Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Babayan mojarosi» davom etadi. «Lokomotiv» klubi O‘FAdan tushuntirish so‘radi

«Babayan mojarosi» davom etadi. «Lokomotiv» klubi O‘FAdan tushuntirish so‘radi

Toshkentning «Lokomotiv» klubi bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rasmiy saytida e’lon qilingan «Samvel Babayan «Bunyodkor» kafilligi ostida O‘FA Ijroqo‘mi tomonidan afv etilgan» sarlavhali maqola bo‘yicha O‘FA matbuot xizmatidan tushuntirish so‘radi.


Mavzuga oid: «Umrbod chetlatilgan» Babayan 15 kundayoq oqlangan ekan. O‘FA buni bir yil o‘tib e’lon qildi


Klub bildirgan e’tiroz quyidagicha:

Bunda ma’lum muddat tanaffusdan so‘ng shu yilning 26-fevral sanasidan boshlab «Lokomotiv» professional futbol klubi Prezident maslahatchisi sifatida ish boshlagan Samvel Babayanning o‘zbek futbolidan chetlatilgani hamda keyinchalik O‘FA Ijroqo‘mi ishni ko‘rib chiqishi natijasida yana qaytarilgani haqida gap borgan.

Xabar bilan to‘liq quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

«Lokomotiv» PFKning e’tiroziga sabab bo‘lgan jumla esa xabar oxirida keltirilgan. Unda shunday deyiladi: «O‘FA bundan buyon Samvel Babayan O‘zbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan «Lokomotiv» futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi».

Bundan buyon Samvel Babayanning hech qaysi terma jamoada ishlashiga yo‘l qo‘ymasligi bu O‘FAning masalasi, bunga klub aralasha olmaydi. Lekin nima sababdan xabar «Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan «Lokomotiv» futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi» degan gap bilan tugagan, «Lokomotiv» PFK shunisiga hayron.

Oxirgi gapda «Keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan «Lokomotiv» futbol klubining qaroriga…» degan joyini qanday tushunish kerak? Bu «Lokomotiv» Babayansiz o‘z faoliyatini tasavvur qila olmaydi degan ma’noni beryaptimi? Yoki Babayansiz jamoa yo‘q demoqchimi? Ma’lumki, «Lokomotiv» futbol klubi shu paytgacha uch marta O‘zbekiston milliy chempionati, uch marta O‘zbekiston Kubogi hamda ikki bor O‘zbekiston Superkubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va bularning birortasida Samvel Babayanning qo‘li bo‘lmagan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, klub shu paytgacha Samvel Babayansiz ham o‘z maqsadi yo‘lida davom etgan va bugungi kunga kelib «Lokomotiv» PFK rahbariyati taklifiga binoan o‘zbek futbolidagi yetuk mutaxassislardan biri Samvel Vyacheslavovich klub rivojiga yanada hissa qo‘shsin degan yaxshi niyatlar bilan klub Prezidenti maslahatchisi lavozimiga qabul qilindi.

Gapning ochig‘i, xabar bilan tanishib chiqqan «Lokomotiv» PFK rahbariyatiga oxirgi jumla yoqmadi. «Lokomotiv» yaqqol bir kishining shaxsiy klubi emas. Bu «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga tegishli tashkilot hisoblanadi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ homiyligi ostida turli musobaqalarda ishtirok etadi. Qolaversa, «Lokomotiv» qaysidir shaxssiz tasavvur qilib bo‘lmaydigan klub ham emas. O‘tgan yillar ichida qancha odam ishlab ketdi, lekin poyezd mudom o‘z temiryo‘li ustida yurgani kabi «Lokomotiv» ham o‘zi tanlab olgan yo‘l bo‘yicha odimlashda davom etmoqda.

O‘FA rasmiy saytida keltirilgan xabardan kelib chiqqan holda «Lokomotiv» PFK rahbariyati O‘FA matbuot xizmatidan oxirgi jumla uchun tushuntirish berishni so‘raydi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra har bir inson kasbiy faoliyat yuritish huquqiga ega ekanligini eslatib o‘tadi, deyiladi «Lokomotiv» PFK matbuot xizmati xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring