi.

–   Bir oy muqaddam Osiyo chempioni bo‘ldingiz. Tokio olimpiadasi uchun saralash musobaqalarida qatnashasizmi?

– Albatta. Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati va olimpiada o‘yinlariga litsenziya beriladigan saralash musobaqalarda ishtirok etib, nasib etsa Tokio olimpiadasiga borishni maqsad qilganman.

– Jang olib borish uslubingizni aka-uka Klichkolarga qiyoslashadi. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

– (Kuladi) bolaligimdan o‘zbek Klichkosi deb hazillashib kelishadi. O‘zim ham sobiq mutloq jahon chempioni Vladimir Klichkoning janglarini tomosha qilib, u kabi bokschi bo‘lishga havas qilardim. Murabbiylarim ham Klichkoga o‘xshab jang qilsang, yaxshi natijalarga erishasan deyishardi. Shuning uchun, raqiblarimga qarshi ko‘pincha Klichko uslubida jang qilaman.

– AQShda qaysi kuchli bokschilar bilan sparringlar o‘tkazdingiz?

– AQShda bir necha nomdor bokschilar bilan sparring ishladim. Shular sirasiga nokautga uchratuvchi zarbasi bilan tanilgan kubalik Luis «King Kong» Ortis va ikki marta oltin kamar uchun jang qilgan Dominik Brizil bilan sparringlar o‘tkazdim. Xabaringiz bor, Ortis ham, Brizil ham WBC yo‘nalishining amaldagi chempioni Deontey Uaylder bilan bahs olib borishgan. Yana bir yangilik, promouterlarim yaqin vaqt ichida meni Deontey Uaylderga sparring raqib qilib jo‘natishmoqchi.

– Bahodir, sportda erishgan natijalaringizni munosib baholagan holda, kuni kecha Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan sizga uy hadya etildi. Qanday hissiyotlarni boshdan kechiryapsiz?

– Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan uy sovg‘a qilinishi, menga bildirilgan katta ishonch va rag‘bat deb bilaman. Shu o‘rinda viloyat hokimi va hokimligiga, prezidentimizga, duogo‘ylarimga va meni qo‘llab-quvvatlab turgan barcha yurtdoshlarimizga o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Professional boksda ham, olimpiada o‘yinlarida ham g‘olib bo‘lib, O‘zbekiston dovrug‘ini dunyoga tanitib, ishonchingizni oqlashga va’da beraman.

– Bahodir, maroqli suhbatingiz uchun rahmat. Mashaqqatli faoliyatingizda zafarlar tilab qolamiz.

 Rahmat.

Fazliddin Husniddinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring